Barqaror rivojlanish maqsadlari va «O‘zbekiston-2030» strategiyasi uyg‘unlikda
Barqaror rivojlanish maqsadlari va «O‘zbekiston-2030» strategiyasi uyg‘unlikda

 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti kun tartibidagi 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga izchil erishish mamlakatimiz Prezidenti boshchiligidagi Yangi O‘zbekiston davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

«Barqaror rivojlanish maqsadlari»ni mamlakat ehtiyojlariga moslashtirish uchun jiddiy qiziqish va intilishlar natijasi sifatida “O‘zbekiston-2030” strategiyasini ko‘rsatish mumkin. Mamlakatimizning kelgusi yetti yillikda rivojlanishini maqsad qilib olgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining maqsad va vazifalari ko‘lami, Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos kelishi bilan ahamiyatlidir.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasining muhim jihatlaridan biri mamlakatimizning barcha fuqarolari, jumladan, olis hududlarda ham turmush darajasi va farovonligiga katta e’tibor qaratilayotgani bilan bog‘liq. Ushbu strategiyaning asosiy maqsadi – yashash joyidan qat’i nazar, mamlakatning barcha aholisi uchun munosib turmush sharoitlarini ta’minlashdir.

Shuningdek, strategiyadagi maqsadlarni amalga oshirish orqali iqtisodiyot hajmini ikki barobarga oshirish, yalpi ichki mahsulot (YaIM)ni 160 milliard dollarga yetkazish, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgi 2200 dollardan 4000 dollarga oshirishni o‘z ichiga oladi.

Mana shu natijalarga erishish uchun xususiy sektorning iqtisodiyotdagi rolini kengaytirishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshiriladi, bu esa unga yanada moslashuvchanlik va dinamika beradi. Natijada O‘zbekiston yuqori darajadagi iqtisodiyotga ega davlatlar toifasiga kiradi. Tovar va xizmatlar bozorida muvozanatni ta’minlash orqali yillik inflatsiya darajasi 5-6 foiz chegarasida saqlanib qoladi, iqtisodiyotda nodavlat sektorning ulushi esa 85 foizgacha oshadi.

Xususan, Strategiyaning birinchi yo‘nalishi har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratishni nazarda tutadi. Birgina shu birinchi yo‘nalishning o‘zida O‘zbekiston БМТнинг 1, 3 va 6-chi Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan maqsadlarga erishishiga xizmat qiluvchi quyidagi ustuvor vazifalar belgilangan.

Xususan ta’lim tizimida:

  • bolalarni maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olinishiga erishish, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 100 foiz kompyuter sinfi bilan hamda barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarini toza ichimlik suv va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan to‘liq ta’minlash;
  • umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Ta’lim uchun qulay muhit” dasturini amalga oshirish, ularni toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan to‘liq ta’minlash, yangi avlod darsliklari, mashq daftarlari, pedagoglar uchun metodik qo‘llanmalar va mobil ilovalar, multimediya dasturlarini yaratish, pedagog kadrlar maqomini oshirish, ularning bilimi va malakasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish;
  • oliy ta’lim qamrovini kengaytirish – yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga etkazish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish, 10ta oliy ta’lim muassasasini dunyoning eng nufuzli “Top-1000” oliy ta’lim tashkilotlari reytingiga kiritishga erishish, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan to‘liq ta’minlash kabi aniq ko‘rsatkichlar va vazifalar belgilangan.

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda bolalar va go‘daklar o‘limi sezilarli darajada pasaydi. 2017–2021 yillarda bolalar o‘limi har 1000 ta tirik tug‘ilgan chaqaloq nisbatiga 15,4 dan 12,3 gacha, go‘daklar o‘limi esa har 1000 nafar tug‘ilgan chaqaloqqa 11,5 dan 9,2 koeffitsiyentgacha pasaydi. So‘nggi yillarda kuzatilayotgan sog‘liqni saqlashni sohasini moliyalashtirishning barqaror o‘sishi – 2017 yilda 7,1 trln. so‘m, 2019 yilda 12,1 trln. so‘m va 2021 yilda esa 19,4 trln. so‘mni tashkil etdi. Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi chekka hududlardagi mahallalarda ham sezilarli darajada yangilandi.

Shuningdek, “O‘zbekiston-2030” Strategiyasi doirasida 2030 yilga qadar aholi salomatligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshiriladigan islohotlar doirasida:

  • aholining o‘rtacha umr davomiyligini 78 yoshga etkazish, tibbiyotga yo‘naltiriladigan mablag‘lar hajmini 2 barobarga oshirish, onkologiya, yurak-qon tomir, diabet va nafas yo‘llari kasalliklari bo‘yicha erta o‘limni 2,5 barobar kamaytirish, sil kasalligi bilan kasallanish darajasini 100 ming aholiga nisbatan hozirgi 34 nafardan keskin kamaytirish;
  • аҳолига birlamchi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etishga erishish, respublikada gemodializ o‘rin joylari bilan bemorlarni to‘liq qamrab olish, 350 ming nafar diabet va 1,5 million yurak-qon tomir kasalligi bor bemorlarni davolash bilan to‘liq qamrab olish;
  • bolalar o‘rtasidagi irsiy kasalliklarni 2 barobarga qisqartirish, onalar va bolalar o‘limini qisqartirish, sog‘lom bolalikni ta’minlash, tug‘uruq o‘rinlari sonini 35 foizga oshirish, bolalar orasidagi yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni 20 foizga kamaytirish hamda umuman aholi o‘rtasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni erta aniqlash darajasini 70 foizga etkazish;
  • sog‘lom va faol keksalikni ta’minlash, har yili 55 va undan katta yoshdagi aholini 100 foiz tibbiy profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish va sog‘lomlashtirish, 40 yosh va undan yuqori yoshda aholi orasida jismoniy faol aholi ulushini 2 barobar oshirish;
  • aholi o‘rtasida to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, me’yoridan ortiq tuz iste’mol qiladigan aholi ulushini 32 foizga, yetarlicha jismoniy faollikka ega bo‘lmagan aholini 22 foizga, ortiqcha vaznga va semizlikka ega katta yoshdagi aholini tegishincha 32 foiz va 23 foizga qadar kamaytirish kabi aniq maqsadlar va vazifalar belgilangan.

Shu o‘rinda, aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosat tufayli mamlakatimizda kambag‘allikni 2026 yilga qadar 2 barobarga, 2030 yilga qadar esa keskin qisqartirish rejalashtirilgan.

Kambag‘allikka tushish xavfi mavjud 4,5 mln. aholining daromadlarini oshirish choralari ko‘rilishi, меҳнатга layoqatli aholini, shu jumladan yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni barqaror va samarali bandligini ta’minlash orqali ishsizlik darajasini 7 foizgacha tushirish belgilangan.

Bu borada “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha islohotlar doirasida:

  • ijtimoiy himoya qilish tizimi bilan muhtojlarning barchasi to‘liq qamrab olinishiga erishish, barcha tuman va shaharlarda “Инсон” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyatini tashkil qilish;
  • Nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxslarning sifatli va zamonaviy protez-ortopediya buyumlari bilan ta’minlash darajasini 100 foizga etkazish, ularni reabilitatsiya xizmatlari bilan to‘liq qamrab olish, munosib ish bilan ta’minlash orqali ular bandligini 2 barobarga oshirish;
  • xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash orqali ularning boshqaruv lavozimlaridagi ulushini 30 foizga oshirish. Shuningdek, “Ayollar daftari” bilan manzilli ishlashning shaffof mexanizmini yaratish, mazkur ishlar bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;

-        2 mln nafar fuqarolarni kasb-hunar, tadbirkorlik ko‘nikmalari va xorijiy tillarga o‘qitish, kasb-hunarga o‘qitishda xususiy sektor ulushini 30 foizga etkazish kabi maqsad va vazifalar belgilangan.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish; suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish; qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish; “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish bo‘yicha yo‘nalishlarda ham juda ko‘plab maqsadlar belgilangan.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston o‘zining barqaror rivojlanish yo‘lidagi o‘zgarishlar dasturini ilgari surishda muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Bu ham davlat, ham xususiy moliyaviy ustuvorlikning barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq tarzda o‘zgarishlarni o‘z ichiga olgan holda, mamlakatimizning yanada farovonligiga xizmat qiladi.

 

Dilbar Mamadjanova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish