Aholi bandligini ta’minlash holati deputatlik nazoratida
Aholi bandligini ta’minlash holati deputatlik nazoratida

 

Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi media markazida “Hududlarda 2023-yilda yangi ish joylari yaratish va aholi bandligini ta’minlash holatini o‘rganish” yakunlariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahar kengashi bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan tadbirda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari, Markaziy Kengashi mas’ullari, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari a’zolari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, partiya faollari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Yig‘ilishni kirish so‘zi bilan ochgan XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova so‘nggi yillarda aholi bandligini ta’minlash, aholining daromadlarini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar salmog‘iga to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining asosiy maqsadi ish o‘rinlarini ko‘paytirish va kambag‘allikni qisqartirishdir.

Yig‘ilishda Samarqand viloyatida 2023-yilda yangi ish joylari yaratish va aholi bandligini ta’minlash holatini o‘rganish yakunlari o‘qib eshittirildi. Yutuqlar e’tirof etilib, yo‘l qo‘yilgan sustkashlik va kamchiliklarning asl negizlari muhokama qilindi.

Davra suhbatida shuningdek, partiya elektorati bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash borasidagi ishlar holati ham muhokama qilindi. Muloqotga taklif qilingan O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati Boshqaruvi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Abduraxmon Abdullayev so‘zga chiqib, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish va ularning bandligini ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar xususida gapirib berdi. Sohada yechimini kutayotgan ba’zi masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar tinglanib, takliflar o‘rtaga tashlandi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish