O‘zA: O‘zXDP pensiya ta’minotiga oid tashabbus bilan chiqmoqda
O‘zA: O‘zXDP pensiya ta’minotiga oid tashabbus bilan chiqmoqda

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga asosan kelasi yil 1 yanvardan fuqarolarga pensiya tayinlash uchun qo‘shimcha ravishda Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. 2025 yil 1 martdan boshlab 60 yoshga yetgan erkaklarga va 55 yoshga yetgan ayollarga pensiyalar “avtomatik” tarzda, ya’ni biror-bir turdagi hujjat talab etmagan holda tayinlanadi. Natijada fuqarolar pensiya tayinlash uchun qo‘shimcha hujjatlar yig‘ish, Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘linmasiga murojaat qilishiga hojat qolmaydi.

Ammo tizimda yechimini kutayotgan masalalar yo‘q emas. Xalq demokratik partiyasining markaziy va hududiy tashkilotlari, tuman, shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari, parlamentdagi fraksiyasi a’zolari doimiy o‘z elektorati, jamoatchilik vakillarining murojaatlarini hal etishga intiladi. Shu bilan birga, fuqarolar berayotgan takliflarni o‘rganib, amalga oshirishga alohida e’tibor qaratadi.

Partiya elektorati, jamoatchilik vakillaridan pensiya tayinlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning yaqinlari duch kelayotgan ijtimoiy masalalarni hal qilish bo‘yicha Xalq demokratik partiyasining parlamentdagi fraksiyasi yangi qonunchilik tashabbusini ilgari surishga tayyorlanmoqda.

Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi va Markaziy Kengashi a’zolaridan iborat ishchi guruhining yig‘ilishida qishloq xo‘jaligi sohasida ishlab pensiyaga chiqqan shaxslar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning oila a’zolari manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish to‘g‘risidagi masala muhokama etildi.

– Fraksiyamiz tomonidan ishlab chiqilayotgan qonun loyihasida uchta yo‘nalishdagi takliflar aks etmoqda, – dedi fraksiya a’zosi Ulug‘bek Vafoyev. – Birinchi yo‘nalish pensiyani tayinlash masalasi bilan bog‘liq. “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunning 37-moddasida "1965 yildan keyingi davr uchun jamoa xo‘jaligidagi ish stajini hisoblab chiqarishda, agar jamoa xo‘jaligi a’zosi uzrsiz sabablarga ko‘ra jamoa xo‘jaligida belgilangan mehnatda ishtirok etish minimumini bajarmagan bo‘lsa, ishlangan vaqtning amalda davom etgan davri hisobga olinadi”, deb belgilangan. Ammo amalda qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat faoliyatini 2005 yilga qadar yuritgan fuqarolarning faoliyati to‘g‘risidagi (har yilgi mehnat minimum qarorlari) ma’lumotlari arxiv saqloviga topshirilmagan yoki umuman belgilanmagan. Oqibatda 2005 yilga qadar qishloq xo‘jaligi sohasida (jamoa xo‘jaligi, davlat xo‘jaligi va shirkat xo‘jaligida) mehnat qilgan aksariyat shaxslarga boshqalarga nisbatan kam miqdorda pensiya tayinlangan. Bu jarayon hozirga qadar ham davom etib kelmoqda. Ishlagani haqida ma’lumot saqlanmagani yoki umuman yo‘qligi uchun fuqaro javobgar bo‘lishi to‘g‘ri emas. Bu bir vaqtlar jamoa xo‘jaligida mehnat qilgan fuqarolarning manfaatlari cheklanishiga, boshqa sohalarda faoliyat olib borganlarga nisbatan 2-3 barobar kam pensiya hisoblanishiga olib kelmoqda. Fraksiyamiz ilgari surishga tayyorgarlik ko‘rayotgan qonun loyihasi bilan ana shu kamchilikni tuzatish, qishloq xo‘jaligida ishlagan yurtdoshlarimizning huquqini himoya qilish, mehnatini munosib baholash maqsad qilinmoqda.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, qonunchiligimizda farzandlarini parvarishlayotgan ayollarga pensiya belgilanishida ayrim muammolar mavjud. Fraksiya a’zolari saylovchilar bilan uchrashuvlarda ayollarning farzandlarini parvarishlash ta’tillarida bo‘lgan vaqtlari pensiya tayinlashda to‘liq inobatga olinmasligi bo‘yicha e’tirozlar bildirilayotganini ta’kidladilar. Bundan tashqari, patronaj xizmatiga muhtoj nogironlarning ushbu xizmatdan foydalanish huquqini amalga oshirish bilan bog‘liq muammolar ham mavjud. Patronaj xizmatiga muhtoj nogironlarni parvarishlash ishlari asosan ularning oila a’zolari, xususan, onalari tomonidan amalga oshiriladi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 84,7 ming 16 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bor shaxslar bo‘lib, ularning yarmidan ko‘prog‘i qishloq joylarda istiqomat qiladi. 42,6 ming nafari esa tug‘ma nogironlar sanaladi. O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan nogironlar va ularning oila a’zolarining ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida II guruh nogironiga yoki 16 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolaga, shuningdek, o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan (davolash muassasasining xulosasiga ko‘ra) 80 yoshga to‘lgan qariyalarga qarab turilgan vaqt yoshga doir pensiya tayinlanayotganida ish stajiga qo‘shib hisoblanishi nazarda tutilgan.

Biroq ushbu qonunning 37-moddasi 2-qismida cheklovlar o‘rnatilgan bo‘lib, mazkur moddaning “d” va boshqa bandlarida nazarda tutilgan davrlar umumiy ish staji kamida 7 yil bo‘lgan taqdirda ish stajiga qo‘shib hisoblanishi belgilangan. Bu bilan o‘zgalar parvarishiga muhtoj tug‘ma nogiron bolalarni tarbiyalayotgan ayollarga yoshga doir pensiya tayinlanayotganda sog‘lom bola tarbiyalayotgan ayollarga nisbatan teng bo‘lmagan sharoitda hisoblanmoqda. Shundan kelib chiqib, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunning 37-moddasiga tegishli o‘zgartirish kiritish taklif etilmoqda.

Ishchi guruh yig‘ilishida mazkur masalalar soha mutaxassislari ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, qonun loyihasini tayyorlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish