Iqtisodiy Hamkorlik tashkilotining nodir imkoniyatlar eshigi
Iqtisodiy Hamkorlik tashkilotining nodir imkoniyatlar eshigi

 

Bugun O‘zbekiston Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotida xalqaro maydonga chiqqanligi, qator qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro hamjihatlikda, tashqi siyosiy faoliyatining MDH, SHHT, TDT va IHTlar bilan mustahkamligi ham alohida e’tirofga loyiq. Xususan, poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan sammit nufuzli xalqaro tashkilotlar, yetakchi xorijiy kompaniyalar va ekspertlar ishtirokida bu boradagi ilg‘or tajribalarni muhokama etish, birgalikda umumiy harakatlar rejasini tuzish uchun imkoniyat yaratdi. IHTning bugungi kundagi maqsadlari aniq, pragmatik va shaffofdir. Ya’ni, savdo-sotiq yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish, davlatlar o‘rtasidagi savdoni rivojlantirish, tashkilotga a’zo mamlakatlar tovarlarini jahon bozoriga olib chiqishga yo‘naltirilgan.

Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston va Turkiya davlatining iqtisodiy salohiyati o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi hamdo‘st ekanligi ham e’tirofga loyiq. Nafaqat Turkiya, boshqa davlatlar bilan ham do‘stligi, o‘tkazilayotgan iqtisodiy islohotlar esa yurtimizni yanada jozibador ekanini isbotlamoqda. Masalan, IHT doirasidagi umumiy 500 million kishilik bozor, u yerdagi mahsulot va xizmatlarning xilma-xilligi tadbirkorlarimiz uchun nodir imkoniyatlar eshigini ochdi.

Prezidentimiz o‘z nutqida o‘tgan yili mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichi 85 milliard dollarni tashkil etganini ta’kidladi. Bu Tashkilotga a’zo davlatlar umumiy tashqi savdosining atigi 8 foizi demakdir. Afsuski, imtiyozli savdo bitimini tuzish bo‘yicha ko‘p yillik urinishlar kutilgan samarani bermayapti. To‘siqsiz savdoni shakllantirish yo‘lida hali-hamon ko‘plab cheklov va muammolar saqlanib qolmoqda.

Bu holatlarni ochiq tan olishimiz va ularni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun vaziyatga yangicha qarash bilan yondashishimiz kerak. Davlat rahbari shu munosabat bilan ekspertlarimiz tomonidan ishlab chiqilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi bitim qabul qilishga chaqirdi.

Ushbu hujjatda tovar va xizmatlar savdosini yengillashtirish, texnik va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya tartib-qoidalarini raqamlashtirish, elektron savdoni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu chora-tadbirlar orqali 2035 yilga borib o‘zaro savdo hajmini kamida ikki barobar ko‘paytirish mumkin. Bu borada IHTning kelajakdagi ustuvor soha va tarmoqlarini belgilab beruvchi “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035” konseptual hujjatida ham keltirib o‘tilgan.

Xulosa o‘rnida aytish kerak, savdo, sanoat, innovatsiyalar, energetika,transport, ta’lim, madaniyat turizm va boshqa sohalardagi qo‘shma loyiha va dasturlarni jadallashtirish bugunning ustuvor vazifasiga aylandi. Sammit ishtirokchilari, a’zo davlat rahbarlari mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan o‘zaro tajriba almashdilar. Iqtisodiy hamkorlikning mustahkamlanishi mamlakatni bu boradagi imkoniyatlarini kengaytiradi. Iqtisodiy salohiyatning o‘sishi esa ijtimoiy hayotni yaxshilashga, barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

 

O‘rol O‘RAZBOYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish