Siyosiy partiyalardan yangicha tashabbuslar talab qiladigan jarayon
Siyosiy partiyalardan yangicha tashabbuslar talab qiladigan jarayon

 

Biz tarixiy jarayonlarning ishtirokchisimiz. Mamlakatimizda ilk bor saylov aralash (ya’ni majoritar, proporsional) saylov tizimiga o‘tkazilmoqda. Bu kelgusida xalqimizga nima beradi degan savol bo‘lishi tabiiy. Majoritar saylovda saylovchi nomzodga ovoz bersa, proporsional saylovda esa saylovchi partiyaga ovoz beradi. Bu esa o‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, siyosiy partiyaning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini, nufuzini oshiradi.

Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirishga zamin yaratadi. Xalq qaysi partiyaning g‘oya va ilgari surayotgan saylovoldi dasturi kuchli bo‘lsa, shu partiyaga ovoz beradi. Endi saylovlarda siyosiy partiyalar o‘rasida raqobat muhiti, haqiqiy siyosiy kurash bo‘lishi shubhasiz.

“Saylovlar demokratiya ko‘zgusi” deymiz saylovlar orqali har bir fuqaro jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita ishtirok etadi hamda mamlakat taqdiriga nisbatan befarq emasligini namoyon etadi. Saylovlar xalqning davlat hokimiyati bilan qayta aloqasini ko‘rsatib turadi.

Shu bois, fuqarolarning mamlakat boshqaruvida yanada keng ishtirokini ta’minlash maqsadida saylov qonunchiligini izchil takomillashtirib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqimizning irodasi bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan qator normalar o‘z aksini topgan.

Qayd etishimiz kerakki, bunday yangi konstitutsiyaviy normalar sohani tartibga soluvchi maxsus qonunlarda ham o‘z aksini topishi lozim. Chunki, Konstitutsiyamizning 16-moddasiga muvofiq birorta qonun Konstitutsiya normalariga zid bo‘lishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan.

Shu bois, bir qator deputatlarimizning tashabbusi bilan saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Qonun loyihasi bilan Saylov kodeksiga hamda 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilmoqda.

Bunda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlik o‘rnining 50 foizi majoritar, ya’ni hozirgidek muayyan okruglar bo‘yicha eng ko‘p ovoz olgan nomzodlar saylanishi, qolgan 50 foizi esa proporsional, ya’ni aniq bir shaxsga emas, balki partiyaga ovoz berish orqali, partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan ro‘yxat asosida nomzodlar saylanishi kabi normalar kiritilmoqda.

Bunday saylov tizimida partiyalar muhim o‘rin tutadi. Ular aholi bilan munosabatlarini ta’sirchan va natijador bo‘lishiga harakat qiladi. Partiya o‘z dasturi orqali xalqni ishontira olsagina muayyan ovozga erishadi.

Yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, so‘nggi yillarda xotin-qizlarga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Ularning huquq va manfaatlari qonun bilan himoyalanmoqda. Bugunning ayoli siyosiy jarayonda Qonunchilik palatasida 32 foizni, mahalliy Kengashlarda esa 25 foizni tashkil etmoqda. Yaqinda qabul qilgan Bosh qomusimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlari kafolatlab qo‘yilgan bo‘lsa, bugun qabul qilayotgan qonun loyihasida ham xotin-qizlarga 30 foizlik kvota belgilash normasi kiritilayotganligi kelgusida ayollarimizni yanada siyosiy faolligini ta’minlashga xizmat qiladi.

E’tiborli jihati, partiya ro‘yxatiga ham gender tengligini ta’minlash maqsadida xuddi majoritar tizim bo‘yicha nomzodlarning kamida 30 foizi ayollar bo‘lishi nazarda tutilmoqda;

Shuningdek, saylov komissiyasi a’zolarining ijtimoiy kafolati kuchaytirilmoqda. Xususan, saylov komissiyasining o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan a’zolari saylov davrida ish beruvchining tashabbusi bilan ishdan bo‘shatilishi yoki ularning roziligisiz boshqa ishga o‘tkazilishi mumkin emasligi o‘rnatilmoqda. Hech kimga sir emaski, saylov jarayonida ko‘pincha jamoatchilik asosida ishlaydigan saylov komissiyasi a’zolariga og‘irroq bo‘ladi. Bu normaning kiritilishi ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladi.

Qonun loyihasida Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlari saylovi natijalarini belgilash tartibi takomillashtirilmoqda. Amaldagi qonunchilikda saylovda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan ko‘pining ovozini olgan nomzod saylangan hisoblanadi, ya’ni mutlaq ko‘pchilik ovoz talab etiladi. Endilikda bir mandatli saylov okruglarida boshqalarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan nomzod deputat etib saylanishi belgilanmoqda.

Xususan, mutlaq ko‘pchilik emas, balki nisbiy ko‘pchilik ovozi bilan deputatlar saylanishi nazarda tutilmoqda. Yana shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, bu takroriy saylovlarning bo‘lmasligiga, budjetdan ortiqcha mablag‘ sarflash va saylovchilarning, saylov komissiyalarining ortiqcha vaqt sarflashining oldini olishga xizmat qiladi.

Shuningdek, siyosiy partiyalarning parlamentdagi rolini yanada oshirishga qaratilgan qoidalar kiritilmoqda. Jumladan: partiya ro‘yxati asosida saylangan deputatlar muayyan saylov okrugiga ega bo‘lmaydi. Bunday deputatlar va saylovchilar o‘rtasidagi munosabatlarni shakllantirish uchun asosiy mas’uliyat siyosiy partiyalar fraksiyasi zimmasida bo‘ladi. Qonun loyihasi bilan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida»gi qonuniga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Partiya ro‘yxati asosida saylangan deputatlarning saylovchilar bilan aloqasi tegishincha siyosiy partiya fraksiyasi tomonidan belgilanishi normasi bilan to‘ldirilmoqda. Bu esa parlamentda fraksiyalarning o‘rnini va deputatlarning fraksiya oldidagi mas’uliyatini oshiradi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu Konstitutsiyaviy Qonun siyosiy partiyalar va deputatlar o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishiga, partiyalar mavqeyi hamda saylov organlarining professionallik darajasi yanada oshishiga xizmat qiladi.

 

Mavjuda Hasanova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish