Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik oshirilmoqda
Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik oshirilmoqda

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Fraksiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortish tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi Qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar.

Hozirgi kunda skuterlar va individual harakatlanish vositalari mamlakatimizda ommalashib ketganligi sababli ushbu vositalar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun javobgarlikni belgilash zarurati yuzaga kelmoqda. Qonun loyihasi bilan Kodeksning 138-moddasiga skuter, individual harakatlanish vositalari haydovchilarining yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi yoki ko‘rsatma beruvchi yo‘l belgilari talablariga rioya etmasligi, belgilangan tartibda nur qaytargich va chiroqlar bilan jihozlanmagan individual harakatlanish vositalar, moped va velosipedlarni boshqarish, shuningdek, individual harakatlanish vositalari, moped va velosipedlar haydovchilarining yo‘lovchilarni tashish qoidalarini buzishi hamda alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast bo‘lgan holda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash taklif etilmoqda.

Shuningdek, yuk avtomobillarida yo‘lning chetki chap qatorida harakatlanish hamda chapga burilishda yoki qayrilib olishda teng ahamiyatli yo‘ldan qarama-qarshi yo‘nalishdan to‘g‘riga yoki o‘ngga harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l berish qoidalarini buzganlik, individual harakatlanish vositalari, skuter haydovchilarining alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mastligi yoki mast emasligini belgilangan tartibda aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi kabi holatlar uchun ham javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.

Fraksiya a’zolari Qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirar ekanlar, yo‘l harakati qoidalariga hamma birdek amal qilishi, qoidabuzarlarga javobgarlikning oshirishi juda ko‘plab baxtsiz hodisalarning oldini olishga xizmat qilishini e’tirof etdilar. Shuningdek, yo‘l harakati ishtirokchilarning madaniyatini oshirish ham muhim masalalardan biri ekanligi ta’kidlandi. Qonun loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar berilib, 1-o‘qishda ma’qullandi.

Yig‘ilishda shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ikkilamchi ijaraga berish va ulardan samarali foydalanish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi 1-o‘qishda ko‘rib chiqildi. Mazkur loyiha barcha yer usti suv obyektlarida suvning oqilona boshqarilishi, suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalariga rioya etish, pillachilik sohasini yanada rivojlantirish kabi maqsadlarda ishlab chiqilgan.

Deputatlar qonun loyihasi muhokamasi chog‘ida pillachilik klasterlari, tutchilik va pillachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga yangi tutzorlar barpo qilish uchun lalmi va yaylov yerlari hisobidan yer ajratishning huquqiy tartibi belgilanayotgani maqsadga muvofiqligini qayd etdilar. Bu pilla xom ashyosi yetishtirishning kafolatli ozuqa bazasini yaratishga xizmat qilishi bilan birga sohani yanada rivojlantirishga zamin yaratadi. Qonun loyihasi keng qamrovli bo‘lib, kiritilayotgan ayrim o‘zgartirishlar yuzasidan tortishuvlar yuzaga keldi. Deputatlar partiya elektorati manfaatlarini hisobga olgan holda o‘z takliflarini bildirgach, Qonun loyihasi konseptual jihatdan ma’qullandi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish