Tibbiy ko‘rik qanday va qachon o‘tkazilishi kerak?
Tibbiy ko‘rik qanday va qachon o‘tkazilishi kerak?

 

Har qanday mamlakatning qudrati intellektual salohiyati bilan belgilanishida muhim hikmat bor. Hammamiz uchun aziz bo‘lgan yurtimizda ta’lim va tarbiya masalasiga katta e’tibor berilayotgani zamirida ulug‘, ezgu maqsadlar mujassam. Bu boradagi har bir yangilik va yaxshilikni xalqimiz yurak-yurakdan sezib turganiga aminman.

Ta’limda ilg‘or davlatlar ilm-fan, texnika sohasida, umumtaraqqiyotda yetakchilikni qo‘lga kiritayotgani sir emas. Shuning uchun ham ta’lim tizimini kompleks rivojlantirishGA, malakali kadrlar tayyorlash maqsadlariga katta kuch va mablag‘lar yo‘naltirilmoqda. Maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’lim tizimlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatida sifat o‘zgarishlari ro‘y bermoqda.

Kuni kecha Prezidentimiz boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda maktab ta’limini tubdan rivojlantirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar belgilandi. Butunlay yangicha g‘oya va tashabbuslar ilgari surildi.

Zamonaviy dunyoda intellektual va ijtimoiy kapital davlatlar taraqqiyotida tobora muhim o‘rin egallamoqda. Bunday sharoitda zamonaviy sifatli bilim berishga asoslangan ta’limgina mamlakatning raqobatbardoshligini kafolatlay oladi. Ushbu jarayonda nostandart, kreativ va tanqidiy fikrlash, yuqori intellektual salohiyatga ega mutaxassislarga talab ortadi.

Keyingi yillarda pedagog va o‘qituvchilarni yillar davomida o‘ylantirib, qiynab kelgan ko‘plab masalalar Prezidentimizning qat’iy siyosiy irodasi, cheksiz va samimiy mehri bilan oqilona hal etildi. Pedagoglarning hurmati joyiga qo‘yildi. Ham ma’nan, ham huquqiy, ham ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimlar yaratildi. Kechagi majlisda ham yana ko‘plab imkoniyatlar yaratib berilishi qayd etildi. Bunday yangilik va yaxshiliklardan nafaqat o‘qituvchilar, balki har bir yurtdoshimiz xursand, mamnun, desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘qituvchilik tabiatan fidoyilikni, doimiy mas’uliyatni taqozo etadigan soha. Ayniqsa, barcha masalalar bosqichma-bosqich hal etib berilayotgan paytda har bir pedagog burchimizga qanchalik sadoqatli bo‘la olyapmiz, yosh avlod o‘rnak va ibrat olishi uchun qanday ma’naviy jasorat ko‘rsatamiz, deb o‘ziga savol berayotgan bo‘lsa kerak, albatta.

Zamonaviy o‘qituvchi qanday bo‘lishi kerak? Bu juda muhim savol.

Mustaqillik davrida ushbu masala ko‘plab olimlarning, ziyoli ahlining, ota-onalarning diqqat-e’tiborida bo‘ldi. O‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar, darsliklar yaratila boshlandi, bu sohada izlanishlar, ilmiy-tadqiqotlar qizg‘in davom etmoqda.

Global o‘zgarishlar, fan-texnika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining kun sayin rivojlanib borishi XXI asr o‘qituvchisidan pedagogik mahoratni, o‘tkir irodani, pedagogik-psixologik bilimlarni, o‘z fanini chuqur bilishni va yuksak tafakkurni, siyosiy savodxonlikni, fikrlash doirasi keng va mulohazali bo‘lishni talab qiladi.

O‘qituvchi, muallim, murabbiy, umumiy qilib aytganda, pedagoglar qanday xislatlarga ega bo‘lishi kerak?

Albatta, bu haqda ko‘pchilikning o‘z fikri, mustaqil qarashi bor.

Tibbiyot xodimi sifatida, fikrimizcha, u avvalo har tomonlama sog‘lom inson bo‘lishi lozim. Ulug‘ Konfutsiy “Xohlasangiz, mehribon bo‘ling, qo‘lingizdan kelsa, dono bo‘ling, lekin siz doimo sog‘lom bo‘lishingiz shart”, deb aytgan ekan. Joriy yil 30 aprel kuni xalqimiz tomonidan ma’qullangan yangilangan Konstitutsiyada ham har bir fuqaroning salomatligi himoya qilinishi va ta’lim olishi haqidagi kafolatlar mustahkamlab qo‘yildi.

Xo‘sh, kelajagimiz bunyodkorlariga ta’lim-tarbiya berayotgan pedagoglarning bugungi salomatlik ko‘rsatkichlari qanday?

Ma’lumki, “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning 45-moddasida (davlat ta’lim muassasalari va tashkilotlari uchun) pedagoglar davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tishi belgilab qo‘yilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligining 200-buyrug‘i asosida har yili o‘qituvchi-pedagoglar tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Ammo bir necha yildan beri tibbiy ko‘rik ro‘yxatiga kiritilgan tekshiruvlarning ba’zilari pullik asosda (barcha fuqarolarga) bajarilgani sababli o‘rtada ziddiyat va tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda edi.

Hurmatli Prezidentimiz ushbu muammoga alohida e’tibor qaratib, barcha pedagoglar tibbiy ko‘rikdan, albatta, bepul o‘tishlari lozimligini belgilab berdilar.

Pedagogning salomatligi unga ta’sir ko‘rsatuvchi bir qator omillarga bog‘liq. Ulardan asosiylari bu – hayot tarzi, tashqi muhit, kasbiy faoliyat omillari ta’siridir.

Agar bizning jismoniy va ruhiy salomatligimiz asosida ijtimoiy farovonlik turishini inobatga olsak, jismoniy salomatlik ruhiy salomatlikni belgilashi va ular birgalikda kasbiy salomatlikka asos bo‘lishini ko‘ramiz.

Pedagoglar ijtimoiy farovonligining ahamiyati kun sayin oshib borishi pedagoglar salomatligini tiklashda yangi tibbiy-psixologik-ijtimoiy profilaktika yo‘nalishini rivojlantirishni taqozo etmoqda. Pedagoglik kasbini xavf guruhidagi kasblar tarkibiga kiritish mumkin.

Uzoq vaqt band bo‘lishdan tashqari salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarga intensiv nutq yuklamasi, ruhiy-asabiy toliqish, ko‘rish qobiliyatining zo‘riqishi, kam harakatlilik, sinf xonalarida kasallik qo‘zg‘atuvchilar miqdori oshib borishini kiritish mumkin.

Xorijdagi o‘rganishlar natijasida 54 foiz pedagoglarda ortiqcha vazn borligi, 70 foizida esa tayanch-harakat tizimida buzilishlar aniqlangan. Asab tizimidagi buzilishlar 10 yillik faoliyatdan so‘ng 35 foiz pedagoglarda, 15 yildan so‘ng 40 foizida, 20 yildan so‘ng esa 50 foizida aniqlangan ekan.

Ta’lim tashkilotlari xodimlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdan maqsad, bir tomondan, pedagog xodimning bolalar bilan ishlash imkoniyatini aniqlash bo‘lsa, ikkinchi tomondan, pedagogdagi kasbiy kasallik yoki umumiy kasalliklarni boshlang‘ich holatida aniqlash va ularning rivojlanib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikdir.

Adliya vazirligining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini tahlil qilish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuratura, Xalq ta’limi, Maktabgacha va maktab ta’limi, Moliya, Sog‘liqni saqlash, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan kelishilib belgilangan tartibda hukumatga kiritildi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, Mehnat kodeksining 214-moddasida ish beruvchi mehnat shartnomasi tuzish chog‘ida dastlabki tarzda va keyinchalik (ish davomida) vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil qilishi shart bo‘lgan xodimlar ro‘yxati ko‘rsatilgan hamda tibbiy ko‘riklardan o‘tilishi munosabati bilan xodimlar chiqimdor bo‘lmasligi belgilangan.

Tahlillarga ko‘ra, qonunchilikda tibbiy ko‘riklar qaysi mablag‘lar hisobidan o‘tkazilishi nazarda tutilmaganligi oqibatida umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarining bevosita bolalarga ta’lim va tarbiya berish bilan mashg‘ul bo‘lgan pedagog va boshqa xodimlari o‘zlarining shaxsiy mablag‘lari hisobidan sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi o‘tkazgan davra suhbatida aynan ushbu masalalar sog‘liqni saqlash va ta’lim vazirliklari mutasaddilari ishtirokida muhokama qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, respublika bo‘yicha maktablar va ularning filiallarida jami 507321 nafar pedagog mehnat qiladi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotida bu raqam 517573 ga teng, ma’lumot berilgan kunga qadar ularning 363154 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. 154416 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan. Lekin tibbiy ko‘rikdan o‘tgan pedagoglarda qanday kasalliklar aniqlangani, ularni davolash haqida yetarli ma’lumot yo‘q.

Sog‘liqni saqlash vazirligi pedagoglar tibbiy ko‘rigi uchun jami 16097 mln, undan maktab o‘qituvchilari uchun 13617 mln, tarbiyachilar uchun 2480 mln ajratildi, deb ma’lumot bergan. Lekin mablag‘lar manbasi, uning ishlatilish holati bo‘yicha axborot taqdim etilmadi

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Nima uchun tibbiy ko‘rik yangi o‘quv yili oldidan o‘tkaziladi? Uni avvalroq o‘tkazib, ta’til davrida pedagogni sog‘lomlashtirish maqsadga muvofiq emasmi?..

Masala bo‘yicha yana bir taklif bermoqchimiz, maktablarimizda o‘qituvchi va o‘quvchi, o‘qituvchi va o‘qituvchi, o‘qituvchi va rahbariyat o‘rtasidagi turli ko‘rinishlardagi ziddiyatlar ijtimoiy tarmoqlar orqali aholi muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. Bunday salbiy holatlarning oldini olish uchun, albatta, har bir pedagog psixolog maslahatidan o‘tishi lozim, deb hisoblaymiz.

Vazirlik-idoralar mutasaddilari, sohalar mutaxassislari, faollarimiz, ota-onalar yuqorida keltirilgan masalalarda o‘z fikr-mulohazalari, takliflari bilan o‘rtoqlashadi, degan umiddamiz.

 

Maqsuda Vorisova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 1.09.2022, №33-34-35

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish