Endi deputatlar saylovi majoritar va proporsional tizimi asosida o‘tkaziladi
Endi deputatlar saylovi majoritar va proporsional tizimi asosida o‘tkaziladi

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda fraksiya a’zolari “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini muhokama qildilar.

Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan Saylov kodeksi hamda 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Xususan, Saylov kodeksiga Qonunchilik palatasi saylovini aralash (majoritar, proporsional) saylov tizimi asosida o‘tkazish tartibini kiritish taklif etilmoqda. Shunda saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga ajratilmoqda. Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi asosida, ya’ni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, saylov komissiyalari tizimi takomillashtirilib, Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari, tuman va shahar saylov komissiyalari, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari saylov komissiyalari tizimini tashkil etishi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari sonini kamida o‘n besh nafardan to‘qqiz nafarga tushirish, uning kamida bir nafar a’zosi Qoraqalpog‘iston vakili bo‘lishi belgilanmoqda. Shu bilan birga, tuman, shahar saylov komissiyasining vakolatlarini belgilovchi yangi normalar kiritilmoqda.

Deputatlar Konstitutsiyaviy qonun loyihasini muhokama qilar ekanlar, taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar birinchi navbatda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amaliyotga to‘g‘ri joriy etishga xizmat qilishi va bu orqali qator qonunchilik me’yorlari muvofiqlashtirilishini ta’kidlab o‘tdilar. Shuningdek, Qonunchilik palatasi deputatlari korpusini shakllantirishning majoritar-proporsional shakliga asoslangan saylov tizimi joriy etilishining huquqiy asoslari yaratilishi alohida qayd etildi. Majoritar-proporsional shakl tizimiga o‘tish davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirishga xizmat qiladi. Taklif va fikr-mulohazalardan so‘ng Konstitutsiyaviy qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullandi.

Yig‘ilishda shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonuniga O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi normalarini so‘zsiz va to‘liq amalga oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqilib, qo‘llab-quvvatlandi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish