Xalq demokratik partiyasi 32 yoshda!
Xalq demokratik partiyasi 32 yoshda!

 

Inson tirik ekan, hayotida ijobiy o‘zgarishlarga intilib yashaydi. O‘zgarishlar hayotingiz, yashash tarzingiz, muhitingizni o‘zgartiradi.

Bundan 10 yil muqaddam men O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasiga a’zo bo‘lishim orqali shu kabi o‘zgarishlarga erishaman, deb o‘ylamagan edim. 2013 yilda partiyaga a’zo bo‘lishim va partiyada faoliyat boshlashim men uchun biroz erish tuyulgan bo‘lsa-da, keyinchalik taqdirimdagi muhim o‘zgarishlarga, eng asosiysi, insonlarga kerak bo‘lib yashashimga va siyosiy maydonga kirib kelishimga zamin yaratdi.

Shu 10 yil ichida partiya orqali mahalliy Kengash deputatligiga, 2019 yilda esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputat etib saylanishimda partiyamiz tayanch bo‘ldi.

Partiya ichida bo‘lmasangiz, ishlarini ham, uning o‘rnini ham sezmaysiz. Agar partiya bilan hamnafas bo‘lsangiz, jamiyatda partiyalarning o‘rni va mavqeini his qilasiz. Amalga oshirayotgan ishlaringizdan kayfiyatingiz ko‘tariladi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan insonlarning huquq va manfaatlarini ifodalaydi. Partiyaning dasturiy maqsad va g‘oyalarini xalq orasida keng yoyish hamda aholi muammolarini ijobiy hal etishda partiyadan saylangan deputatlarning alohida o‘rni bor. Bugungi kunda xalq vakili qanchalik faol va jonkuyar bo‘lsa, partiyamiz shu darajada omma orasida obro‘-e’tiborga va eng asosiysi, xalqning muhabbatiga sazovor bo‘ladi. Partiyamiz atrofiga faol yoshlar, ayollarning a’zo bo‘lishiga erishiladi hamda ularning ham hayotdagi o‘rnini topishiga ko‘maklashadi.

Albatta, partiya tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar, tadbirlar va xalq bilan muloqot o‘tkazib, saylovchilarning mehrini qozonishga muvaffaq bo‘linadi. Masalan, partiyamiz bilan hamkorlikda ko‘plab nogironligi bo‘lgan shaxslarni nogironlik aravachalari bilan ta’minlashda ko‘mak ko‘rsatildi.

Shuningdek, ko‘plab fuqarolarning murojaatlariga asosan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarini, maktablarni, sog‘liqni saqlash muassasalarini mukammal ta’mirlashga erishdik.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi kabi ko‘plab elektoratimizni qiynab turgan muammolar yechimiga yo‘l ochadigan qonunlar qabul qilinishiga erishildi.

Fursatdan foydalanib, men va men kabi insonlarning hayotida ijobiy o‘zgarishlar qilishga erishgan va siyosiy yetuk shaxslarni shakllantirayotgan partiyamizning qutlug‘ bayrami bilan barcha partiyadoshlarimizni, faxriylarini va partiyamiz safiga kirishni niyat qilgan tarafdorlarimizni tabriklayman.

 

Dilbar Mamadjanova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 1.11.2023, №43

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish