Qardosh xalqlar bilan yuksak maqsad sari
Qardosh xalqlar bilan yuksak maqsad sari

 

Ma’lumki, o‘zbeklar turkiy xalqlar tarkibiga kiruvchi tili, dini va qadriyatlari bir-biriga yaqin bo‘lgan qardosh xalqlar bilan tarixan bir hududda shakllanib, rivojlanib kelgan. Sharqdan Xitoy va g‘arbda Yevropagacha cho‘zilgan hududlarda joylashgan turkiy tilli xalqlarning bugungi kungacha o‘zaro bog‘liq holda rivojlanishi va taraqqiy etishida ularning o‘zaro birdamligi, tili va e’tiqodiga hurmat, ijtimoiy-iqtisodiy hamkorligi hamda madaniy aloqalarning mustahkamligi sabab bo‘lmoqda, deyish mumkin.

160 milliondan ortiq aholini qamrab olgan Turkiy davlatlar tashkiloti tashkil etilganiga ham 14 yil to‘ldi. Bugungi kunda mazkur tashkilot yangi dunyo tartiboti va xalqaro institutlar tizimida o‘ziga xos muhim o‘ringa ega bo‘lib boryapti.

Joriy yil 2-3 noyabr kunlari Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining “Turkiy davr” shiori ostidagi navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda 10 ta muhim strategik hujjatlar imzolandi.

Sh.Mirziyoyev O‘zbekiston raisligida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi nutqida tashkilotga a’zo qardosh davlatlar bilan olib borilgan ilmiy, huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy aloqalaridagi yutuqlarini e’tirof etib o‘tdi.

Shu o‘rinda, bugungi kunda davlatlar o‘rtasidagi ishonch inqirozi tobora avj olayotgani, global xavfsizlikni ta’minlashda yangi muammolar yuzaga kelayotgani, ayrim davlatlarning tashqi siyosatida xalqaro huquq me’yorlaridan chetga chiqish holatlari kuzatilayotgani ta’kidlandi.

Sammitda davlatimiz rahbari mamlakatimizning yaqin va uzoq kelajagi, xalqimizning tinchligi va farovonligi yuzasidan ham bir qator muhim tashabbus va takliflarni ilgari surdi. Jumladan, Tashkilot doirasida o‘zaro hurmat, ishonch va ochiqlik tamoyillarini mustahkamlash, birgalikda turli to‘siqlarni samarali yengib o‘tish, Turkiy xalqlar birdamligini, ularning buyuk o‘tmishi va boy madaniyatini, azaliy qadriyatlarini ifoda etadigan “Turkiy dunyo xartiyasi”ni ishlab chiqish;

– davlatlar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish maqsadida Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish ishlarini faollashtirish;

– Turkiy davlatlar savdo hamkorligi tadqiqot markazini tashkil etish bo‘yicha boshlangan amaliy ishlarni tezroq yakunlash;

– global logistika zanjirlari va transport yo‘laklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, yagona tranzit tarmog‘ini shakllantirish. Temir yo‘l idoralari kengashi direksiyasini yurtimizda joylashtirish;

– ekologiya sohasida keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirish maqsadida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi Turkiy ekologiya forumini tuzish;

– yangilikka intilib yashaydigan, tashabbuskor o‘g‘il-qizlarni rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekistonda Turkiy dunyo kreativ yoshlari markazini ochish kabi muhim takliflarni ilgari surdi.

Yurtboshimiz nutqidagi muhim bir masala barchani yana bir bor sergaklikka tortdi. Ko‘p millatli Afg‘oniston zaminida tinchlik va osoyishtalik o‘rnatish mintaqada strategik barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning muhim omili ekanligi, bunda nafaqat O‘zbekiston balki Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar birgalikda Afg‘on xalqiga har qanday insonparvarlik yordamini ko‘rsatishi muhimligini ta’kidladi.

Turkiy tilli davlatlarning oldiga qo‘ygan oliy maqsadlari ham xalqlar o‘rtasida tinchlik va xavfsizlik, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’rifiy va madaniy sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, azaliy yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yanada mustahkamlashdan iboratdir.

 

Husan Abduniyazov,

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Jizzax viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari,

xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish