Global muammolar birgalikda bartaraf etilishi lozim
Global muammolar birgalikda bartaraf etilishi lozim

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Tojikistonda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining navbatdagi, beshinchi Maslahat uchrashuvida Markaziy Osiyoda barqarorlik va birdamlik mustahkamlanayotganligini, mintaqamiz G‘arbni Sharq va Shimolni Janub bilan bog‘laydigan transport xabi bo‘lishdek tarixiy vazifani yana o‘z zimmasiga olayotganini ta’kidladi. Prezident iqtisodiy, ekologik va gumanitar sohalarda qator tashabbuslarni ham ilgari surdi.

E’tiborlisi, davlatimiz rahbari nutqida mintaqada iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi kurashishning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, kelgusi yil Samarqandda Markaziy Osiyodagi iqlim o‘zgarishlariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazilishi qayd etilib, ushbu anjumanda mintaqa mamlakatlari delegatsiyalari faol ishtirok etish uchun taklif etildi. Forum yakunlari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” deb nomlangan rezolyutsiyasi loyihasi tayyorlanishi ma’lum qilindi.

Darhaqiqat, iqlim o‘zgarishiga qarshi tezkor chora-tadbirlar mamlakatlarning iqtisodiy o‘sish dvigateliga aylanishi mumkin. Keyingi yillarda Markaziy Osiyo davlatlarida kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlari mintaqada suv mavjudligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Mamlakatlarimizda qor yog‘ishi kamaygani oziq-ovqat xavfsizligi va energiya ishlab chiqarishda suvning mavjudligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, cho‘llanish va tuproq degradatsiyasini tezlashtirmoqda va biologik xilma-xillikni kamaytirmoqda.

Jahon bankining 2021 yilda chop etilgan Groundswell (“To‘qqizinchi to‘lqin”) hisobotida qayd etilgan bashoratga ko‘ra, 2050 yilga kelib, iqlim o‘zgarishi dunyoning olti mintaqasidagi 216 million kishini o‘z mamlakatlarining boshqa qismlariga ko‘chishga majbur qilishi mumkin.

Bu esa yaqin istiqbolda iqlimdagi o‘zgarishlarga nisbatan amalga oshirilayotgan global choralarni yanada kuchaytirishni, buning uchun mintaqadagi mamlakatlarda iqlim o‘zgarishiga oid muammolarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan ilmiy-tadqiqotlar, ishlanmalar va intellektual faoliyatlarni qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirishni taqozo etadi. Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish va metan chiqindilarini kamaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini oshirish ham iqlim o‘zgarishining oqibatlarini yumshatishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz mintaqaning iqlimga oid yagona kun tartibini shakllantirish va birgalikda ta’sirchan chora-tadbirlarni qabul qilish uchun ekologiya vazirlari darajasida “Iqlim bo‘yicha Markaziy Osiyo muloqoti” ko‘p tomonlama platformasini ta’sis etish taklifini ilgari surganlari bejiz emas.

Xulosa qilib aytganda, iqlim o‘zgarishi birgina davlatda uchrayotgan muammo emas, uni bir mamlakat doirasida hal etib ham bo‘lmaydi. Ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirsak, bu jarayonga ilmiy asoslangan holda yondasha olsak, kutiladigan natija sari zalvorli qadam qo‘ygan bo‘lamiz.

 

Zulayho AKRAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish