Xalq demokratik partiyasi 32 yoshda!
Xalq demokratik partiyasi 32 yoshda!

 

Aytishadiki, shaxsiy karyera, bu – katta bir hikoya. Ahamiyat berganmisiz, siyosiy suhbatlar osongina qizib ketadi. Yer yuzidagi insonlarni o‘ziga jalb qiladigan har qanday tashkilot o‘z siyosatiga ega. Siyosat har doim kundalik hayotimizda markaziy o‘rinni egallab kelgan va bu kelajakka yo‘naltiradi. Siyosiy maydonga kirish, atrofdagi dunyoni yaxshiroq o‘rganish uchun ijtimoiy munosabatlarni tahlil qilish kerak.

10 yil oldin siyosat deganda, minbardan turib, zalvorli nutqlar so‘zlash, doimiy rasmiy kiyim va shunga o‘xshash elita hayot ko‘z oldimga kelardi. O‘zbekiston XDPda faoliyatimni boshlagan ilk kunlarda juda hayajonlanganman, ijtimoiy-siyosiy maydonga kirishga, to‘g‘risi, biroz hadiksiraganman ham. Lekin keyinchalik bu hadik o‘rnini qiziqish, jamiyat ishiga kuchli daxldorlik tuyg‘usi egalladi. Saylovlarda muvaffaqiyatli qadam tashladim.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashi a’zosi bo‘ldim. Mamlakat tarixida 21 yoshida deputat bo‘lgan eng yosh deputat sifatida e’tirof etilganman. Qo‘l ko‘tarib tasdiqlashdan tashqari, saylovchilar muammolari bilan ishlashni majburiyatim, deb bilganman.

Aytishim kerakki, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi shaxs sifatida shakllanishimga katta zamin yaratdi. Mamlakatimizda ilk marotaba tashkil etilgan Yoshlar parlamentining dastlabki a’zolari qatoridan joy oldim. Hozirgi kunda ham Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining Mahalladagi yoshlar yetakchilari bilan hamkorlik masalalari qo‘mitasi raisi sifatida faoliyat yuritib kelyapman. Shuningdek, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi bosh maslahatchisi sifatida ham mehnat faoliyatimni olib boryapman.

O‘tgan davrlar davomida bir narsaga amin bo‘ldimki, uch davlat hokimiyatidan tashqari, yagona oliy hokimiyat – bu xalqimiz irodasi ekan. Partiyamiz insonlar hayotining har bir bosqichida jarayonlarga ko‘makchi bo‘lmoqda, fuqarolar bilan muloqot o‘rnatish yo‘lidan ketmoqda. Qonunlarni qabul qilishda vijdonan va mas’uliyat bilan ishtirok etish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda.

Barcha partiyadoshlarimizga Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lidagi ishlarida omadlar yor bo‘lishini istab qolamiz.

 

Shohruh O‘ktamov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 1.11.2023, №43

 

 

 

 
← Roʻyxatga qaytish