Mahalla obodligi inson qadrining ulug‘ligidir
Mahalla obodligi inson qadrining ulug‘ligidir

 

Mahalla haqida so‘z ketganda, har bir insonning o‘zi istiqomat qilayotgan mahallasi, undagi o‘zgarishlar, yaratilayotgan sharoitlar ko‘z oldida namoyon bo‘ladi. Ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar aholi talabidan kelib chiqib, amalga oshirilib kelinmoqda. Uzoqqa bormaymiz, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat «beshlik tizimi» samarali tashkil etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 sentabr kuni mahallabay ishlash tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda mahalladagi «beshlik tizimi»dagi qator kamchiliklar tahlil qilinib, tizimni takomillashtirish va samaradorligini oshirish yuzasidan yangi yondashuvlar ko‘rib chiqildi. Shu qatorda mahalla boshqaruviga soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimi qo‘shilib, «mahalla yettiligi» bo‘lishi belgilandi.

Yig‘ilishda ehtiyojmand aholini ro‘yxatga kiritish, moddiy yordam, subsidiya va kredit ajratish kabi bir qator 70 dan ortiq masalalar tuman va viloyat idoralariga murojaat qilinmasdan, mahallaning o‘zida jamoaviy hal etilishi ma’lum qilindi. Aholining og‘irini yengil qilish, ularga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida mahallada qulay va elektron ish yuritish yo‘lga qo‘yiladi. «Mahalla yettiligi» ishini muvofiqlashtirishda mahalla raislarining vakolatlari kengaytiriladi.

«Ayollar daftari» ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash ham ustuvor vazifa sifatida qaralyapti. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari «Ayollar daftari»ga kiritilgan va uy-joyini ta’mirlashga muhtoj, ehtiyojmand xotin-qizlarning uy-joyini tizimli ravishda ta’mirlash ishlarini olib bormoqda. Bunda har bir uy-joyni ta’mirlash ishlariga mahalliy budjet prognozining ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda mablag‘ ajratilgan. Bu ro‘yxatdagi xotin-qizlar 6 xil yo‘nalishda qo‘llab-quvvatlanyapti. Ushbu tizim orqali qancha ayollarimizga huquqiy tushunchalar va amaliy yordamlar berilib, mushkuli oson bo‘lmoqda.

Shu qatorda «Yoshlar daftari» ham muhim daftar hisoblanib, ertangi kunimiz egalari - yoshlarning doim izlanish va intilishda bo‘lishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun xizmat qilmoqda. Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yetti yil ichida yurtimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, mahallalardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og‘ir, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari, chin yetim va nogironligi bo‘lgan yoshlarga manzilli ko‘maklashish bo‘yicha mutlaqo yangi tizimli ishlar amalga oshirildi. Ushbu daftarga 360436 ta onlayn murojaat kelib tushgan, shundan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning 340440 nafari «Yoshlar daftari»ga kiritilib, qolganlariga amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Albatta, bu sonlarni yana uzoq davom ettirish mumkin. Negaki, o‘zgarmagan, o‘z natijasini bermagan dastur yo‘q, hamisha yangicha imkoniyatlar va kompleks yondashuvlar eshigi ochiq. Albatta, barcha tizimlar bosqichma-bochqich o‘zgartirilib, yangicha qarashlar bilan rivojlantirilyapti. Mahalla, oila, jamiyatning ajralmas muhim bo‘g‘ini ekan, uning mustahkamligi, rivojlanishi uchun hammamiz mas’ulmiz.

 

O‘rol O‘razboyev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish