Taraqqiyotimizga xizmat qiluvchi maqsadlar
Taraqqiyotimizga xizmat qiluvchi maqsadlar

 

Keng jamoatchilik muhokamasidan so‘ng qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimizning kelgusi yetti yil davomidagi rivoji asosiy yo‘nalishlarini belgilab bergani bilan ahamiyatli. Strategiyada uning maqsadlari va samaradorlik ko‘rsatkichlari oson qabul qilish va tushunish uchun qulay shaklda ifodalangan bo‘lib, 5 ta yo‘nalish bo‘yicha 100 ta maqsad nazarda tutilgan. Strategiyani amalga oshirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha, jumladan, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etish, kambag‘allikni ikki barobarga kamaytirish, maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 100 foizga yetkazish, mahalla budjeti tizimini to‘liq ishga tushirish, davlat xizmatlarini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, suvni ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish, respublika hududining yashillik darajasini 30 foizga yetkazish kabi qator maqsadli ko‘rsatkichlar bizni farovonlik sari yetaklaydi.

Muhtaram Prezidentimiz yaqinda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovidagi saylovoldi dasturlarida keyingi 7 yilda ta’lim va tibbiyot tizimini tubdan rivojlantirish borasida aniq maqsadli rejalarni e’lon qilgan edi. Aynan dasturda bildirilgan ushbu yo‘nalishlardagi fikrlar, rejalar, takliflar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida aks ettirilib, eng birinchi navbatda ta’lim va tibbiyot tizimidagi islohotlarga asosiy e’tibor qaratilmoqda. Pedagog kadrlar maqomini oshirish, ularning bilimi va malakasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida ming nafar tarbiyachi va o‘qituvchilarni xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining o‘quv yuklamasini 16 soat, yuqori sinf o‘qituvchilariga esa 18 soat etib belgilash, olis va chekka hududlarda joylashgan 715 umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun bepul maktab avtobuslarini yo‘lga qo‘yish kabi masalalar ham o‘rin olgan.

Ta’lim tizimining barcha bosqichlarida boshlangan islohotlar jadallik bilan davom ettirilishi maqsad qilinmoqda. 2023-2030 yillarda bolalarni maktabgacha ta’lim va tayyorlov guruhlari bilan qamrab olish darajasi 100 foizga yetkaziladi. Buning uchun 2 mingta yangi bog‘cha bunyod etiladi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari 100 foiz toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan ta’minlanadi. Shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim tizimida “Ta’lim uchun qulay muhit” dasturi amalga oshiriladi. Natijada, 2023/2024 o‘quv yildan boshlab har yili 500 ming yangi quvvatlar tashkil etilib, o‘quv o‘rinlari soni 7,5 millionga yetkazildi. 2,5 million o‘quvchi o‘rniga ega maktablar qurishga 8 milliard dollar ajratiladi.

Ushbu jarayonlarda o‘quvchi-yoshlarimizning oliy ta’lim olishga bo‘lgan intilishlarini ham to‘laqonli qamrab olishga alohida e’tibor qaratiladi. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi kamida 50 foizga yetkazilib, davlat granti asosidagi qabul parametrlari 2 barobarga oshiriladi. “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi va “ikki diplomli tizim” joriy qilinadi. 5 ta oliy ta’lim muassasasi milliy tadqiqot oliygohlariga aylantirilib, qo‘shimcha 120 ming o‘rinli o‘quv binolari hamda 150 ming o‘rinli talabalar turar joylari quriladi.

Qaror bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yo‘nalishi bo‘yicha 2023 yilga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Unda, jumladan, maktablarda 1-sinfdan kompyuter savodxonligi darslarini joriy etish, 5 ming nafargacha professor-o‘qituvchilarni tajriba almashish uchun, 200 nafargacha yosh olimlarni ilmiy daraja olish uchun tanlov asosida xorijiy ilmiy tashkilotlarga yuborish, Buxoro shahrida Jadidlar muzeyini tashkil qilish nazarda tutilgan. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan to‘yintirilgan non mahsulotlari berilishi yo‘lga qo‘yilishi belgilanayotgani ham yurtimizda inson qadri birinchi o‘ringa qo‘yilayotganining yaqqol isbotidir.

Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir va Xonqa tumanlarida eksperiment tariqasida, barcha boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta’lim planshetlari bilan ta’minlash, kelgusida mazkur tajriba respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilanayotgani O‘zbekistonda intellektual salohiyatli avlodni tarbiyalashga e’tibor kuchligidan dalolat beradi. Vaholanki, dunyodagi bugungi murakkab sharoitda hamma davlatning ham ta’lim sohasiga bu qadar katta e’tibor qarata olmayotganligini ham ta’kidlash joiz.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining har bir bandi mamlakatimiz taraqqiyotiga, xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladi. Demakki, bu har birimizning hayotimiz uchun juda muhim dastur hisoblanadi. Shunday ekan bu jarayonlarda har bir yurtdoshimizning faol ishtirok etishi muhim hisoblanadi. Xulosa qilib aytganda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 5 ta yo‘nalishi va 100 ta maqsadlari doirasida mamlakatimizni kelgusi yetti yilda jadal rivojlantirish orqali dunyoning eng rivojlangan davlatlari safidan o‘rin olishiga erishish belgilangan. Uning ro‘yobi har birimizdan yuksak mas’uliyat va sa’y-harakatni talab etadi.

 

Oybarchin Abdullayeva,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati ,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish