Jamiyat, ayniqsa, yoshlar himoyasini kuchaytirish zarur
Jamiyat, ayniqsa, yoshlar himoyasini kuchaytirish zarur

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar, shuningdek kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarning qonunga xilof muomalasiga qarshi kurashishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini muhokama qildi.

Giyohvandlik vositalarini targ‘ib qilishning yangi usullari paydo bo‘lib, so‘nggi vaqtlarda “narkograffiti”, ya’ni internet-do‘kon manzilining matni yoki grafikasini chizish orqali reklama qilish ko‘paymokda. Shuningdek, giyohvandlik vositalarini o‘tkazish uchun mijozlarni topishda axborot texnologiyalari va internetdan foydalanish holatlari ham ortib bormoqda. Bundan tashqari, giyohvandlik vositalarini o‘tkazishda voyaga yetmaganlardan ham foydalanilmoqda. Jamiyat uchun, ayniqsa, yoshlar uchun xavfli bu kabi qilmishlarga qat’iy jazo belgilanishi muhimligi qayd etildi.

Qonun loyihasiga asosan giyohvandlik vositalarini hamda kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni, jumladan, OAV, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda tayyorlash, tarqatish, reklama qilish va namoyish etish uchun ma’muriy javobgarlik, bu bir yil ichida takroran sodir etilganda esa jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

 

Giyohvandlik vositalari bilan noqonuniy muomala qilish hamda ularni iste’mol qilishga jalb etish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etish uchun voyaga yetmagan shaxsni jalb qilish yoki telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek, Internetdan foydalanish holatlari og‘irlashtiruvchi holat deb topilishi va og‘irroq javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Bu borada Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha javobgarliklar kiritish nazarda tutilmoqda.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Maqsuda Vorisova loyiha yuzasidan savol bilan murojaat qildi:

– Javobgarlikni kuchaytirish bilan bog‘liq takliflarni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lardim. Sababi, bu yurtimizning kelajagiga daxl qiladigan masala. Loyihaning mazmunidan anglash mumkinki, biz oqibatga qarshi kurashmoqchimiz. Mamlakatimiz ichkarisida ham bu moddalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan kimsalar bor. Ularga qarshi kurashish uchun qanday takliflaringiz bor?

Deputatning savoliga Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Zafar Abduxoliqov javob berdi:

– Boshqarmamiz tomonidan oxirgi olti oyda 30 kg ga yaqin sintetik-narkotik moddalar olib qo‘yilgan. Aniqlangan holatlar bo‘yicha tekshiruvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, moddalarning katta qismi, ya’ni taxminan 90 foizi xorijiy mamlakatlarda ishlab chiqarilgan va O‘zbekiston hududiga turli yo‘llar bilan kirib kelgan. Yurtimizda bu moddalarning savdosi ta’qiqlangan. Shu kungacha mamlakatimizda bir dona bunday lobaratoriya aniqlangan.

Deputatlar qonun loyihasini muhokama qilar ekan, farzandlarimizni turli illatlardan, jinoyatchilikdan himoya qilish, muhofazalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdilar. Qonunni yanada takomillashtirish yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar. Taklif va tavsiyalar berilgach, loyiha birinchi o‘qishda ma’qullandi.

Yig‘ilishda, shuningdek, baholash faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Hujjat orqali muammoli holatlarni bartaraf etish mo‘ljallangan. Xususan, baholash to‘g‘risidagi hisobotlarning ishonchliligini tekshirish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf qilish, fuqarolarning ortiqcha xarajatlarini kamaytirish, respublikamizda mol-mulkning haqiqiy qiymatini aniqlashda yagona yondashuvni joriy etish maqsad qilingan.

O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida loyihada ayrim tushunarsiz joylar borligi ta’kidlandi. Deputatlar aniqlashtiruvchi savollar bilan murojaat qildi.

Fraksiya a’zolari yana bir qancha savollar bilan murojaat qildi. Qizg‘in muhokama hamda fikr-mulohazalardan so‘ng qonun loyihasi ma’qullandi, e’tirozlar ikkinchi o‘qishgacha bartaraf etilishi ta’kidlandi.

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish