Xavfsizlik tinchlik va barqarorlik kafolati
Xavfsizlik tinchlik va barqarorlik kafolati

 

Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assamleyasi 78-sessiyasi doirasidagi nutqi va unda ilgari surilgan tashabbuslar hayotiyligi bilan ajralib turadi. Unda O‘zbekiston olib boradigan tashqi siyosat, qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlar va xavfsizlik masalalari ham qamrab olindi. E’tiborlisi, ko‘tarilgan taklif va tashabbuslarning barchasi 75 milliondan ziyod aholisi bo‘lgan butun mintaqa taqdiriga daxldor, desak yanglishmagan bo‘lamiz.

Qo‘shnini tanlab bo‘lmaydi. Bu — hayotiy haqiqat. Lekin har qanday holatda ham qo‘shnilar bilan til topishish, ular bilan do‘stona munosabatni yo‘lga qo‘yish juda muhim va zarur. Bunday ezgu maqsad “Yangi O‘zbekiston -2030” strategiyasida ham o‘z ifodasini topgan. Ushbu hujjatda O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini, ya’ni «farovonlik kamari»ni shakllantirish, mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilgan. Davlatimiz rahbari nutqida ham so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo yaxshi qo‘shnichilik, barqarorlik, o‘zaro hamkorlik va rivojlanish yo‘lidan borayotganligi, birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli O‘zbekiston barcha qo‘shnilari bilan davlat chegaralari, transport koridorlari va suvdan foydalanish bo‘yicha muammolarni bartaraf etishga muvaffaq bo‘lingani aytildi.

Ammo mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik masalasi haqida so‘z ketar ekan, mintaqamiz tinchligi va barqarorligi ko‘p jihatdan Afg‘onistondagi jarayonlar bilan bevosita bog‘liq ekanligini unutmasligimiz zarur. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, ushbu mamlakatda yangi vaziyat vujudga kelgan bo‘lib, u afg‘on masalasini hal etishda o‘ziga xos yondashuvlarni talab etmoqda. Afg‘onistonni o‘z muammolari bilan yana yolg‘iz qoldirish – bu katta xato bo‘ladi. Aniqroq aytganda, inkor qilish, yakkalab qo‘yish va sanksiyalar qo‘llash oddiy afg‘on xalqining ahvolini yanada og‘irlashtiradi. Shu sababli, afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslik kerak. Boz ustiga, Afg‘onistonning 10 milliardan ziyod muzlatilgan xalqaro aktivlarini yechish, bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga yo‘naltirish vaqti keldi. Davlatimiz rahbari bu borada maqbul mexanizmlarni ishlab chiqishga da’vat etgani bejiz emas. Chunki bizga tinch va barqaror, mintaqaviy hamkorlik jarayonlarida ishtirok etadigan, qo‘shnilari va boshqa mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli sheriklik uchun ochiq Afg‘oniston kerak. Ushbu nufuzli minbardan turib, Prezidentimiz dunyo hamjamiyatini Afg‘oniston muammosini hal etish yo‘lida birlashishga, bu yo‘lda Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahnamoligida Afg‘oniston bo‘yicha birgalikda ishlab chiqilgan, vaziyatga moslashuvchan va konstruktiv pozitsiyani belgilash taklifini bildirdi.

Mintaqamizda xavfsizlikni ta’minlashning yana bir yo‘li ekstremizm balosi tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun birgalikdagi harakatlarni kuchaytirishni taqozo etadi. 2022 yil mart oyida Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkilotining terrorizmga qarshi global strategiyasini Markaziy Osiyoda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilingani bu yo‘ldagi muhim qadam bo‘ldi. O‘zbekistonning ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha o‘z Milliy strategiyasi bor. U ham bo‘lsa, ilgari ekstremizm g‘oyalari ta’sirida bo‘lgan shaxslarni sog‘lom hayotga qaytarish va jamiyatga moslashtirish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish yo‘lidir. Xususan, ekstremizm g‘oyalariga adashib kirib qolgan, qilgan ishidan pushaymon bo‘lganlar avf etildi, besh marta “Mehr” insonparvarlik missiyasi o‘tkazildi. Uning doirasida 530 nafardan ziyod fuqarolar, avvalo, ayollar va bolalar Yaqin Sharq va Afg‘onistondagi qurolli nizolar hududlaridan yurtimizga qaytarildi. Ularning barchasiga tibbiy, psixologik, ijtimoiy va boshqa yordamlar ko‘rsatildi. O‘zbekiston tomoni bu yo‘nalishdagi harakatlarni davom ettirish va doimiy tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida urush hududlaridan qaytganlar bilan tizimli ishlash bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashini tuzishga qaratilgan amaliy qadamlarni tashladi. Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlarni xalqaro terrorizm kabi umumiy tahdidlarga qarshi kurashda yanada birlashib, harakat qilishga chaqirdi.

Xavfsizlik masalasida yana bir o‘rinli taklif bildirildi. Gap shundaki, so‘nggi paytlarda ayrim mamlakatlarda diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlari ko‘payib ketdi. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Jahon miqyosida dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish maqsadga muvofiq. Shuning uchun Prezidentimiz O‘zbekistonda YUNESKO shafeligida Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazini tashkil etishni taklif qildi. Nima uchun? Chunki o‘lkamiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, islomni ilm-ma’rifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari ulug‘ alloma va mutafakkirlar vatani. Shunday buyuk olimlarning boy merosini o‘rganish, islomning asl insonparvarlik, tinchlikparvar mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi ham ilgari surildi.

Xulosa o‘rnida aytganda, Prezidentimiz nutqida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning amalga oshishi mintaqamizda va global miqyosda mustahkam tinchlik va farovonlikka, xavfsizlikka erishishning yagona yo‘lidir. O‘zbekiston shu yo‘lda Birlashgan Millatlar Tashkiloti institutlari va barcha davlatlar bilan keng ko‘lamli va uzoq muddatli sheriklikni chuqurlashtirishga intilayotgani sababi ham shunda.

 

Oybarchin Abdullayeva,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish