O‘zbekiston XDP fraksiyasi faoliyati sarhisob qilindi
O‘zbekiston XDP fraksiyasi faoliyati sarhisob qilindi

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida fraksiyaning 2023 yildagi faoliyati sarhisob qilindi, xato va kamchiliklar ochiq muhokama etilib, kelgusi vazifalar bo‘yicha amaliy takliflar bildirildi.

 

Yig‘ilishda fraksiyaning bir yillik faoliyati haqida axborot berildi

Qayd etildiki, fraksiya tomonidan partiya elektorati manfaatlarini himoya qilish, Saylovoldi dasturida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarni amalga oshirish, normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi. Fraksiyaning 2023 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi asosida qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati hamda boshqa tadbirlar samarali tashkil etilgan.

 

Qonun ijodkorligi

Qayd etilganidek, o‘tgan vaqt ichida fraksiya a’zolari tomonidan 1 ta qonun loyihasi ish lab chiqildi. Qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ushbu qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritildi va qabul qilindi.

Xususan, fraksiya a’zolari tashabbuskorligi asosida kiritilgan Mehnat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish to‘g‘risida qonun loyihasi fuqarolarning mehnat huquqlari himoyasini yanada kuchaytirishga, ijtimoiy sohadagi islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, boshqa fraksiyalar bilan birgalikda 6 ta qonun loyihasining ishlab chiqilishida ham faol tashabbus ko‘rsatildi. «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi kabi qonun loyihalari shular jumlasidan.

Fraksiya yig‘ilishlarida 206 ta qonun loyihasi yuzasidan kechgan muhokamalarda deputatlar tomonidan saylovchilar huquq va manfaatlarini aks ettirishga qaratilgan muhim takliflar qat’iy bildirilib, 60 ga yaqin taklif inobatga olingan.

Davlat budjetini shakllantirish va nazorat qilish jarayonlarida ham deputatlarimiz faol qatnashib kelyapti. Misol uchun, fraksiyamiz tashabbusi bilan «2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga 40 yoshdan oshgan aholining qandli diabet kasalligini erta bosqichda aniqlash bo‘yicha skrining tekshiruvidan o‘tkazish uchun Davlat budjetidan qo‘shimcha mablag‘ ajratildi.

Brifingda ta’kidlandiki, partiya saylovoldi dasturida belgilangan maqsad va vazifalar ijrosi, elektorat manfaatlari bilan bog‘liq dolzarb masalalar yuzasidan partiya bilan birgalikda 2023–2024 yillarda 6 ta qonun tashabbusini amalga oshirish belgilab olingan edi. Bugungi kunga qadar 3 ta qonun loyihasi dastlabki holatda ishlab chiqildi, qo‘mita va vazirliklar bilan boshlang‘ich muhokamadan o‘tkazildi.

 

Izchil parlament nazorati olib borildi

O‘tgan yili XDP fraksiyasi muammolarni hal etish, qonun va qarorlar ijrosini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarni o‘rganish maqsadida tizimli ravishda parlament nazoratini olib bordi. Ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan ta’sirchan deputatlik nazorati o‘rnatildi.

Fraksiya taklifiga ko‘ra, saylovchilarni o‘ylantirib kelayotgan tizimli muammo va kamchiliklarni hal etish, joylarda qonunlar va davlat dasturlarining ijrosini ta’minlash bo‘yicha 2 ta Hukumat soati, 1 ta parlament eshituvi o‘tkazildi.

Eshituvda deputatlar mutasaddi rahbarlar axborotlariga taklif va tavsiyalar bilan munosabat bildirib, o‘z navbatida, asosli savollar bilan ayrim ma’lumotlarga aniqlik kiritishdi.

Fraksiya a’zolari saylovchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, aholi murojaatlari hamda joylardagi uchrashuvlarda ko‘tarilgan masalalar, saylov okruglarida aniqlangan muammolarni hal etish bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon qilish talabi bilan mansabdor shaxslarga ja mi 23 ta deputat so‘rovi jo‘natildi. Tegishli vazirlik va idoralarga 5 ta parlament so‘rovi yuborildi.

Ushbu tizim hukumatning xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini oshirish bilan birga, fraksiya a’zolarining ham islohotlarni amalga oshirish jarayonida faol ishtirok etishini ta’minlashga xizmat qilayotgani brifingda alohida qayd etildi.

 

Murojaatlar tahlili nimani ko‘rsatmoqda?

Ma’lum qilinganidek, o‘tgan davrda fraksiya a’zolari nomiga fuqarolardan jami 2635 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 1 449 tasiga ijobiy yechim topilgan bo‘lsa, 922 ta murojaat ko‘rib chiqish uchun tegishli idoralar va tashkilotlarga yuborilgan. Qolgan 264 ta murojaat ayni kunlarda ko‘rib chiqilmoqda.

Deputatlar jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan har bir murojaat ortida inson, uning qadri, huquq va qonuniy manfaatlari turganini ta’kidlashdi.

 

Xalq bilan muloqot

O‘tgan davrda fraksiya a’zolari saylov okruglaridagi faoliyati davomida 549 marotaba uchrashuv o‘tkazilib, jami 385 ta xonadonga tashrif buyurdi. Ularda 16 452 nafar fuqaro, shu jumladan, 1223 nafar tadbirkor bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar tashkil etildi hamda 356 ta ijtimoiy soha obyektining faoliyati bilan tanishildi.

 

Partiya bilan hamkorlik

Fraksiya partiya bilan hamkorlikda 35 ga yaqin qonun loyihasining joylardagi muhokamasini o‘tkazdi. Ularda fuqarolar tomonidan bildirilgan 210 ga yaqin takliflar qonun loyihasiga mas’ul bo‘lgan fraksiya a’zolariga taqdim etildi.

Loyihalar doirasida fraksiya a’zolari hamda partiya xodimlari tomonidan 50 dan ortiq hududga tashrif buyurildi. 16 000 nafardan ziyod saylovchi, shu jumladan, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan aholi vakillari bilan muloqot qilindi. Uchrashuvlar davomida hududlardagi muammolar o‘rganildi, ularni hal etish yuzasidan zarur choralar ko‘rildi.

 

Tashkiliy-amaliy tadbirlar

Hisobot davrida fraksiya a’zolarining tashabbusi va bevosita ishtirokida jami 43 ta tadbir, shu jumladan, 12 ta seminar, 31 ta davra suhbati tashkil etildi. Bundan tashqari, 59 marotaba fraksiya yig‘ilishi o‘tkazilib, ularda 319 ta masala ko‘rib chiqildi.

Umuman olganda, 2023 yilda fraksiya partiya bilan uzviy aloqa o‘rnatgan holda bir qator amaliy tashabbuslar bilan chiqqani brifingda alohida ta’kidlandi. O‘zaro hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash, pensioner hamda nogironligi bo‘lgan insonlarning huquqlarini himoya qilish, ularni o‘ylantirayotgan masalalarni hal etishga alohida e’tibor qaratilgani qayd etildi.

Brifing so‘nggida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining kelgusi rejalari haqida ham axborot berildi.

 

Laziza SHEROVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 10.01.2023, 1

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish