Bayrog‘imiz – faxrimiz, g‘ururimiz!
Bayrog‘imiz – faxrimiz, g‘ururimiz!

 

18-noyabr O‘zbekiston Respublikasining

“Davlat bayrogi togrisida”gi

qonuni qabul qilingan kun!

 

Bugun davlatimiz suverenitetining ramzlaridan biri – mustaqil O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganligiga 32 yil to‘ldi.

Davlat ramzlari har bir mamlakatning mustaqilligini ifodalovchi muqaddas belgidir. Respublikamiz davlat ramzlari xalqimizning shon- sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz ifodasidir.

O‘zbekiston suverenitetini belgilaydigan ramzlar orasida Davlat bayrog‘i alohida o‘rin tutadi. Zero, bayroq xalqning o‘tmishi va buguni, mustaqilligi, tinchligi va barqarorligining timsolidir. U yer yuzining sarhadlarida mustaqil O‘zbekiston davlati borligini anglatadi va o‘zida milliy-madaniy an’analarimizni mujassamlashtiradi.

O‘zida juda katta ma’no-mazmunni aks ettirgan, yuksak did va mahorat bilan puxta ishlangan, butun O‘zbekiston ahlining asriy orzu-istaklarini, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni, ajdodlar yodi hamda millat g‘ururini o‘zida mujassam etgan bayrog‘imiz sayyoramizdagi barcha mamlakatlarning davlat ramzlari orasida alohida hurmat va ehtiromga sazovordir.

Qadimdan yurtimiz davlatchiligida bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, g‘alaba timsoli bo‘lgan. Sohibqiron Amir Temur saltanatida davlat tug‘i adolat, buyuk kuch-qudrat ramzi hisoblangan.

Haqiqatdan ham, hayotimizda ramz va timsollarning o‘rni katta. Zero, milliy ramzlar or-nomus, shon-sharaf sanalgan. Shayx Najmiddin Kubroning jasoratini tarixdan yaxshi bilamiz. Hamon bu buyuk qahramonlik tildan tushmaydi, hanuzgacha xalqimizni vatanparvarlikka, qahramonlikka chorlaydi. Yurt bayrog‘ini yov qo‘liga topshirishni istamagan Najmiddin Kubro uni qo‘lida mahkam tutgancha jon bergan edi. Dushman harchand urinmasin, uning qo‘lidan bayroqni tortib ololmay, oxiri panjalari bilan kesib oladi. Tug‘ini jonidan ortiq asragan To‘maris, Spitamen, Muqanna, Temur Malik, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi o‘nlab sarkardalar hayoti ham bugun avlodlarimizga katta ibrat. Aslida Vatan bayrog‘ini ko‘zga surtish, uni to‘tiyo qilish Vatanni sevish, uning uchun jonini fido qilishga tayyor bo‘lish deganidir.

Bugun milliy bayrog‘imiz nafaqat davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, balki O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi. Turli bayram tantanalarida, mamlakatimiz a’zolari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida ham bayrog‘imiz Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirmoqda. Birgina misol, xalqaro sport bellashuvlarida g‘alaba qozongan sportchilarimiz sharafiga yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarilgan lahzada har birimiz cheksiz hayajon bilan faxr va iftixor hissini tuyamiz hamda g‘ururlanamiz.

Davlat ramzlarining muqaddasligini, ular bizga yurt manfaati hamma narsadan ustunligini anglatib, eslatib turishini har birimiz yodda tutishimiz va yosh avlodga yetkazishimiz shart.

Bayrog‘imizning balandligi yurtimizning obro‘-nufuzi yuksakligidan dalolatdir. Shunday ekan, faxrimiz va g‘ururimiz timsolini hamisha e’zozlaylik va boshimiz uzra baland ko‘taraylik, bayrog‘imiz mangu hilpirayversin!

 

Gumbazlarda, yuksakda,

Peshtoqlarda, falakda,

Ko‘ngillarda, yurakda,

O‘zbekiston bayrog‘i.

 

Rangi hayot misoli,

Yulduzlari hiloli,

Mustaqillik timsoli,

O‘zbekiston bayrog‘i.

 

Gulshan Asatova,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi “Ayollar qanoti” rahbari.

 

 

 

 

Teglar

«Faol ayollar» qanoti
← Roʻyxatga qaytish