Oila sog‘lom ekan – jamiyat mustahkam, mamlakat barqaror bo‘ladi
Oila sog‘lom ekan – jamiyat mustahkam, mamlakat barqaror bo‘ladi

 

Bugun butun dunyo oila instituti inqiroziga, xususan, nikohlar beqarorligi, ajrashishlar soni ortishi, nikohsiz tug‘ilishlar ko‘payishi, oilaviy hayot va farzand tarbiyasiga toqatsizlik kabi muammolarga to‘qnash kelyapti. Bunday muammolar millatning ma’naviy tanazzuliga sabab bo‘lishi mumkinligini olimlar ilmiy jihatdan asoslab berganlar.

Millatimiz faxri, buyuk mutafakkir bobomiz Abdurauf Fitrat “Oila” asarida bu borada aniq va tiniq fikrlarni bizga meros qilib qoldirgan: “Har bir millatning saodati va izzati shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga bog‘liq. Tinchlik va totuvlik esa millat oilalarining intizomiga tayanadi, mamlakat va millat ham shuncha kuchli bo‘ladi. Agarda bir mamlakatning aholisi axloqsiz va johillik bilan oilaviy munosabatlarni zaiflashtirib yuborsa va intizomsizlikka yo‘l qo‘ysa shunda bu millatning saodati va hayoti shubha ostida qoladi” deb ta’kidlagan. Bejizga oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini deyilmagan. Oila sog‘lom ekan - jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan-mamlakat barqaror bo‘ladi. Oila mustahkam bo‘lishi uchun avvalambor qonunda belgilangan tartibda nikoh tuziladi. Oila kodeksining 13-moddasida belgilanganidek, nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Ming afsuki, kyeyingi paytlarda oilaviy munosabatlarga yengil-yelpi qarash holatlari ko‘proq uchramoqda. Ayrim xotin- qizlar oqibatini o‘ylamay “shar’iy nikoh” orqali ikkinchi xotin bo‘lish yo‘lini tanlashmoqda. Tasavvur qiling, tegishli davlat idorasida qonuniy qayd etilmagan nikohdan tug‘ilgan farzandlarning taqdiri, kelajagi nima bo‘ladi? Tabiiyki, davlat qonunlari bo‘yicha ular ko‘pgina huquqlardan mahrum bo‘ladi, xususan, otalikni belgilash, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani olish, meros huquqi, o‘sib ulg‘aygandan keyin, bog‘chaga, ta’lim muassasasiga qabul qilish masalalarida qanchadan-qancha muammolar paydo bo‘ladi. Eng yomoni, bunday bolalar ruhan majruh bo‘lib, turli ma’naviy nuqsonlar bilan voyaga yetadi. Ular o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosiman, deb his eta olmaydi. FHDYo ro‘yxatidan o‘tmagan oilalarda ajrim ko‘pligi va bunday hollarda ayollar o‘z huquqlarini himoya qila olmayotganligiga guvoh bo‘lyapmiz. Natijada, qonunga zid holda qurilgan oilalar parokanda bo‘lib, bolalarning tirik yetim bo‘lishi kabi noxush holatlar yuzaga kelmoqda.

Jamiyatdagi har bir soha va faoliyat, har bir munosabat va harakat qonun bilan tartibga solinadi. Qonunga bo‘ysunish majburiy, qonun oldida barcha birdek javobgar hisoblanadi.

Oilani, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash hamda yuqoridagi kabi oila qurishda kuzatilayotgan illatlarning oldini olish maqsadida Prezident tomonidan imzolangan O‘RQ-874-sonli Qonun bilan Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

 

Qonunda ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra:

 

Nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish:

— BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 950 ming so‘mdan 9 mln 900 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

 

Ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilish, ushbu mazmundagi qarashlarni, g‘oyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish, shuningdek bunday xatti-harakatlarni rag‘batlantirish:

— BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 950 ming so‘mdan 9 mln 900 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

 

Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra:

Nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa:

 

— BHMning 75 baravaridan 150 baravarigacha (24 mln 750 ming so‘mdan 49 mln 500 ming so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 360 soatdan 400 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

 

Qonunlarga kiritilayotgan bunday o‘zgarishlar oilalar mustahkam va sog‘lom bo‘lishiga xizmat qiladi. Buning uchun qonunchilikdagi yangiliklarni aholi o‘rtasida keng targ‘ib etish ishlarida partiya tizimi va safidagi xodimlar, deputatlar faol ishtirok etishlari lozim. Shuning bilan birga Qonun ijrosi ustidan kuchli deputatlik va jamoatchilik nazorat o‘rnatilishi kerak.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, o‘z kelajagini qurishda, belgilashda insonlar adashmasligi, oila-muqaddas qo‘rg‘on ekanligini anglab yetishlari, qonunda belgilangan tartibda nikoh tuzib, oila va jamiyat mustahkamligi, mamlakat barqarorligini ta’minlashda o‘z hissalarini qo‘shishlari lozim.

Zero, oila hayotning abadiyligini, avlodlarning davomiyligini ta’minlaydigan, shu bilan birga, kelajak nasllar qanday inson bo‘lib yetishishiga, jamiyat ravnaqiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan tarbiya o‘chog‘i hisoblanadi.

 

Gulshan Asatova,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi “Ayollar qanoti” rahbari.

 

 

 

Teglar

«Faol ayollar» qanoti Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish