XDPdan yana bir qonun tashabbusi
XDPdan yana bir qonun tashabbusi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining parlament quyi palatasidagi fraksiyasi ishchi guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar, partiya faollari va soha mutaxassislari dori vositalari reklamasi, shifokorlarning kasbiy mas’uliyati, dorixonalar faoliyati bilan bog‘liq muhim yo‘nalishlarda yangi qonun tashabbusini ilgari surish masalasini atroflicha muhokama qildi.

Avvalo, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish, tibbiy xizmatlarni xalqimizga yaqinlashtirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirib kelinayotganini qayd etishdi. Xususan, keyingi yillarda ehtiyojmand aholini zarur dori vositalari hamda tibbiy buyumlar bilan ta’minlash, elektron retsept tizimini joriy etish, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish, dori vositalarining noqonuniy aylanishi va suiiste’mol qilinishining oldini olish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Shuning bilan birga, dori vositalarining reklamasi, ularning savdosi va qo‘llanilishi borasida qonunchiligimizda ayrim bo‘shliqlar ko‘zga tashlanayotgani, yechimini kutayotgan muammolar kuzatilayotgani qayd etildi. Jumladan, dori vositalari reklamasi turli ko‘rinishlarda avj olayotgani, ba’zi shifokorlar tomonidan bemorlarga asosan qimmat dori vositalari tavsiya qilinayotgani, dori vositalari narxlari sun’iy oshib ketayotgani, bunday salbiy holatlar barcha yurtdoshlarimizga ziyon yetkazayotgani, ayniqsa, kam daromadli oilalar qiyinchiliklarga duchor bo‘layotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston XDP Saylovoldi dasturida dori vositalari muomalasi va farmatsevtika faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solish masalasiga alohida e’tibor berilgan. Partiya fraksiyasi sohaga doir qonunlar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni izchil o‘rganib bormoqda, saylovchilar bilan uchrashuvlarda ham qator murojaatlar tushmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga dori vositalarining muomalasini tartibga solishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. O‘zXDP fraksiyasi ishchi guruhining yig‘ilishida deputatlar va bir guruh mutaxassislar qonun loyihasida ko‘zda tutilayotgan qator masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Qayd etilishicha, amaldagi qonunchiligimizda tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini realizatsiya qilish tartibini buzganlik, dori vositalarini shifokor retsepti bo‘lmagan hollarda chakana realizatsiya qilish, tibbiyot amaliyotida foydalanishni taqiqlash hamda dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun yetarli darajada javobgarlik belgilanmagan. Dori vositalarining reklamasini tartibga solish bo‘yicha ta’sirli choralar ham mavjud emas.

Shuningdek, tibbiyot xodimlari tomonidan muayyan dori vositalarini tayinlash va berish uchun farmatsevtika tashkilotlari va dorixonalardan moliyaviy mukofotlar yoxud moddiy yoki nomoddiy ko‘rinishdagi har qanday boshqa rag‘batlar olish qonunchiligimizda taqiqlanmagan. Bu esa aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘nalishidagi ijobiy ishlar ko‘lamiga salbiy ta’sir o‘tkazibgina qolmay, fuqarolarning haqli e’tirozlariga ham sabab bo‘lmoqda. O‘zXDP fraksiyasi ishchi guruhi bu boradagi qonunchilikka yangi javobgarlikni taklif etmoqchi.

«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga dori vositalarining muomalasini tartibga solishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi, «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi hamda «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga dori vositalarining qo‘llanilishi chog‘ida nojo‘ya reaksiyalar aniqlangan holatlar to‘g‘risida xabardor qilish tartibini buzganlik va dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmoqda.

«Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi Qonunning 35-moddasi bilan tibbiyot xodimlari tomonidan muayyan dori vositalarini tayinlash va berish uchun farmatsevtika tashkilotlari va dorixonalardan moliyaviy mukofotlar yoxud moddiy yoki nomoddiy ko‘rinishdagi har qanday boshqa rag‘batlarni olishga chek qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, dori vositalarining reklamasini «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi hamda «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunlarning tegishli moddalariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish orqali cheklash taklif qilinmoqda.

Fraksiya a’zolari mazkur qonunchilik tashabbusi aholining barcha qatlamlari manfaatlarini himoya qilishini, dori vositalari insonning dardiga shifo bo‘lishi kerakligi, ularning sog‘likka xavf, g‘irrom daromad manbaiga aylanib qolishiga zinhor yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlashdi.

Qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida xalqaro va xorijiy tajribani ham atroflicha tahliliy o‘rganish bo‘yicha taklif-mulohazalar bildirildi.

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish