Mehr va samimiylik nutqi
Mehr va samimiylik nutqi

 

Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi katta nutqini qoraqalpog‘istonliklar ham diqqat bilan tinglashdi. Nutqda dunyoda keskin ekologik vaziyat kechayotgani, iqlim o‘zgarishi, bioxilmaxillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchayib ketayotgani xavotir bilan ta’kidlandi.

Ana shunday murakkab sharoitda global muammo bo‘lgan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida O‘zbekiston o‘z imkoniyatlari darajasida harakat qilayotgani ta’kidlandi. Shunday, bunga biz guvohmiz. Keyingi yillarda Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar maydonda qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklardan iborat yashil hududlar barpo etildi. Bu sa’y­harakatlarni davom ettirish uchun xalqaro hamjamiyatning qo‘llab­quvvatlashi juda muhimligiga sessiya ishtirokchilari e’tibori qaratildi.

Keyingi 30 yilda mintaqamizda havo harorati dunyodagi o‘rtacha isishdan ikki karra ko‘p ko‘tarilgan. Oqibatda muzliklar umumiy maydonining qariyb uchdan bir qismi yo‘qolib ketgan. Ushbu tendensiya saqlanib qolsa, yaqin yigirma yilda mintaqamizdagi ikkita yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foizga qisqarishi mumkin. Jon boshiga suv bilan ta’minlanish darajasi 25 foizga, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi esa 40 foizga kamayishi xavfi bor.

Yashil taraqqiyot dasturi doirasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni joriy etish maqsadga muvofiq, albatta. BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” rezolutsiyasini qabul qilish tashabbusi ilgari surilishi qoraqalpog‘istonliklarni ham mamnun qildi.

Iqlimni bitta davlat yolg‘iz o‘zgartira olmaydi, saqlay olmaydi. Bu hamjihatlik bilan bo‘ladigan ish. Faqat birgalikda kurashib, katta muvaffaqiyatlarga erishish mumkin. Buning uchun kelgusi yil Samarqandda xalqaro iqlim forumini o‘tkazish taklifi ayni muddao bo‘ldi, deb hisoblayman.

Keyingi vaqtlarda O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarini iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish, uglerod neytralligiga erishish va “yashil” energetika ulushini keskin oshirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston uchun “yashil energetika” strategik vazifa bo‘lib qolishi ta’kidlandi. Bu esa qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan oqilona foydalanishga imkoniyat beradi. Prezidentimizning tashabbuslari o‘zining dolzarbligi va hayotiyligi bilan ahamiyatli ekanini juda yaxshi tushunamiz.

Infratuzilma yaxshilansa, inson yashashi, bolalar o‘qib-o‘rganishi, o‘ynab kulishi uchun sharoit bo‘lsa, jamiyatdagi iqlim ham tez o‘zgararkan. Men buni Qoraqalpog‘iston misolida ko‘ryapman.

Imkoniyati yo‘qligi tufayli yordamga muhtoj oilalar davlatimiz tomonidan himoyalanmoqda. Vazirlar Mahkamasining joriy yil boshidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora­tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga asosan barcha ovul va qishloqlardagi aholi turar joylari xatlovdan o‘tkazildi.

Qoraqalpog‘istonda 424 mahalla mavjud bo‘lsa, shundagi 21803 ta uy-joyni ta’mirlash uchun 343,9 milliard so‘m ajratilmoqda. Shuningdek, 21094 ta uy-joyning tom qismini ta’mirlash hamda 709 ta yashash uchun yaroqsiz va avariya holatiga kelib qolgan uy-joylarni yangidan qurish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Shuncha raqam bir og‘iz gapday aytiladi. Lekin katta ezgu ishni rejalash, amalga oshirish oson bo‘lmaydi. Buning uchun avvalo, xalqqa mehr ko‘p va samimiy bo‘lishi kerak. Davlatimiz rahbari xalqimizning turmushi, ehtiyojmand odamlarning ko‘nglini yaxshi biladi. Hammamiz u kishidan o‘rnak va ibrat olib, muammolarni hal qilish uchun intilishimiz zarur.

Albatta, inson qadrini ulug‘lash, odam bugun o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashi kerakligi borasida olib borilayotgan o‘zgarishlar yurtdoshlarimiz qalbiga kirib bormoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78­sessiyasidagi nutq ham yurtdoshlarimizni oddiy va ezgu maqsadlar sari chorlaydi.

 

Xalilla Yeshimbetov,

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi.

«O‘zbekiston ovozi», 27.09.2022, №38

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish