Mamlakatimizda yaxshi qonunlar, yaxshi qarorlar ancha ko‘paydi. Deyarli har bir soha bo‘yicha strategik hujjatlar qabul qilingan, vazifalar aniq belgilangan. Ularning vaqtida, samarali ijro etilishi juda muhimdir.
2022 yil 18 apreldagi «Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda ta’lim berish sifatini oshirish hamda ular faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarorining Buxoro viloyatidagi ijrosi viloyat Kengashidagi partiyamiz guruhi a’zolari tomonidan o‘rganildi.
Avvalo ta’kidlash kerakki, jamiyatimizda aholining turli toifalari qatorida jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar haq-huquqlari, qonuniy manfaatlari muhofazasiga alohida e’tibor qaratilgan. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga normal turmush sharoitini yaratib berish, ular yurtimizda kechayotgan islohotlarda faol ishtirok etishi, talab darajasida tahsil olishi, o‘z iqtidorini yuzaga chiqarishi, mehnat qilishi va o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga intilishi uchun imkoniyatni ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Shundan kelib chiqib, partiyamiz joylarda o‘rganishlar olib borishni tizimli yo‘lga qo‘ygan. Tegishli mutasaddilar bilan hamkorlikda Prezident qarori ijrosi bo‘yicha Buxoro shahridagi 24-son «Nurli maskan» ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida olib borilgan ishlar o‘rganildi. Muassasa zamonaviy talablarga mos ta’lim maskaniga aylantirilgan.
Jumladan, «Yo‘l xaritasi»da maktab-internatlarini brayl yozuviga moslashgan maxsus qurilmalar bilan to‘liq ta’minlash belgilangan va shu asosda zarur jihozlarni xarid qilish uchun viloyat mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan 320 mln. so‘m mablag‘ ajratilgan.
Maktab-internat uchun zarur jihozlar belgilangan talab va me’yorlarga mosligi o‘rganildi. Ehtiyojdan kelib chiqib, yozish va o‘qish uchun braylcha displey, laminator uskunasi, monoblok, brayl printerlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, boshqa zarur jihozlarni xarid qilish ishlari tashkil etildi.
Mazkur hujjatning 10-bandida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va ularni kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida maktab-internatlar qoshida o‘quvchilar imkoniyatini inobatga olgan holda, o‘quv ustaxonalarini tashkil etish rejalashtirilgan ekan. Unga ko‘ra, bolalar gilam to‘qish, naqsh, yog‘och o‘ymakorligi, duradgorlik kabi qator hunarlarni o‘rganish imkoniga ega bo‘ladi. Mazkur ishlarni amalga oshirish va to‘garaklarni jihozlash vazifalari qarorda belgilangan tarzda ijroga yo‘naltirilgan. Bu ishlar uchun mahalliy budjetdan 29 mln so‘m mablag‘ ajratilgan.
Zamonaviy bilimga ega bo‘lish uchun, tabiiyki, shunga mos maktablarga ehtiyoj bor. Masalan, yo‘nalishidan kelib chiqib maktab internatlariga parta, stol-stul, dutor, chanqovuz, doira, gitara, chang, pianino, ovoz kuchaytirgich singari musiqa asboblari zarur. Maxsus maktablarda brayl alifbosidagi musiqa notalari to‘plami darsliklari, kompyuter jamlanmalari, ya’ni monitor, rangli printerlar, proyektor, interaktiv doska, raqamli kamera va yana qator zamonaviy texnikadan foydalaniladi.
Shuningdek, tiflotexnik, lingafon uskunalari, laboratoriya jihozlari, bo‘rtma xaritalar, maxsus rasm priborlari va kitob javonlari bilan ta’minlash talab etiladi. Prezident qarorida ham bu borada alohida band bo‘lib, joylarda ularning ijrosi ta’minlanmoqda. Viloyatimizda mazkur masala uchun mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan 290 mln so‘m ajratilgani o‘rganildi. Viloyat mahalliy budjetining 2022 yil qo‘shimcha manbalarini yo‘naltirish to‘g‘risidagi kengash qarori bilan maktab-internatlarni jihozlash uchun 230 mln ajratilgan bo‘lsa, besh tashabbus doirasida 380 mln so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Investitsiya dasturi doirasida Buxoro shahridagi 24-son «Nurli maskan» maktab-internatida qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borilib, maktabning 324 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurilgan, 150 o‘rinli oshxona bitkazilib, mavjud o‘quv binosi yotoqxonaga moslashtirilgan, bu ishlar uchun 12,7 mlrd mablag‘ sarflangan.
Deputatlar Buxoro shahridagi 24-sonli imkoniyati cheklangan ko‘zi ojizlar maktab-internati hududida «Yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish maxsus maydoncha»lari tashkil etilganini o‘rgandi. Monitoring jarayonida Jo‘ybor ko‘chasidagi ovozli svetofor ishlamayotganligi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur svetofor joylashgan uy egasiga ovozi yoqmay uni o‘chirtirib qo‘ygan. Demak, svetoforning joyini o‘zgartirish orqali masalaga yechim topish mumkin. Shuningdek, ushbu ko‘chada umuman piyodalar yo‘lagi yo‘q. Bu esa inson hayotini xavfga qo‘yadi. Maxsus belgili yo‘lakchalar qurilsa, maxsus ushlaydigan tutqichlari bo‘lsa, maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Bundan tashqari, Buxoro shahar hududidan o‘tuvchi G‘ijduvon, Navoiy shoh, Mustaqillik, Gazli shoh, Jo‘ybor, A380 «b» avtomobil yo‘lining 5-13 kilometrlari oralig‘ida va Naqshband ko‘chalarida ko‘rish imkoniyati cheklangan fuqarolar qatnov qismlaridan xavfsiz harakatlanishi uchun piyodalar o‘tish joylari tashkil etilganligi, viloyat IIB JXX YHXB mas’ul xodimlar imkoniyati cheklangan ko‘zi ojiz fuqarolar o‘rtasida doimiy targ‘ibot ishlari olib borilayotganligi guvohi bo‘lindi.
Ammo svetofor oldida videoga oladigan jarima fotoradarlari bo‘lishi kerakki, ovozli svetoforga haydovchilar diqqat bilan e’tibor qaratadi. Qolaversa, piyodalar yo‘lagi oyoq bilan anglanadigan maxsus belgili yo‘lakdan shakllantirilib, ushlash uchun maxsus tutqichlar bilan jihozlanishi kerak. Biz ko‘rgan yo‘laklar esa shunchaki nomigagina qurilgan, xolos. U qonunda belgilangan talabga javob bermaydi. Ko‘zi ojizlar yashaydigan aholi punktida esa, bunday maxsus piyodalar yo‘lagi umuman yo‘q.
O‘ylaymizki, millionlar sarflab qilinayotgan ijobiy ishlar, farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasi uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samarasini beradi. Bolalarning hayotiy xavfsizligini ta’minlash juda muhim sanaladi. Shuning uchun mas’ullar kamchiliklarni tez orada bartaraf etishiga umid bildiramiz.
Zulfiya TO‘YYEVA,
O‘zbekiston XDP Buxoro viloyat kengashi raisi,
viloyat Kengashidagi partiya guruhi rahbari.
«O‘zbekiston ovozi», 10.01.2023, №1