Sahovat, insonparvarlik va muruvvat xalqimizga xos ulug‘ an’ana
Sahovat, insonparvarlik va muruvvat xalqimizga xos ulug‘ an’ana

 

So‘nggi yillarda mamlakatimizda «Inson qadri uchun» tamoyili asosida nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, xususan ko‘zi ojiz va ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan bolalarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF–60-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” IV-bobida “Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishi”ning 66-maqsadida, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularning hayot sifati va darajasini oshirish belgilangan. Nogironligi bo‘lgan insonlar – jamiyatning to‘laqonli a'zolari degan tamoyil davlat siyosati darajasida amalga oshirilmoqda.

Har yili 3 dekabr sanasida nogironligi bo‘lgan shaxslar kunining nishonlanishidan asosiy maqsad butun dunyoda amalga oshiriladigan dastur va loyihalarda nogironlar boshqa nogiron bo‘lmagan kishilar bilan teng huquqlilik asosida yashashini, nogironlarning manfaatlari, huquqlari inobatga olinishini, barcha mamlakatlarda nogironlarning qadr-qimmatini himoyalovchi qonunlar va tartib-taomillarning joriy etilishini ta'minlab, barcha uchun ochiq va do‘stona bo‘lgan jamiyat qurishdan iboratdir.

O‘zXDPning saylovoldi platformasida, pensionerlar, mehnatga layoqatsiz nogironlar, yetim-esirlar va aholining mehnat qila olmaydigan boshqa ijtimoiy guruhlari hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishni kafolatlovchi pensiya ta'minoti va ijtimoiy nafaqalarning samarali tizimini vujudga keltirish, fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kam ta'minlangan aholi qatlami, birinchi navbatda nogiron va yolg‘iz keksalarga moddiy yordam berish imkoniyatlari va huquqlarini kengaytirishga ko‘maklashish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.

Mazkur ustuvor vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi, O‘zbekiston Nogironlar, Ko‘zi Ojizlar va O‘zbekiston Karlar Jamiyatlari bilan hamkorlikda me'morandumlar imzolandi.

Partiyaning O‘zbekiston nogironlar jamiyati bilan hamkorlikdagi sa'y-harakatlar natijasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmush darajasi va sifatini yanada yaxshilash, ularga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, bunday shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga, jamiyatdagi faol pozisiyasini shakllantirishga ko‘maklashish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqildi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi nogironligi bo‘lgan shaxslarni e'zozlash, ularning atrofida ehtiromli muhit hosil qilish, zarur moddiy, ma'naviy, tibbiy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rishda faol qatnashish, ularning hayot darajasini yaxshilashga halaqit berayotgan muammolarni aniqlash, jumladan, pensiya to‘lovlarida, sog‘lomlashtirish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va dori-darmonlar bilan ta'minlashda vujudga kelayotgan muammolarni chuqur tahlil qilish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish masalalarini hal qilishda ko‘maklashib kelmoqda. Jumladan, -nogironligi bo‘lgan shaxslarning savodxonligini oshirish maqsadida viloyatlar, tumanlar markazlarida umumta'lim maktablari negizida Brayl' alifbosini o‘qitish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etilishi ustidan nazorat o‘rnatildi;

- nogironlikning oldini olish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish va ularni reabilitasiya qilish masalasida ishlar amalga oshirilib borilmoqda;

- nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta'lim olishi, ularni maxsus kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirishni yaxshilash masalasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda;

- nogironligi bo‘lgan shaxslarga shahar yo‘lovchi transportining bekat va yo‘nalishlarini ovoz yordamida e'lon qilish orqali qulayliklar yaratish yuzasidan avtobuslar xarid qilish ishlari boshlandi;

- kelgusida ishlab chiqariladigan milliy yengil avtomobillar nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun moslashtirilgan holda maxsus uskunalar bilan qayta jihozlanishi borasida ishlar olib borilmoqda.

Davlat tomonidan xalqimizga xos bo‘lgan mehr-shafqat hamda ezgulik tuyg‘ularini hisobga olgan holda nogironlarning muhim ehtiyoj va talablariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, oliy ta'lim muassasalariga abiturientlar qabulining umumiy sonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ravishda ikki foizli kvotalar qo‘llanilishi joriy etildi.

“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Xabarlaringiz bor, mazkur qonunni qabul qilishda partimizning barcha darajadagi faollari va deputatlari ishtirok etishdi. Qonun kuchga kirishi bilan tibbiy tekshiruv komissiyalari faoliyati takomillashdi, murojaat qiluvchi 10 kalendar' kunida xulosani oladigan bo‘ldi. Tibbiy tekshiruvlar bepul amalga oshiriladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar ambulator va stasionar rejimida imtiyozli davolanadi. Protez-ortopediya anjomlariga bo‘lgan ehtiyojlari qondiriladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun binolarga kirib-chiqish uchun maxsus yo‘lakchalar, panduslar, jamoat transportida maxsus o‘rindiqlar, tushib-chiqish uchun bekatlarda ularga sharoitlar yaratiladi. Ular uchun ta'lim olishning barcha bosqichlarida qulayliklar ko‘zda tutiladi.

Har yili Vazirlar Mahkamasi tomonidan “3-dekabr - Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan mehr-muruvvat oyligini o‘tkazish orqali keng nishonlash ko‘zda tutilgan hujjat qabul qilinadi. Mehr-muruvvat oyligi davomida partiya tashkilotlari va barcha darajadagi deputatlik birlashmalari tomonidan ko‘plab tadbirlar amalga oshirish ko‘zda tutiladi.

Eng muhimi, biz nogironligi bo‘lgan shaxslarning kamsitilishlardan himoya qilish huquqlarini amalga oshirishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqmoqdamiz.

 

Boymurod Yusupov,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i.

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish