Mustahkam Markaziy Osiyo
Mustahkam Markaziy Osiyo

 

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvi 14-15 sentabr kunlari Tojikistonning Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tdi.

Unda Markaziy Osiyoning davlat rahbarlaridan tashqari faxriy mehmon sifatida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev hamda BMT Bosh kotibining maxsus vakili – Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha Mintaqaviy markaz rahbari Kaxa Imnadzelar qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, mintaqadagi hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo, investitsiyalar, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohalarida qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish, xavfsizlik sohasidagi zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi chora ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston yetakchisi o‘z nutqida mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi umumiy sa’y-harakatlarni yuksak baholadi.

Davlatimiz rahbari bir qator sohalarni rivojlantirishga doir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

 

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha

— erkin savdo zonalarini tezroq shakllantirish;

— barqaror savdo-logistika zanjirlarini shakllantirish,

— chegara oldi hududlarida savdo va kooperatsiya markazlarini ochish va kengaytirish;

— o‘zaro savdo bo‘yicha qonunchilikni uyg‘unlashtirish;

— bojxona ma’murchiligi, sanitar va fitosanitar nazorat, tovarlarning qayerdan olib kelinayotganligini sertifikatlash bo‘yicha yagona elektron platformalar yaratish;

— mintaqaviy elektron savdo maydonini ishga tushirishni ko‘zda tutadigan kompleks mintaqaviy dasturni qabul qilish;

— tashqi savdo faoliyati bo‘yicha mas’ul bo‘lgan vazirlarning doimiy uchrashuvini o‘tkazish mexanizmini ishga tushirish.

 

Transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha

— tarmoq vazirlari uchrashuvlari doirasida Markaziy Osiyoda Transport va tranzit haqidagi bitimni ishlab chiqish;

— biznes uchun qulay bo‘lgan oraliq tariflarni qo‘llagan holda, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bozorlariga chiqish uchun samarali transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha aniq mexanizmlarni shakllantirish;

— transport xizmatlari bozorini liberallashtirish va ruxsat etishga doir tartib-taomillarni optimallashtirish chora-tadbirlari dasturini tayyorlash;

— xalqaro tashuvlarning integratsiyalashgan raqamli platformasini yaratish;

— faoliyatga ozarbayjonlik sheriklarni faol jalb etish.

 

Energetik xavfsizlik bo‘yicha

— elektr energiyasini yetkazib berish uchun yangi magistral tarmoqlarni barpo etish;

— energiya manbalarini diversifikatsiya qilish;

— muqobil energetika sohasiga investitsiya va texnologiyalarni jalb etish;

— “Yashil” vodorodni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish.

 

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha

— sa’y-harakatlarni birlashtirish va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ko‘magida mintaqaviy Sheriklik dasturini tayyorlash.

 

Iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha

— mintaqaning iqlimga oid yagona kun tartibini shakllantirish va birgalikda ta’sirchan chora-tadbirlarni qabul qilish uchun ekologiya vazirlari darajasida “Iqlim bo‘yi cha Markaziy Osiyo muloqoti” ko‘p tomonlama platformasini ta’sis etish.

 

Xavfsizlik bo‘yicha

— chegaralarni himoya qilish va mustahkamlash bo‘yicha Davlatlararo dasturni ishlab chiqishga kirishish;

— xavfsizlikka nisbatan an’anaviy va yangi xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasidagi senariylarni amalda qo‘llash bo‘yicha qo‘shma harbiy-o‘quv mashqlarini davom ettirish;

— favqulodda vaziyatlar yuzasidan prognozlar qilish, ularning oldini olish, barvaqt ogohlantirish va ularga birgalikda qarshi turish borasida mintaqaviy tizimni shakllantirish.

 

Afg‘oniston bo‘yicha

— Afg‘onistonning bugungi hokimiyati bilan doimiy va ochiq muloqot qilish, ular bilan chegaralar xavfsizligi, suvdan foydalanish va savdo-sotiqni rivojlantirish masalalari bo‘yicha muloqot olib borish;

— Afg‘oniston hokimiyati bilan hamkorlikni o‘zaro kelishilgan holda olib borish uchun Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari darajasida muloqot guruhini tashkil etish kabi bir qator dolzarb takliflarni ilgari surdi.

So‘zining yakunida Prezidentimiz Maslahat uchrashuvlari ishlari bo‘yicha Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashini ta’sis etish taklifini qo‘llab-quvvatladi hamda Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy kengashini tashkil etishni taklif qildi.

O‘zbekiston rahbari uchrashuv natijalari mamlakatlarimiz o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga, keng miqyosdagi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Maslahat uchrashuvi yakunida bir qator hujjatlar qabul qilindi:

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot;

Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risida bitim;

Markaziy Osiyoda yer usti transportining o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash to‘g‘risida bitim;

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari ishlari bo‘yicha Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashi to‘g‘risida nizom;

2022-2025 yillarda Markaziy Osiyoda salomatlik va farovonlikni qo‘llab-quvvatlash uchun “yo‘l xaritasi”.

 

Markaziy Osiyoda suv masalasi

Dushanbeda tashkil etilgan yana bir muhim tadbir Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining yig‘ilishi bo‘ldi. Mazkur jamg‘arma tashkil etilganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan bu yig‘ilishni yubiley ham deyish mumkin. Pandemiya sababli jamg‘armaning uchrashuvlari yuzma-yuz o‘tkazilmay qolgan edi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mintaqadagi suv bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash va tartibga solish bo‘yicha bir qator takliflarni bildirdi.

 

Birinchi taklif

O‘zbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish va institutsional mexanizmlarini modernizatsiya qilish.

Bunda asosiy hujjatlar va bitimlarni xatlovdan o‘tkazish, jumladan, 1990 yillarda qabul qilingan Jamg‘arma nizomini qayta ko‘rib chiqish, amaldagi tuzilma faoliyatini birgalikda tahlil qilish va Jamg‘arma tarkibidagi tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish va samarasini oshirish borasida takliflar tayyorlash, uning faoliyati va hamkorlik masalalarini aniq tartibga soluvchi “Qoida va tartib-taomillar”ni ishlab chiqish taklif etildi.

Jamg‘armani rivojlantirish va isloh etish jarayonlarini tarmoqlararo tamoyil asosida, ya’ni zamonaviy ekologik tahdidlarni hisobga olgan holda, “suv – energetika – oziq-ovqat” tartibidagi kompleks yondashuvlar negizida amalga oshirish muhimdir.

Bundan tashqari, Tuzilmaning asosiy hujjatlarida transchegaraviy daryolar suv resurslarini boshqarish va foydalanish sohasida umume’tirof etilgan me’yorlar, prinsiplar va o‘zaro majburiyatlar o‘z ifodasini topishi lozim.

 

Ikkinchi taklif

Jamg‘arma boshqaruviga amaldagi Dasturni tanqidiy qayta ko‘rib chiqish topshirig‘ini berish taklif etildi.

Bunda har bir mintaqaviy loyihaning hajmini va moliyalashtirish manbalarini belgilagan holda, “yo‘l xaritalari”ni, shuningdek, ularning ijrosi bo‘yicha kelishilgan jadvalni tayyorlashni nazarda tutish lozim.

 

Uchinchi taklif

Ustuvor mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun investitsiya, texnologiya va texnik ko‘makni jalb etish masalalari bo‘yicha tizimli hamkorlikni kuchaytirish.

 

To‘rtinchi taklif

Jamg‘armaning ishchi organlari xalqaro konsultantlar ishtirokida Amudaryo va Sirdaryo havzalarini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatga mo‘ljallangan rejalar ishlab chiqish.

 

Beshinchi taklif

Suv va boshqa tabiiy resurslardan tejab-tergab foydalanish madaniyatini shakllantirish, maxsus dasturni qabul qilgan holda, yoshlar tashabbuslari va startaplarini qo‘llab-quvvatlash masalalarida yoshlar bilan ishlashni mintaqaviy darajada tashkil etishga alohida e’tibor qaratish.

Shuningdek, davlatimiz rahbari Afg‘onistonda qurilayotgan “Qo‘shtepa” kanali bo‘yicha ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Jumladan, kanalning ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkinligini ta’kidlab, “Qo‘shtepa” kanalining qurilishi va uning Amudaryo suvidan foydalanish tartibiga ta’siri bilan bog‘liq barcha jihatlarni mamlakatlarimizdagi tadqiqot institutlarini jalb etgan holda o‘rganish bo‘yicha Qo‘shma ishchi guruhini shakllantirish taklifini bildirdi.

Qolaversa, Prezidentimiz Afg‘oniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etdi.

Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyat ham, munosabatlar ham bir maromga, ya’ni, o‘z o‘zaniga tushayotgani, bunda Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari asosiy drayver vazifasini bajarayotganligi va bu tashabbusning aynan O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgani siyosiy tahlilchilar tomonidan ta’kidlanmoqda.

Ekspertlar davlatimiz rahbarining “Qo‘shtepa” kanali va Afg‘oniston tomoni haqidagi fikr va takliflarini reallikni hisobga olish, mintaqani jipslashtirish sari tashlangan yana bir qadam, deya baholamoqda.

Darhaqiqat, O‘zbekiston mintaqadagi suv bilan bog‘liq mavjud vaziyatni chuqur anglagan holda, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha katta miqyosdagi chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Oxirgi 7 yil mobaynida mamlakatimizda sug‘oriladigan yerlarning to‘rtdan bir qismini tashkil etadigan 1 million gektardan ortiq maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etilgani ham buning yaqqol isboti deyish mumkin.

O‘zbekiston tomoni mintaqadagi do‘stlik, hamkorlik muhitini qo‘llab-quvvatlashi va bu yo‘lda asosiy jarchi ekanligini butun dunyo e’tirof etmoqda.

 

Ahmad QURBONOV

tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 20.09.2022, №37

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish