Siyosiy partiyalar yangicha demokratik muhitda kurashadilar
Siyosiy partiyalar yangicha demokratik muhitda kurashadilar

 

Xalqimizning irodasi bilan qabul qilingan Yangi Konstitutsiyamizga qonunchilikni moslashtirish bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bir qator qonunlar ko‘rib chiqilmoqda. Albatta, “saylovlar demokratiyaning ko‘zgusi” ekanligini inobatga oladigan bo‘lsak, bu borada ham qonunchiligimizni takomillashtirib borish eng asosiy masalalardan biri hisoblanadi.

Hozirgi kunda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan Saylov kodeksiga o‘zgartirish kiritilishi ya’ni aralash saylovga o‘tish natijasida siyosiy partiyalarning o‘z g‘oyalari va dasturlari ijrosi uchun “yangicha kurash maydoni” paydo bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida siyosiy partiyalarning saylovchilar oldidagi mas’uliyatini yanada oshirib, o‘z g‘oyalarini amalga oshirish bo‘yicha hisobdorlik, qolaversa xalqimizni o‘ylantirib kelayotgan muammolarning yechimi bo‘yicha aniq manzilli yondoshuvni talab qiladi.

Kuni kecha O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi fraksiyasining hamda Markaziy kengash ijroiya qo‘mitasining, viloyat, tuman partiya faollarining kengaytirilgan yig‘ilishida yuqoridagi masalalar muhokama qilindi.

Kengaytirilgan yig‘ilishni uch qisimga taqsimlasak, birinchi navbatda oldimizga qo‘yilgan maqsadlarimiz natijalari tanqidiy, tahliliy muhokama etildi. Aralash saylov tizimiga o‘tish mohiyati, dolzarb vazifalar, jamoatchilik nazorati tahlillari, asosiysi saylovlarga kirib borishdagi dastur bo‘yicha ma’ruzachilarning aniq takliflari bildirildi.

Ahamiyatlisi shunda-ki, jamoatchilik nazorati yuzasidan monitoring tahlillari, qonun ijodkorligi bo‘yicha vazifalar bilan bir qatorda media makonda ham xalqimizni ichiga kirib borish har qachongidan ham ahamiyatli ekanligi ma’ruzachilar tomonidan ta’kidlandi.

Avvalgi saylovlarda shaxs uchun, uning ish tajribasi, fikrlashi, ma’lum bir voqelikka nisbatan qarashlariga ovoz berilgan. Qaysidir ma’noda o‘tgan saylovlarda partiyalarning munosib nomzodlari ularning shaxsiy imkoniyatlari, qarindosh urug‘lari, tanish bilishlari hisobiga ovoz olishgan bo‘lsa, endilikda 75 ta hududda aynan partiya g‘oyalari uchun kurash ketadi. Bu ham siyosiy partiyalar uchun adolatli kurash maydoni desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bugun saylovchilar avvalgidek siyosiy jarayonlarga befarq emas. Deputatlar ham, nomzodlar ham, siyosiy partiyalar ham faoliyatlarini o‘zgartirishi zamon talabi.

O‘zbekiston XDP faollari, tajribasi, mahalliy kengashlarga saylangan xalq vakillari salohiyati bilan ham o‘z o‘rniga ega partiya. O‘ylaymanki, partiyamiz g‘oyalari xalqimizga juda yaqin, biz o‘z g‘oyalarimizni saylovchilarga yetkazish orqali juda katta imkoniyatlarga ega bo‘lamiz.

Muxtasar qilib aytganda, aralash saylov tizimiga o‘tish – partiya g‘oyalarining amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etilishida qo‘l keladi.

 

Shohista Turg‘unova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 


 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish