“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi — xalq strategiyasi
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi — xalq strategiyasi

 

Prezidentimizning “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori inson huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy himoyani kafolatlash bilan bog‘liq xalqimiz va davlatimiz rivojlanishi tarixidan muhim joy oladigan hujjatlar bo‘ldi.

Uning muhimligi va o‘ziga xosligi shundaki, Strategiyada aks ettirilgan 5 ta asosiy g‘oyaning 4 tasi bevosita aynan aholi, fuqarolar manfaatlari bilan bog‘liq. Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish borasidagi strategik maqsad-vazifalar partiyamiz oldiga qo‘ygan qator dolzarb masalalarga amaliy yechim bo‘ladi.

Strategiyadagi ustuvor yo‘nalishlardan biri har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratish masalasidir. Buning zamirida katta ezgu maqsadlar mujassamlashgan. Xususan, 2024 yil 1 yanvardan boshlab, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan to‘yintirilgan non mahsulotlari berilishini yo‘lga qo‘yish majburiyatini olmoqda. Bu birinchi o‘rinda farzandlarimiz salomatligiga e’tibordir. Jismonan sog‘lom va baquvvat bo‘lib voyaga yetgan shaxslar, tabiiyki, sog‘lom fikrlab, hayotda o‘z o‘rnini topa oladi va yurt taraqqiyoti uchun hissa qo‘sha oladi.

Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir va Xonqa tumanlarida eksperiment tariqasida, barcha boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta’lim planshetlari bilan ta’minlanishi, kelgusida mazkur tajriba respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilanganligi ham yosh avlodning salohiyatini yuzaga chiqarish qanchalik muhimligini anglatadi.

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab 10-sinf o‘quvchilari uchun tegishli hududlarda talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘rgatish kurslari joriy etish, Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun “tayanch maktab” etib belgilanayotgani, ya’ni umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘qituvchilari “tayanch maktablar” tomonidan yangi ta’lim dasturlari, dars o‘tishning ilg‘or metodikalari va o‘quvchi bilimini baholashning zamonaviy usullariga o‘rgatilishi ta’limning umumyuksalishiga asos bo‘ladi. Bu O‘zbekistonda har bir insonning ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar ta’lim olish kafolatlari mustahkamlanayotganidan dalolatdir.

Yana bir muhim masala. 2023 yil 1 oktyabrdan boshlab og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan yoki tushish xavfi yuqori bo‘lgan har bir oila bo‘yicha alohida “ijtimoiy xizmat ishi”ni yuritish tartibi amaliyotga joriy etilayotgani ham partiyamiz elektorati uchun quvonarli yangilikdir. Bu orqali ushbu oilalarda sharoitni yaxshilash, ularni davolash, dori vositalari bilan ta’minlash, farzandlarini maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlariga joylashtirish, moddiy yordam berish kabi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish nazarda tutilmoqda.

Ushbu vazifalar ijrosi to‘g‘ri tashkil etilsa, minglab oilalar, yoshlar, xotin-qizlarning og‘irini yengil qilishga erishgan bo‘lamiz. O‘z navbatida ularning ijtimoiy faolligi, farovonligi ham oshadi. Strategiyani 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorda fuqarolarning sog‘lig‘ini asrash, salomatligini tiklash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

2024 yil 1 yanvardan boshlab, virusli gepatitning “S” turi bilan kasallangan bemorlarni, gemotopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi muolajasiga muhtoj onkologik kasalliklarga chalingan bolalarni to‘liq Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan davolash yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya hamda dori vositalari bilan ta’minlash ishlari “vaucher” tizimi asosida bosqichma-bosqich tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslarga tovar va xizmatlarni o‘zlari tanlagan yetkazib beruvchidan xarid qilish imkoniyati yaratilib, ularning xarajatlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Natijada imkoniyati cheklangan qanchadan-qancha fuqarolar davlat va jamiyat madadiga ega bo‘ladi, o‘ziga va hayotga ishonchi mustahkamlanadi. Yillarni, butun umrini farzandini davolash uchun mablag‘ topishga sarflayotgan ota-onalar qalbiga yengillik kiradi, oxiri yo‘qdek tuyulgan muammolarga barham beriladi.

Mazkur hujjatning barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash yo‘nalishi doirasida ham qator muhim vazifalar belgilangan. Jumladan, 2024 yil 1 yanvardan e’tiboran qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga hosilni sug‘urtalashda sug‘urta mukofotining 50 foizi miqdorida subsidiya berish tartibi joriy etilishi belgilangan. Mana shu bitta chora ortida dunyodagi murakkab vaziyatda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini kafolatlash, aholini sifatli va arzon mahsulotlar bilan ta’minlashdek muhim maqsad turibdi.

Xalq demokratik partiyasi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan barcha maqsad-vazifalarni qo‘llab-quvvatlagan holda, birinchi navbatda ularning mazmun-mohiyatini keng aholi qatlami, elektorat vakillariga yetkazish bo‘yicha choralar ko‘radi. Joriy yilda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan vazifalarning bajarilishi bilan bog‘liq jarayonlarda parlamentdagi fraksiyasi, butun deputatlik korpusi va barcha darajadagi tashkilotlari hamkorligida faol ishtirok etadi.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish