Elektr energiyasi: Ko‘p ishlatgan ko‘p to‘lashi adolatdandir
Elektr energiyasi: Ko‘p ishlatgan ko‘p to‘lashi adolatdandir

 

Energiya har kuni, hammamizga kerak. Qo‘limizdagi telefon qurilmasi, uyimizdagi televizor, havo sovutib-isitgich, soch quritgich, kir yuvadigan mashina, choy qaynatgich, oshxonada ovqat tayyorlashda ishlatiladigan yana qancha uskunalar, ko‘chamizdagi avtomashina – hammasi energiya so‘raydi. Elektr toki, gaz yoki benzin bermasak, birontasi ishlamaydi, og‘irimizni yengil, uzog‘imizni yaqin qilmaydi. Ayniqsa, elektr energiyasi hayotimiz, tanamiz, hatto ruhiyatimizgacha yetib borgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

 

O‘zimizdan ortib, sal uzoqroq qarasak, butun mamlakat iqtisodiyoti, xalqimizning ulkan ro‘zg‘ori energiya, elektr bilan bog‘liq ekani ayon ko‘rinadi. Keyingi yillarda yurtimiz katta yaratuvchilik makoniga aylanib ketdi, qayerga bormang, yangi qurilish, yangi bino, yangi ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish manzili yo‘lingizdan chiqadi. Ularning hammasiga energiya kerak, aks holda, o‘zgarishning, o‘sishning imkoni yo‘q.

Afsus. Barchaga kerak elektr energiyasi bo‘yicha bir necha yillar avval og‘ir holat yuzaga kelib qolgan. Tizimning to‘g‘ri ishlamasligi muammolarni yanada chuqurlashtirgan. Oqibatda elektrda uzilishlar odatiy holga aylanib qolgan edi. Buning sababi ko‘p, asosiylaridan biri ishlab chiqarish va yetkazib berish narxi elektr energiyasining asl narxidan arzon edi. Yetmagan pulning katta qismi davlat budjetidan qoplab kelinadi. Yaqinda mustaqillikka erishgan, energiya manbalari boshqa mamlakatlarga qattiq bog‘lab tashlangan davlatning budjeti baquvvat bo‘lmasligi aniq edi. Shu tarzda masala yillar davomida chuqurlashib, chigallashib ketdi.

Narx sun’iyligi, baribir, sifatga ta’sir qiladi, bu – iqtisodiyotning shafqatsizdek ko‘rinadigan, lekin qat’iy, to‘g‘ri qonuni. Shuning uchun elektrda uzilishlar surunkali tus oladi. Arzon, ammo yo‘q! Undan ko‘ra, narxi adolatli bo‘lib, har doim kelib turgani yaxshi emasmi?.. Bugun ko‘pchilik shuni tushunib yetyapti. Sohada o‘zgarishlar qilishga xayrixohlik bildiryapti. Sog‘lom fikr ustun kelayapti.

 

Ulkan ijtimoiy kayfiyat

O‘zbekistonda nega elektr energiyasi aholiga arzonroq yetkazib berilib kelgan? Shu to‘g‘rimi? Nimaga kerak? Shunday savollar ham beriladi.

Bunday savollarning bir tomondan javobi aniq. Mamlakat yaqinda mustaqil bo‘lgan, aholi daromadlari va imkoniyatlari katta emas, ehtiyojmandlarni qo‘llash, ijtimoiy kayfiyatni tushirib yubormaslik – shularning hammasi ezgu sabablar.

Yillar o‘tdi, aholi orasida elektrni boshqalarga, odatdagi iste’molchilarga nisbatan bir necha o‘n barobar ko‘p ishlatadigan toifalar ko‘paydi. Budjetdan berilayotgan yordamning katta qismi ular tomonga o‘tib ketaverdi. Energetika vazirligiga ko‘ra, bir yilda o‘rtacha 1,15 mlrd dollar mablag‘ aholi xonadonlarining energetik ehtiyojini subsidiyalash uchun sarflanyapti. Demak, shu mablag‘ning katta qismi aslida muhtoj bo‘lmaganlarga taqsimlanib qolyapti, asosiysi, shuning hisobiga elektr yetkazib berish tobora qiyinlashib ketyapti. Bu xato mexanizm va adolatdan emas.

Shuning uchun iqtisodchilar va xalqaro tashkilotlar mamlakatimizdagi subsidiyalashning amaldagi shaklini ijtimoiy adolatsiz, deb ko‘p aytgan. Ammo davlat shoshgani yo‘q, ijtimoiy kayfiyatni, kim qanday tushunib, qanday talqin qilishini o‘yladi. Butun olamni larzaga solgan pandemiya oraga tushdi. O‘zgarish ongli kechiktirildi.

 

Ikki tomonlama adolatsizlik

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, maishiy iste’molchilarning 75 foizi (5,7 millionta xonadon) oyiga o‘rtacha 200 kVtgacha miqdorda elektr energiyasi sarflaydi. Ular sarflayotgan energiyaning umumiy miqdori jami xonadonlarga yetkazib berilayotgan energiyaning 26 foizini tashkil etadi.

Oyiga o‘rtacha 1000 kVtdan ortiq miqdorda elektr ishlatadigan aholi ulushi esa atigi 2 foizni (146 mingta xonadon) tashkil etsa-da, jami xonadonlarga yetkazib berilayotgan elektr energiyasining, e’tibor bering, 32 foizini ular ishlatadi.

Demak, 75 foiz iste’molchi 26 foizni, 2 foiz iste’molchi esa ulardan ko‘proq 32 foizni oladi. Oqibatda subsidiya mablag‘i adolatsiz sarflanib, buning ustiga tizimdagi holat og‘irlashaveradi.

 

Kechikkan yangilik

Keyingi oydan boshlab elektr energiyasining o‘rtacha iste’mol miqdoridan ko‘p elektr energiyasi ishlatuvchi iste’molchilar o‘sib boruvchi koeffitsiyent doirasida haq to‘laydi.

Amaldagi tarif 295 so‘mligicha qolmoqda, lekin ko‘p elektr sarflaganda shunga yarasha ko‘proq to‘lov qilish belgilab berilmoqda. Ya’ni, oyiga 1000 kVtdan ko‘p elektr energiyasi sarflagani uchun tarifdan 2?4 baravargacha qimmatroq to‘lov qiladi. Shoshilmang, Energetika vazirligining aytishicha, o‘suvchan koeffitsiyent aholining 98 foiziga umuman ta’sir qilmaydi.

Energetika vazirligi matbuot kotibi ma’lum qilishicha, odamlarda tejamkorlik kayfiyatini kuchaytirish hamda «yashirin iqtisodiyot» unsurlariga barham berish uchun qo‘shimcha o‘suvchan koeffitsiyent qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.

Mamlakatimizdagi 146 mingdan ortiq abonent 1000 kilovatt/soatdan ko‘p elektr energiyasi yoqar ekan. Ularning ham 10 ming nafari oyiga 5 ming kilovatt/soatdan oshiq, 4 mingdan ortig‘i esa oyiga 10 ming kilovatt/soatdan ziyod elektr energiyasi iste’mol qilarkan. O‘zgarishlar asosan shularga taalluqli bo‘lyapti.

 

295 so‘m joyida turibdi

Bir oyda 1000 kilovatt/soatgacha elektr energiyasi sarflasangiz, 295 so‘mdan 295 ming so‘m to‘laysiz. Yurtimizdagi aksariyat xonadon uchun hech narsa o‘zgarmaydi.

Aytaylik, 4850 kilovatt/soat yoqqan bo‘lsangiz, 1001 dan 4850 gacha 590 so‘mdan 2 million 271 ming 500 so‘m+295 ming so‘m=jami 2 million 566 ming 500 so‘m to‘laysiz. Oldin siz buning uchun jami 1 million 430 ming 750 so‘m to‘lagan bo‘lgansiz.

Agar bir oyda 9420 kilovatt/soat ishlatsangiz, 1000 kilovatt/soat uchun 295 so‘mdan, 1001 kilovatt/soatdan 5000 kilovatt/soatgacha 590 so‘mdan, 5001 kilovatt/soatdan 9420 kilovatt/soatgacha 700 so‘mdan to‘lov qilasiz.

O‘zgarish, koeffitsentlar umuman qiyin emas, oson va tushunarli. Bemalol o‘zingiz hisoblab ko‘rsangiz bo‘ladi.

 

Achchiq misol

Bir oyda 12 ming kilovatt/soatgacha elektr ishlatadiganlar bor ekan. Haqiga 3 million 658 ming so‘m to‘larkan. Qizig‘i, ular o‘sha oyda davlat budjetidan 8 million so‘mdan ko‘proq subsidiya olarkan. Oyiga! Ham ko‘p ishlatadi, ham o‘rtacha 5 million foyda-da.

1 noyabrdan kuchga kiradigan tartibga ko‘ra, endi ular 9 million 912 ming so‘m to‘laydigan bo‘ladi. Ya’ni, juda ko‘p ishlatgani uchun davlat mablag‘i behuda sarflanmaydi. O‘rtacha, odatiy iste’molchilarni subsidiyalash, qo‘llash davom etaveradi.

 

O‘zimizga bog‘liq

O‘suvchan koeffitsiyentlar narxning oshishi emas, balki ancha yillardan beri kechikib kelayotgan vazifalarning bajarilishi, energiya tejamkorligiga erishish uchun adolatli va oqilona yo‘ldir. Oldinda qish.

1 noyabrdan boshlab aslida adolat tiklandi, ehtimol, tejamkorlik zarurati kengroq tushunila boshlaydi. Xotirjam bo‘ling, yurtimizdagi 98 foiz elektr energiya iste’molchisi toifasiga kirsangiz, nimanidir o‘zgartirishga aslo zarurat bo‘lmaydi.

 

Laziza SHEROVA

«O‘zbekiston ovozi», 22.11.2023, №46

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish