Ehtiyojmand aholiga imkoniyatlar va yangiliklar
Ehtiyojmand aholiga imkoniyatlar va yangiliklar

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Media markazida «Ijtimoiy himoya yagona reyestri: ehtiyojmand aholiga imkoniyatlar va yangiliklar» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi mas’ullari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, hamkor tashkilotlar vakillari, partiya faollari va yoshlar ishtirok etdi.


«Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi — idoralararo elektron o‘zaro hamkorlikni qo‘llagan holda kam ta’minlangan oilalarni aniqlash, ularga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash hamda davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordamni olish uchun murojaat qiluvchilar va oluvchilar to‘g‘risida yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish amalga oshiriladigan avtomatlashtirilgan axborot tizimidir.

Davra suhbatida kam ta’minlangan oilalarni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash holatini o‘rganish yakunlari muhokama qilindi. O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi Boshqarma boshlig‘i Boymurat Yusupov o‘z ma’ruzasida keyingi yillarda kam ta’minlangan aholi qatlamlarini kambag‘allikdan chiqarish, ularni ijtimoiy himoya qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilgani, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» mana shu ishlarning amaliy ifodasi ekanini e’tirof etib ztdi. Ammo chekka hududlarda hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalarni misollar yordamida tushuntirib berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Kambag‘allikni qisqartirish, hokim yordamchilari faoliyatini muvofiqlashtirish Boshqarmasi bosh mutaxassisi Sardorbek Xatamov oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish va ularni kambag‘allikdan chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtatilib, yechimini kutayotgan masalalarni hal qilish borasida ishlar davom ettirilayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Muloqotda deputatlar joylarda jamoatchilik nazorati orqali aniqlanayotgan masalalar, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» bazasini shakllantirishda yo‘l qo‘yilayotgan boshqa kamchiliklarni ham sanab o‘tib, shaffoflik va xolislikni yanada kuchaytirish yuzasidan o‘z takliflarini berdilar.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish