Ayollarning siyosiy faolligini oshirishda siyosiy partiyalarning o‘rni
Ayollarning siyosiy faolligini oshirishda siyosiy partiyalarning o‘rni

 

2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar hamda gender tenglik masalalari qo‘mitasi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda "Xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirishda siyosiy partiyalarning o‘rni va roli" mavzusida konferensiya o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi mas’ullari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari, O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston respublika kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hamda tuman, shaharlar kengashlari xodimlari, shuningdek, mahalliy kengash deputatlari, partiyaning “Ayollar qanoti” faollari ishtirok etishdi.

O‘zbekiston XDP “Ayollar qanoti” rahbari Gulshan Asatova tadbirni ochar ekan, gender tenglikka erishish strategiyasining maqsadli ko‘rsatkichlarida belgilangan vazifalarning O‘zbekiston XDPda bajarilish holatiga to‘xtaldi: Bugungi kunda “Ayollar qanoti” o‘z atrofiga 290 ming nafarga yaqin xotin-qizlarni birlashtirgan. Ya’ni jami a’zolarning 50 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Partiya tizimida faoliyat olib borayotgan rahbar ayollar esa 42 foizni tashkil etmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O‘zbekiston XDP dan saylangan deputatlarning 50 foizi, mahalliy kengashlar deputatlarining esa 30 foizi xotin-qizlardan iborat. Kelgusi saylovlarda ham xotin-qizlarning nomzod sifatida ishtirokini oshirish maqsadida hozirgi kunda 4000 nafarga yaqin partiya safidagi faol, tashabbuskor xotin-qizlardan iborat zaxira kadrlar ro‘yxati shakllantirilgan.

Konferensiyada Oliy Majlis Senati a’zosi, Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi a’zosi Gulnora Marufova xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, xotin-qizlar masalalariga oid qabul qilinayotgan qonun hujjatlari va ular ijrosini ta’minlashda siyosiy partiyalar, partiya guruhlari bilan kelgusida joylarda hamkorlikda amalga oshiriladigan vazifalar haqida gapirdi va bu borada muhim tavsiyalar berdi.

Oila va xotin qizlar qo‘mitasining gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va xalqaro munosabatlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i O‘g‘iloy Urazova xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirishda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda siyosiy partiyalarning hamkorlikda amalga oshiradigan ishlari haqida o‘z taklif va tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar, partiyamiz elektorati hisoblangan ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qo‘llab – quvvatlash, ularni ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxsdan ijtimoiy-siyosiy faol shaxsga aylantirish, shuningdek, zaxiradagi faol xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish maqsadida tizimli o‘quvlar tashkil etib borish va boshqa bir qator takliflarni berishdi.

Muloqot savol-javob, fikr-mulohaza, taklif va tavsiyaga boy tarzda o‘tdi.

 

 

 

Teglar

«Faol ayollar» qanoti Loyihalarimiz Jamoatchilik qabulxonasi
← Roʻyxatga qaytish