Bu diplomatik muvaffaqiyat
Bu diplomatik muvaffaqiyat

 

So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston tashqi siyosati tamomila yangi pog‘onaga ko‘tarildi. Bu borada xalqaro e’tiroflar ham dunyo miqyosidagi ommaviy axborot vositalarida bot-bot ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, yaqinda BMT Butunjahon turizm tashkiloti – UNWT Bosh assambleyasining yubiley 25-sessiyasi Samarqand shahrida o‘tkazilishi munosabati bilan, O‘zbekiston dunyo hamjamiyatining e’tibor markazida bo‘ldi.

Bu kabi nufuzli tadbirlarning o‘tkazilishi borasidagi davlatimizga bo‘lgan ishonch, O‘zbekiston tashqi siyosatda o‘zining har tomonlama manfaatli va jozibador takliflari bilan tobora muhim o‘rin egallab borayotganiga dalolatdir. Buni joriy yilning 7 noyabr kuni YuNESKOning Parijdagi shtab-kvartirasida ochilgan va 22 noyabrda o‘z ishini yakunlagan YuNESKO Bosh konferensiyasining 42-sessiyasi yakunlari yana bir bor isbotlab berdi.

Gap shundaki, Fransiya poytaxtida o‘tgan sessiyada O‘zbekistonning navbatdagi, 43-sessiyani 2025 yilda Samarqandda o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlandi va bu borada tegishli qaror qabul qilindi. Bir qarashda, bunday xabarlar mamlakat taqdiri va ertasiga befarq bo‘lmagan har bir yurtdoshimiz uchun siyosiy voqeliklar silsilasining uzviy davomi sifatida talqin qilinar. Ammo, agar YuNESKO Bosh konferensiyasining sessiyasi oz emas, ko‘p emas qirq yildan ortiq vaqt davomida ilk bor Parij shahridan tashqarida o‘tkazilishini inobatga olsak, yurtimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir vatandoshimiz qalbi g‘ururga to‘lishi shubhasizdir.

Binobarin, qabul qilingan mazkur qaror, hatto 42-sessiya raisi Simona-Mirela Mikulesku tomonidan "Bu diplomatik muvaffaqiyat", - deya shaxsan e’tirof etildi. Albatta, bu O‘zbekiston uchun, uning tashqi siyosati uchun muhim tarixiy qadamdir. Buni bir qator omillar misolida alohida ko‘rib chiqamiz.

 

Dastavval tashkilot haqida ikki og‘iz so‘z:

YuNESKO (ingl. UNESCO; United Nations Educational, Scientific and Cultural Organization) – Birlashgan Millatlar Ta’lim, Bilim va Madaniyat Tashkiloti), Birlashgan Millatlar Tashkilotining maxsus tashkilotlaridan biri bo‘lib, ikkinchi jahon urushidan so‘ng, 1946 yil tashkil qilingan. Garchi tashkilotga 1945 yilning noyabr oyida 44 ta davlat vakillari ishtirokida Londonda asos solingan bo‘lsada, uning markazi Parij shahrida joylashgan. Tuzilma uch organ – Umumiy yig‘ilish, Boshqaruv, Kotiblikdan iborat. Asosiy maqsadi esa, ta’lim, bilim va madaniyatni unga a’zo bo‘lgan har bir davlatdagi Milliy komissiyalar orqali amalga oshirishdan iborat.

YuNESKO nizomiga ko‘ra, "... irqi, jinsi, tili va dinidan qat’i nazar, barcha xalqlar uchun adolatga, qonuniylikka, inson huquqlari va asosiy erkinliklariga umumiy hurmatni ta’minlash maqsadida ta’lim, fan va madaniyatni rivojlantirish orqali xalqlar hamkorligiga" ko‘maklashish tashkilotning ustuvor vazifasidir. 400 ga yaqin xalqaro nohukumat tashkilotlar va jamg‘armalar, xalqaro va hududiy birlashmalar YuNESKO bilan hamkorlik qiladi. O‘zaro aloqalarimiz ham yil sayin rivojlanmoqda. Demak asos solinganidan buyon bugungi kunga qadar dunyo davlatlari orasida maorif, fan, madaniyat va kommunikatsiyalar sohasida hamkorlikni rivojlantirish yo‘li bilan tinchlikka va xalqaro xavfsizlikka ko‘maklashish maqsadi yo‘lida faoliyat olib bormoqda.

Mamlakatimiz ushbu nufuzli tashkilotga mustaqil davlat o‘laroq, 1993 yil 26 oktabrdan to‘laqonli a’zo hisoblanadi. Bugungi kunda jami 188 mamlakatni o‘z ichiga olgan mazkur tashkilot bilan davlatimiz o‘rtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib bormoqda. Xususan, YuNESKO rahbarligida O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan, dunyo tamadduniga munosib hissa qo‘shgan bobokalonlarimiz va tarixiy shaharlarimizning yubileylari nishonlandi va bu an’ana davom etib kelmoqda.

Fikrimiz tasdig‘i sifatida Mirzo Ulug‘bekning 600-yilligi, Amir Temurning 660- yilligi kabi, shuningdek, Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yillik, Shahrisabz va Qarshining 2700 yillik, shuningdek, Samarqand shahrining 2750 yilligi va Toshkent shahrining 2200 yillik yubileylari tantanali nishonlanganini aytishimiz mumkin. Shu bilan birga, YuNESKOning bevosita ko‘magida Samarqand shahrida Markaziy-Osiyo Xalqaro tadqiqot instituti tuzilgan va mamlakatimizning qator hududlarida 10 ta kafedra va YuNESKOning 10 ta ijtimoiy-ta’lim markazlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Qolaversa, YuNESKO tasarrufidagi 46 ta maktab mavjud. 2018 yil 3 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan millatlar tashkiloti huzuridagi ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha (YuNESKO) doimiy vakolatxonasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan ta’lim, fan va madaniyat masalalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tizimli ish tashkil etish, O‘zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosini keng tanitish ustuvorligini izchil ilgari surish va amalga oshirish, respublikaning YuNESKO doirasida o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlarda samarali ishtirok etishini ta’minlash, shuningdek, mazkur Tashkilot huzurida O‘zbekiston Respublikasining doimiy vakolatxonasi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida qabul qilingan qaror asosida tashkilot bilan hamkorlikni yanada samarali tashkil qilishga doir qator muhim vazifalar belgilandi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzuridagi ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha doimiy vakolatxonasi O‘zbekiston Respublikasining Fransiya Respublikasidagi Elchixonasi tarkibidan chiqarildi va O‘zbekiston Respublikasining mustaqil xorijiy muassasasi sifatida ta’sis etildi. O‘z navbatida, uning vazifa, maqsad va faoliyat yo‘nalishlari, moddiy-texnik bazasi va mutaxassislar bilan ta’minlanishi bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. So‘nggi yillardagi o‘zaro manfaatli aloqalar samaradorligida ushbu qarorning amaliy ahamiyatini alohida e’tirof etish joiz.

 

Tarixiy qadam

Tashkilotning 42-sessiyasi ishida jami 194 a’zo davlat vakillari ikki hafta mobaynida umumbashariy ta’limga erishish yo‘llari, yangi texnologiyalarning ahloqiy muammolari, Jahon merosi obyektlarini to‘g‘ri boshqarish va saqlash, shuningdek, iqlim buzilishiga qarshi kurashish va tabiat bilan munosabatlarimizni tiklash vositalari kabi masalalarni muhokama qildilar. Biz uchun ahamiyatlisi esa, so‘zsiz keyingi – 43-sessiyaga yurtimiz mezbonlik qilishidir. Bu dunyo miqyosidagi qator masalalar yechimiga aynan yurtimiz mezbonligida erishilishidan darak beradi.

Zotan, ushbu tarixiy qarorga munosabat bildirar ekan, Davlatimiz rahbari ta’kidlagani kabi “Mintaqamizda birinchi marta o‘tadigan ushbu muhim global miqyosdagi tadbir, xalqaro hamjamiyatga O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarining ulkan sivilizatsiyaviy salohiyatini yana bir bor namoyish etishga xizmat qiladi”.

 

Zulayho Akramova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi, O‘zXDP Fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish