Mamlakatimiz barqarorligi va taraqqiyotining mustahkam kafolati
Mamlakatimiz barqarorligi va taraqqiyotining mustahkam kafolati

 

Vatanni himoya qilish barcha uchun muqaddas burch hisoblanadi. Bu burchni ado etishda yurtimizning himoyachilari bo‘lgan milliy armiyamiz, barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan halqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlashda olib borayotgan xizmatini munosib baholash hamda ularga zarur shart-sharoit yaratish masalalari ham davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.

Yangi yilning ilk kunlarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida mudofaa qurilishi va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda qo‘shinlarning jangovar shayligi, jangovar qobiliyatini yanada oshirish, ularni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash, mavjud qurol-yarog‘ namunalarini modernizatsiya qilish, shuningdek, harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari va Qurolli Kuchlar faxriylarini ijtimoiy himoya qilish masalalari muhokama qilindi.

Bu bejiz emas. Chunki 2016-yildan boshlab milliy armiyamizni isloh qilish, Qurolli Kuchlarning tashkiliy tuzilmasi va dislokatsiya tizimini takomillashtirish, qo‘shinlarni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika namunalari bilan jihozlash, harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi va shayligi, kasbiy mahoratini oshirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Armiya va xalq – bir tanu bir jon!” degan olijanob g‘oya va amaliy harakat barcha bo‘g‘indagi hokimiyat va boshqaruv idoralari, mahalla, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar tashkilotlari, ta’lim-tarbiya muassasalari faoliyatini, keng jamoatchilik hayotini qamrab olmoqda. Bu esa Vatan himoyasi chindan ham barchamizning nafaqat vazifamiz, balki sharafli burchimizga aylanib borayotganidan yaqqol dalolat beradi” deb aytgan gaplarida ham Qurolli Kuchlarimizning xalq bilan har qachongidan ham yaqinligini anglashimiz mumkin.

Bugungi kunda dunyoning turli joylarida keskin tus olayotgan vaziyatda, xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavf-xatarlari barchamizni ogoh bo‘lishga chaqiradi va Qurolli kuchlarimizdan esa yuqori darajadagi jangovar qobiliyatni mustahkamlashni talab etadi. So‘nggi yillarda yurtimizda harbiy-siyosiy masalalarda ham tubdan islohotlar amalga oshirilib, milliy armiyamizning har qanday tahdidlarga munosib zarba beradigan jangovor qudrati yildan-yilga oshib bormoqda.

Darhaqiqat, inson qadriga ustuvor e’tibor qaratilayotgan taraqqiyotning yangi davrida harbiy sohani isloh etish, mazkur yo‘nalishdagi milliy qonunchilikni davr talabiga mos tarzda takomillashtirish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda. “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” degan g‘oya harbiy sohadagi milliy qonunchiligimizga ham tobora singib bormoqda. Davlatimizning harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha qat’iy pozitsiyasini ifoda etadigan yangi Mudofaa doktrinasi ishlab chiqildi. Amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida milliy armiyamiz tezkor va ixcham, har qanday tahdidlarga munosib zarba berishga qodir bo‘lgan jangovar kuchga aylanib bormoqda.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda ham O‘zbekiston Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuzilishi mustahkamlab qo‘yildi. Shu bilan birga, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish masalalari ko‘zda tutilgan.

Unga ko‘ra, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Qurolli Kuchlarning raqamli salohiyatini oshirish va axborot xavfsizligini ta’minlash, harbiy xizmatchilarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan foydalanish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda qo‘shinlarning jangovar ruhi va salohiyatini yuksaltirish, zamonaviy jang va harbiy mojarolar hamda xorijiy armiyalarning ilg‘or tajribasini o‘rganish asosida qo‘shinlarning jangovar shayligi va mahoratini rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.

Davlatimiz mudofaa qudratini har tomonlama oshirish, yetuk va malakali harbiy kadrlarni tayyorlashga, Vatan himoyachilari, ularning oilalari uchun munosib hayot sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Xususan, harbiylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Soha xodimlarini zamonaviy turar joylar bilan ta’minlash, salomatligini mustahkamlash, zarur ijtimoiy kafolatlarni yaratish, oliy ta’lim va ta’limning keyingi bosqichi bilan qamrash, kasbiy, jismoniy salohiyatini yuksaltirish borasida ko‘plab amaliy tashabbuslar hayotga tatbiq etilmoqda. Barcha bo‘g‘indagi harbiy o‘quv dargohlari, harbiy qismlar, gospitallar, shifoxonalar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularning davr talabiga hamqadam bo‘lishi yo‘lida zarur barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, hozirgi vaqtda xonadonlarimizning fayzu farishtasi bo‘lgan, farzandlarimizni barkamol insonlar etib tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan ayollarimiz barcha islohotlarimizda faol ishtirok etmoqdalar. E’tiborli jihati, Vatanimizning davlat suverenitetini, sarhadlarimiz daxlsizligini, hududlarimiz yaxlitligi va osoyishtaligini saqlash yo‘lida ham xotin-qizlarimiz munosib ravishda o‘z burchlarini ado etishmoqda.

Umuman olganda, bugungi g‘oyat murakkab globallashuv zamoni tinchlik va osoyishtalik, o‘zaro ahillik va totuvlik boshimiz uzra musaffo osmonimizning bebaho boylik ekanini yana bir bor ko‘rsatmoqda. Bu esa osoyishtaligimizni asrashda nainki harbiylar, o‘zini shu tabarruk diyor farzandi, deb bilgan barcha hamyurtlarimizdan jonajon O‘zbekistonimizning taqdiriga, kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashga, uning tuprog‘ini muqaddas bilishga va bu yo‘lda mas’uliyatni teran anglashga da’vat etmoqda. Zero, Vatanimizning davlat suverenitetini, sarhadlarimiz daxlsizligini, hududlarimiz yaxlitligi va osoyishtaligini saqlash kelajak avlod oldidagi muqaddas burchimizdir.

 

Dilbar MAMAJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish