Inson hayoti, huquq va erkinliklari hamma narsadan ustun
Inson hayoti, huquq va erkinliklari hamma narsadan ustun

 

Har bir inson dunyoda katta umidlar bilan yashaydi. Shinam uy-joyim bo‘lsa, yon-atrofimda qulay sharoit, bekamu ko‘st muhit hukm sursa, jamiyatga, davlatga, oilamga, do‘stu yorlarga, mahalla-ko‘yga foydam tegsa”, deydi.

Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida inson huquqlarini himoya qilish, aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, odamlarni hayotdan rozi bo‘lib yashashlari uchun munosib sharoit yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

O‘tgan davrda barcha sohalarda hayotga tatbiq etilayotgan izchil islohotlar quruq raqamlarda emas, balki aholining kundalik hayoti, ro‘zg‘orida, dasturxonida o‘z aksini topmoqda. Agar yurtimizda yashayotgan oilalar hayotini shu nuqtai nazardan tahlil qiladigan bo‘lsak, oxirgi yetti yilda qanday salmoqli natijalarga erishganimiz ayon bo‘ladi.

Ayniqsa, mamlakatimizda ijtimoiy tenglikni muvofiqlashtirish, kambag‘al, nochor oilalarning turmush tarzini yaxshilash maqsadida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” joriy etilgani juda sodda, samarali usul ekani allaqachon isbotlandi.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ham 2026 yilga qadar kambag‘allikni 2022 yilga nisbatan 2 barobar, 2030 yilga qadar esa keskin qisqartirish, mehnatga layoqatli aholini, shu jumladan yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni barqaror va samarali bandligini ta’minlash orqali ishsizlik darajasini 7 foizgacha tushirish maqsad qilingan. Bularning barchasi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi g‘oyalariga uyg‘un va hamohangdir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surib, yurtimizda olib borilayotgan shiddatli islohotlarga alohida to‘xtaldi.

Xususan, xalqimizning turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosat tufayli mamlakatimizda 2017 yildan buyon kambag‘allik ikki barobarga kamaygani, 2030 yilgacha uni 7 foizga tushirishni reja qilingani, aholini ichimlik suvi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash ko‘lamini bir necha bor oshirilishi qayd etildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbus qo‘llab-quvvatlanib, uning doirasida yurtimizda tajriba almashish uchun 2024 yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l” butunjahon konferensiyasini o‘tkazish taklifi ilgari surildiki, buni juda muhim tashabbus, deb bilamiz.

Umuman olganda, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishi jahon iqtisodiyotining barqaror o‘sishi sekinlashgan hozirgi murakkab geosiyosiy davrda aniq-ravshan ijobiy natijalarga olib kelishiga ishonamiz. Zotan, ular global tashkilotning yuksak maqsadlariga, jumladan, sayyoramizda tinchlik, barqarorlik va farovonlikni mustahkamlash bo‘yicha Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos keladi.

 

Mavjuda HASANOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish