Xalqimiz manfaatlarini ko‘zlagan dastur
Xalqimiz manfaatlarini ko‘zlagan dastur

 

Keyingi yillarda mamlakatimizni rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatga mo‘ljallangan istiqbolli dasturlarning qabul qilinishi xalqimiz farovonligini oshirishga, inson qadrini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Avvaliga beshta ustuvor yo‘nalishni o‘z ichiga olgan Harakatlar strategiyasi qabul qilindi. Bunda fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab olindi. Harakatlar strategiyasi doirasida o‘tgan davr mobaynida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etishga qaratilgan 300 ga yaqin qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4 mingdan ziyod Farmon va qarorlari qabul qilindi.

Harakatlar strategiyasining uzviy davomi sifatida O‘zbekistonning yana bir istiqbolli dasturi, Davlat inson uchun degan tamoyilni ilgari suruvchi, xalqchil, tarixiy hujjat – 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi. Ushbu dasturda belgilangan barcha islohotlar avvalo inson manfaatlariga xizmat qilishi belgilab berildi. Yaqinda yana bir muhim voqelik - mamlakatimizning kelgusi 7 yilda asosiy rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va uni 2023 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari loyihalari e’lon qilindi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan bo‘lib, beshta yo‘nalish va 100 maqsaddan iborat. Aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini yaratish, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, shu jumladan suv resurslarini tejash, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, qonun ustuvorligini ta’minlash, mamlakatni xavfsiz va tinchliksevar davlatga aylantirish ishlarini davom ettirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish bo‘yicha islohotlar hamda mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi. Aniqroq aytganda, mazkur strategiyaning 5 ta ustuvor yo‘nalishi qiyosiy olib qaraganda, jami 44 ta maqsadi har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib shart-sharoit yaratish, 17 ta maqsadi barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, 12 ta maqsadi suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, 16 ta maqsadi qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish, 11 ta maqsadi mamlakatni xavfsiz va tinchliksevar davlatga aylantirish ishlarini davom ettirishga qaratilgan.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi 100 ta maqsadni, xususan, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etish, kambag‘allikni ikki barobarga kamaytirish, maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 100 foizga yetkazish, suvni ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish, respublika hududining yashillik darajasini 30 foizga yetkazish kabi qator ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga qamrab olgan. Strategiyada belgilangan maqsad va vazifalar, Barqaror rivojlanish milliy maqsadlarini amalga oshirish uchun o‘ziga xos “yo‘l xaritasi” vazifasini o‘taydi.

Strategiyaga ko‘ra, qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish va sug‘oriladigan maydonning har bir gektariga beriladigan suv hajmini 20 foizga kamaytirish orqali suvning mahsuldorligi oshiriladi. Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash orqali 1 metr kub hajmdagi suv bilan sug‘orilgan yer maydonidan 3,7 dollar miqdorida daromad olishga erishiladi.

Suvdan samarali foydalanishda zamonaviy boshqaruv tizimining ham o‘rni beqiyos. Shu bois 2030 yilgacha kamida 100 ta yirik suv xo‘jaligi obyektida avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy qilish, irrigatsiya sohasiga xususiy sektorni jalb etish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy qilish hisobiga xususiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish maqsad qilingan.

Sohaga bu qadar jiddiy e’tibor berilayotgani bejizga emas. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash bo‘yicha bayonotiga ko‘ra, 2050 yilga kelib qurg‘oqchilik dunyo aholisining to‘rtdan uch qismidan ko‘prog‘iga ta’sir qiladi. Jahon tabiiy resurslar instituti va Britaniyaning “Economist Intelligence Unit” tashkiloti tadqiqotlariga ko‘ra, 2040 yilga borib suv tanqisligiga eng ko‘p uchrashi taxmin qilinayotgan 33 davlat orasida Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston ham bor.

E’tiborli jihati Markaziy Osiyoda suvning 80 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun ishlatiladi. Shu bois, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Prezidenti xalqaro darajadagi tadbirlar va minbarlarda bir necha bor vujudga kelishi mumkin bo‘lgan suv tanqisligini hamda ekologik muammolarni birgalikda hal etishga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi beshta ustuvor yo‘nalishining uchinchisi ham aynan Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan maqsadlarni o‘zida jamlagan. Xususan, strategiya loyihasida suv ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish, barcha ekin maydonlarini to‘liq suv tejaydigan texnologiyalarga, ichki sug‘orish tarmoqlarining 50 foizini yopiq quvurli sug‘orish tizimlariga o‘tkazish maqsad qilingan. Shuningdek, suv yetkazish tizimiga ilg‘or xorijiy tajribalarni keng joriy qilgan holda tuproq qoplamali kanallarni beton qoplamaga o‘tkazish bo‘yicha yetti yillik chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi. Shu bilan birga, uzoq muddatga mo‘ljallangan respublikaning suv resurslari balansini ishlab chiqish va uning ustidan doimiy monitoring o‘rnatish tizimi joriy qilinadi.

Sir emaski, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida foydalanilayotgan suvlarning asosiy qismi qo‘shni davlatlar orqali kirib keladi. Shu bois, strategiyada qo‘shni davlatlar bilan suv resurslari va davlatlararo suv xo‘jaligi obyektlaridan birgalikda foydalanish masalalarida faol ikki tomonlama manfaatli hamkorlik davom ettirilishi belgilangan. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi sohasida suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish va sug‘oriladigan maydonning har bir gektariga beriladigan suv hajmini 20 foizga kamaytirish orqali suvning mahsuldorligi oshiriladi.

Umuman olganda, mamlakatimizni kelgusi yetti yilda rivojlantirishga qaratilgan strategiya doirasida, global darajadagi ekologik muammolar ta’sirini o‘z vaqtida bartaraf etish va qishloq xo‘jaligi boshqaruvi samaradorligini oshirish orqali aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilgan.

 

Dilorom Imomova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish