Kredit ajratishning barcha bosqichlari elektron tarzda amalga oshiriladi
Kredit ajratishning barcha bosqichlari elektron tarzda amalga oshiriladi

 

Aholini daromadli ish bilan ta’minlash, odamlarning turmush darajasini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari tashkil etish orqali kambag‘allikni qisqartirishda kichik va o‘rta biznes muhim o‘rin tutadi. Yurtimizda esa ushbu sohani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bu sa’y-harakatlar natijasida so‘nggi bir yil davomida kichik tadbirkorlar soni 40 ming taga ko‘paygan holda, ularning umumiy soni 490 ming tani tashkil qilmoqda. O‘rta tadbirkorlar soni esa 2 ming taga oshib, 10 ming taga yetdi.

Hududlarda yangi-yangi korxonalarning foydalanishga topshirilishi tufayli ko‘plab ish o‘rinlari tashkil etilmoqda, minglab, yuz minglab yoshlar, xotin-qizlar ishli, daromadli bo‘lmoqda. Oilasi daromadiga, yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shmoqda.

Mamlakatimizda sohani rivojlantirishga qaratilayotgan katta e’tibor, biznes subyektlariga berilayotgan imtiyoz va yengilliklar sababli bu tarmoq o‘zining iqtisodiyotimizdagi o‘ta muhim va salmoqli hissasi bilan davlatimiz va jamiyatimiz taraqqiyotida tobora muhim o‘rin egallayotir.

Shu yil 15 noyabr kuni qabul qilingan “Aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori bu boradagi ishlarni butunlay yangi bosqichga ko‘tarishi shabhasiz.

Mazkur hujjatda aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Unga ko‘ra, aholi va tadbirkorlik subyektlarini o‘qitish orqali ularning biznes tashabbuslarini moliyaviy va konsultativ qo‘llab-quvvatlash tizimini yo‘lga qo‘yish va “oilaviy tadbirkor – mikrobiznes – kichik biznes – o‘rta biznes” zanjiri asosida ularning faoliyatini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

Shuningdek, davlat dasturlari doirasida kichik va o‘rta biznes loyihalarini “Biznesni rivojlantirish banki” ATB, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ va boshqa hamkor tijorat banklaridan iborat yaxlit moliyaviy tizim asosida qo‘llab-quvvatlanadi.

Qarorda belgilab qo‘yilganidek, kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish uchun “Kichik biznesga ko‘maklashish markazi” MCHJlar va “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJning vakillari belgilangan tartibda Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari binolariga joylashtiriladi.

Davlat dasturlari doirasida ajratilayotgan kreditlardan samarali foydalanish, ularning o‘z vaqtida qaytarilishini ta’minlash maqsadida 2024 yil 1 iyuldan boshlab kredit ajratishning barcha bosqichlari raqamlashtirilgan holda elektron platformalarda amalga oshiriladi.

Yana bir muhim jihat. Ushbu hujjat bilan kredit ta’minotlarini nazorat qilish, garovga olingan mulklarni taqiqdan to‘liq yoki qisman chiqarish hamda almashtirish jarayonlari elektron platformalar orqali markazlashgan holda tashkil qilinadi.

Xarajatsiz daromad ko‘rib bo‘lmasligi hammamizga yaxshi ma’lum. Bu tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlamasdan va ularni rag‘batlantirmasdan turib tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishning iloji yo‘q degani.

 

Anvarxon TЕMIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish