Kreditlar bo‘yicha qarzdorlikni so‘ndirish tartibi o‘zgartirilmoqda
Kreditlar bo‘yicha qarzdorlikni so‘ndirish tartibi o‘zgartirilmoqda

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora‑tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonun loyihasini alohida e’tibor bilan muhokama qildilar.

Loyiha partiya elektorati manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lib, Soliq kodeksining 482 va 483-moddalariga qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi 4 ta moddadan iborat.

Qonun bilan “Hamkorlik shartnomalari asosida “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” Dasturiga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga ular yaratgan yangi ish o‘rinlariga qarab, soliq imtiyoz va preferensiyalar taqdim etish ko‘zda tutilmoqda. Xususan, aylanmadan olinadigan soliqlarni yaratilgan yangi ish o‘rinlari soniga qarab bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati taqdim etilmoqda.

2025 yil 1 yanvargacha “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” Dasturiga kiritilgan tadbirkorlik subyektlari yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini pasaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘lashi belgilanmoqda.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasini muhokama qilar ekanlar, soliq ma’murchiligini soddalashtirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi normalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashi, aholi bandligi o‘sishiga xizmat qilishini e’tirof etdilar. Yangi normalarning amaliyotga joriy etilishi respublikada kambag‘allikni qisqartirish yo‘lida qilinayotgan ishlarni rag‘batlashtirishga xizmat qiladi. Deputatlar ayrim masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar almashgach, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Yig‘ilishda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kredit majburiyatlarini bajarish tartibini takomillashtirish hamda aholining mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama qilindi. Keyingi yillarda mamlakat bank tizimini isloh qilish maqsadida moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, moliyaviy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash masalalariga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Joylarda bank xizmatlari ko‘rsatilishi bo‘yicha yuzaga kelayotgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shunga qaramay, sohani yanada takomillashtirish, yuzaga kelayotgan ayrim kamchiliklarni batraraf etish uchun qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish zarurati mavjud.

Hozirgi kunda kredit tashkilotlaridan kredit olgan aholi va tadbirkorlik subyektlari ayrim obyektiv sabablarga ko‘ra kredit to‘lovlarini kechiktirgan yoki qisman to‘lagan hollarda, qarzdorlikni so‘ndirish avval jarimalar, penyalar va kredit foizlarini so‘ndirishga qaratilmoqda. Bu holat haqli e’tirozlarga sabab bo‘lib kelmoqda. Taklif etilayotgan qonun loyihasida esa qarz oluvchining to‘lovini undirish avval asosiy qarz bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik va muddati o‘tgan foiz to‘lovlariga qaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Ushbu Qonun kredit majburiyatlarini bajarish tartibini takomillashtirish orqali qarz oluvchilar uchun qulay moliyaviy imkoniyatlar yaratish hamda aholining mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Deputatlar qonun loyihasini muhokama qilar ekanlar, uning qabul qilinishi aholi va tadbirkorlar uchun qator qulayliklar yaratishini, aholi kambag‘allikka tushib qolishining oldini olishga qaratilganligi bilan ahamiyatli ekanini e’tirof etdilar. Ayrim masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar almashinib, qonun loyihasi ma’qullandi.

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish