Korrupsiyaga qarshi kurashish asosiy vazifa
Korrupsiyaga qarshi kurashish asosiy vazifa

 

Jahonda globalizatsiya jarayonlarining tobora rivojlanishi sababli davlat va nodavlat sektorida korrupsiyaning zamonaviy va yashirin ko‘rinishlari yuzaga kelmoqda.

Kun tartibidagi masalani naqadar o‘tkir muammolardan biri ekanligi bo‘yicha e’tiboringizni qo‘yidagi raqamlarga qaratmoqchiman. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda korrupsiyaning dunyo miqyosidagi zarari yiliga 3 trillion AQSH dollariga yaqin miqdorni tashkil etmoqda ekan. Mazkur illat global yalpi ichki mahsulotning 5 foizdan ortig‘ini tashkil etsa, har yili global miqyosda korrupsiya tufayli davlat xaridlari fondlarining 25 foizgacha qismi yo‘qotiladi. O‘zbekistonda 2020–2023 yillar davomida aniqlangan korrupsiya holatlari yuzasidan 101 ta jinoyat ishi, 196 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

Mamlakatimizda so‘nggi yillardagi korrupsiyaga qarshi kurashishni tartibga solishga qaratilgan huquqiy asoslar sifatida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida” gi, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi, “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi, shuningdek, “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari”ni alohida qayd etish o‘rinlidir.

2022 yilda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan muhim preventiv mexanizmlar yaratilganligi, davlat boshqaruvida byurokratiyani kamaytirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yaxshilash, raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatining muhim elementlari bo‘lib xizmat qildi.

Ko‘rilgan amaliy chora-tadbirlar va tizimli islohotlar natijasida mamlakatimiz 2021 yilda Transparency International xalqaro tashkilotining “Corruption Persepsion Index” (Korrupsiyani Idrok yetish Indeksi)da 180 ta mamlakat orasida 28 ball bilan 140 o‘rinni qayd etgan bo‘lsa, 2022 yilda 136-o‘ringa ko‘tarildi. Shuningdek, O‘zbekiston Korrupsiyaga murosasiz munosabat bo‘yicha xalqaro indeksda 32 pog‘onaga ko‘tarildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimining poytaxtimizda bo‘lib o‘tganida ham ramziy ma’no bor. Ushbu mukofot Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy homiyligida qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurash markazi tomonidan BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda va qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etiladi va topshiriladi. Mazkur xalqaro mukofot 5 ta yo‘nalishda topshiriladi va shu kunga qadar ushbu marosim to‘rt qit’adagi 6 ta mamlakatda o‘tkazilgan bo‘lib, Toshkent shahrida o‘tkazilgan taqdirlash marosimi O‘zbekistonni yettinchi mamlakat sifatida tarixga muhrladi.

Yana bir jihat, poytaxtimizda xalqaro hamjamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarini ifodalovchi monument ochildiki, kafti ochiq qo‘l ko‘rinishida ushbu kompozitsiya halollik, korrupsiyaga nisbatan toqatsizlikni, butun dunyoni unga qarshi kurashishda birlashishga da’vatni anglatadi.

Marosimda davlatimiz rahbari nutq so‘zlab, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha so‘ngi yillarda amalga oshirilgan eng muhim masalalarga to‘xtaldi. Shuningdek, jahon hamjamiyatiga Yangi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida katta reja va vazifalarni o‘z oldiga qo‘yganini bayon qildiki, bu kelgusida korrupsiyaga qarshi kurashishda hammamiz uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashishda o‘z maqsadlariga ega. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentabrdagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Prezident farmonida ham korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha alohida maqsad belgilangan.

Xususan, 89-maqsad korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish ishlarini jadal davom ettirish sifatida belgilandi. Ushbu maqsadni amalga oshirish bo‘yicha 2030 yilgacha erishiladigan maqsadlarning samaradorlik ko‘rsatkichlari ham qayd etildi. Jumladan, “Transparency International” xalqaro tashkiloti tomonidan e’lon qilinadigan Korrupsiyani qabul qilish indeksida kamida 50 pog‘onaga ko‘tarilishga, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzish holatlarini 2 barobarga kamaytirishga erishish, shuningdek, 100 foiz normativ-huquqiy hujjatlarning “korrupsiyadan xoli qonunchilik” tamoyili asosida ishlab chiqilishini ta’minlash masalalari ilgari surilgan.

Umuman olganda, korrupsiya axloqsizlikka olib keladi, davlat organlari faoliyatiga putur yetkazadi, moliyaviy tushkunlikni keltirib chiqaradi, aholining davlat hokimiyati boshqaruv organlariga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi, taraqqiyotni sekinlashtiradi. Shuning uchun ham ushbu illatga qarshi kurashish barchamizning asosiy vazifamizga aylanishi lozim.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish