Quyosh panellarini o‘rnatish rejasi bajarilyaptimi?
Quyosh panellarini o‘rnatish rejasi bajarilyaptimi?

 

Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi mediya markazida “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish, iste’molchilarni muqobil energiyaga o‘tkazish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy qilish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi hamda Toshkent shahar kengashi mas’ullari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zXDP Jizzax viloyati Kengashi, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari a’zolari, Energetika vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda partiya faollari, yoshlar ishtirok etgan tadbirni partiya Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Ta’kidlanganidek, kyeyingi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda aholi va tadbirkorlik subyektlarini barqaror energiya resurslari bilan ta’minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori ham mazkur ishlarning amaliy ifodasi bo‘lib, uning mazmun-mohiyati, ushbu qaror amaliyotga to‘g‘ri tatbiq etilsa, fuqarolar, oddiy aholi vakillarining hayotida qanday o‘rin tutishi mumkinligi to‘g‘risida O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi Boshqarma boshlig‘i Boymurat Yusupov so‘zlab berdi.

- Qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish energiya bilan ishonchli ta’minlab, energiya yetkazib berishdagi yo‘qotishlarni ancha kamaytirgan holda, olis aholi punktlarini energiya tizimiga ulash uchun uzoq masofali elektr uzatish liniyalarini barpo etish zaruratidan qutulishga yordam beradi. Ayni paytda mamlakat energetika balansida faqat kichik gidroelektr stansiyalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan kam miqdordagi qayta tiklanadigan energiya ulushi bor. Hozircha aholi qayta tiklanadigan energiya manbalari to‘g‘risida yetarlicha ma’lumotga ega emas, quyosh va shamol energiyasidan foydalanishga doir ilmiy va amaliy tajriba yetishmaydi, - dedi Boymurat Yusupov.

Davra suhbatida muqobil energiya manbalaridan foydalanishning zarurati va foydalarini aholiga keng tushuntirish, aholi xonadonlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatishni deputatlik nazoratiga olishda mahalliy Kengash deputatlari tomonidan Jizzax viloyatidagi o‘rganishlar yakunlari muhokama qilindi.

Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi deputati, O‘zXDP viloyat Kengashi raisi Nuriddin Xolmatovning ta’kidlashicha, hozirgi kunga qadar viloyatda rejadagi 1111 ta aholi xonadonlariga o‘rnatilishi lozim bo‘lgan quvvati 6,00 mVtli quyosh panellari, amalda 1203 xonadonga, xonadon ehtiyojlarini hisobga olgan holda quvvati 2,975 mVtli quyosh panellari o‘rnatilib, son jihatdan reja 108 foizga bajarilgan bo‘lsa, elektor quvvati bo‘yicha reja amalda 49.6 foizga bajarilgan.

Xuddi shunday ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralariga o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan quyosh panellari obyektlar soni bo‘yicha reja 498 tadan 332 taga, ya’ni 66 foizga bajarilgan bo‘lib, quyosh panellari quvvati bo‘yicha 5.0 mVt dan 5.214 mVtga ya’ni 104.3 foizga bajarilgan.

Qaror ijrosi yuzasidan Jizzax viloyatida ikki yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni qoniqarli deb bo‘lmaydi. Tadbirkorlik subyektlarining bino va inshootlarida reja bo‘yicha o‘rnatilishi lozim bo‘lgan 750 ta quyosh panellari o‘rniga 579 ta (77%) o‘rnatilib, elektr quvvati 15.0 mVt o‘rniga 6.25 mVt ta’minlangan (41.7%ga bajarilgan). Viloyatda mahalliy tadbirkorlar tomonidan barpo etilishi lozim bo‘lgan 13 ta kichik hajmdagi FESlaridan birontasi amalda tashkil etilmagan.

Davra suhbatida bu kabi muammolarning kelib chiqish sabablari mutaxassislar, deputatlar tomonidan atroflicha muhokama qilindi. Ularning yechimi yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.

Yig‘ilishda shuningdek, hududlarda aholi xonadonlariga kichik quvvatli quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha «Quyoshli xonadon» dasturi ijrosi hamda 2023 yilda foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylarni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ta’minlash rejasining bajarilishi yuzasidan tegishli tashkilotlarning ma’ruzalari tinglandi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish