Siyosatdagi ayollar: Yangiariqlik «Deputat opa»
Siyosatdagi ayollar: Yangiariqlik «Deputat opa»

 

Umr mazmuni, hayotning asl mohiyati haqda gap ketar ekan, beixtiyor ulug‘ shoir Navoiyning «Odamiy ersang demagil odamiy, onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami», degan purma’no misralarini eslash kifoya. Darhaqiqat, bu olamda yaxshilik bilan yashashdan ortiq baxt yo‘q. Shu ma’noda, deputatlik maqomi har bir inson uchun ulkan sharafdir. Deputatning zimmasidagi mas’uliyat katta. Xalqning dardu-tashvishlari, muammolarini hal qilish, quvonchiga sherik, tashvishlariga kamarbasta bo‘lishdek ulkan yukni his qilish uchun esa shunchaki deputatlikka erishishning o‘zi kamlik qiladi. Zero chinakamiga xalq vakili degan ulug‘ nomga sazovor bo‘lish uchun insonda, avvalo shu elga, yurtga fidoyilik, jonkuyarlik salohiyati bo‘lishi lozim.

O‘zbekiston XDP Yangiariq tuman kengashi deputati Barno Qo‘chqorova ana shunday fidoyi xotin-qizlarimizdan biridir. O‘zi yosh bo‘lishiga qaramasdan, B.Qo‘chqorova tumandagi ko‘plab xotin-qizlar, ayollarning yaqin ko‘makchisi, maslahatgo‘yi, kerak bo‘lsa, ishongan do‘sti sifatida ko‘plab xayrli ishlarga bosh bo‘lmoqda. Ham deputat hamda Yangiariq tuman hokimligining xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i sifatida aynan ayollarning muammolarini o‘rganish, turmush sharoitlarini yaxshilash, dunyoqarashlarini o‘zgartirish, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirish, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishlariga ko‘mak berish maqsadida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

B. Qo‘chqorovaning har bir ish kuni mahallalarda, aholi xonadonlarida bo‘lish, xotin-qizlar bilan suhbatlashish, ularning qalbiga quloq tutish bilan boshlanadi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Ochig‘ini aytganda, yangiariqliklar orasida B. Qo‘chqorovani «Deputat opa» desa hamma taniydi.

– Barnoxonning tinib-tinchimasligi, mehnatsevarligining isboti sifatida aytish mumkinki, biz uni ish kabinetiga izlab borishimizga hojat yo‘q. Chunki Barnoxonni qo‘l telefoni hamisha yoqiq. Muammomiz haqda bir og‘iz aytadigan bo‘lsak, o‘zlari yashash manzilimizga kelib, taklif va talablarimizni diqqat bilan eshitadilar. Ba’zi rahbarlarga o‘xshab tuman hokimining o‘rinbosariman, qabul kunlarimda keling, shikoyatingizni yozma ravishda yuboring, qabilidagi ortiqcha gap-so‘zlarni eshitmaganmiz, deya e’tirof qilishdi «Chiqirchi» mahallasida istiqomat qiluvchi xotin-qizlar.

Barno Qo‘chqorova rahbarligida tuman aholisining turmush sharoitlarini «mahallabay,» «xonadonbay» o‘rganish natijasida o‘tgan 2023 yilda 39 ta maxallada bo‘lib, 22 ming 103 ta xonadonlarga kirib o‘rganildi va 26796 nafar 30 yoshdan yuqori bo‘lgan xotin-qizlar bilan suhbat o‘tkazildi va «Anketa so‘rovnoma»lari to‘ldirildi.

E’tiborli tomoni shundaki, ushbu anketa so‘rovnoma asosida 2113 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 327 nafar xotin-qizlar, 384 nafar boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand ayollar, 310 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj 1-2-guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar, 30 nafar uy-joyga muhtoj xotin-qizlar, 256 nafar qaramog‘ida nogiron farzand tarbiyalayotgan xotin-qizlarning har biriga individual yordam berish bo‘yicha dastur ishlab chiqildi. Ushbu masalalar tuman kengashi sessiyasida ko‘rilib, 3420 nafar xotin-qizga amaliy yordamlar berildi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj kam ta’minlangan ayollarning muammolari esa o‘z navbati bilan hal qilinmoqda. Bunda deputatlik so‘rovlari orqali ijro hokimiyatining mas’uliyatini oshirish, bevosita muammolarga yechim topish amaliyoti ancha ish bermoqda.

O‘tgan 2023 yilda Yangiariq tumanida 54 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar xolidan xabar olindi. 22 nafariga nogironlik aravachalari, 18 nafariga eshitish moslamalari, 14 nafariga esa qo‘ltiq xassa va xassalar topshirildi. 60 nafar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar davlat himoyasiga olinib, ularga himoya orderi berildi. «Ayollar daftari» da og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarning 26 nafariga huquqiy va 46 nafariga psixologik yordam ko‘rsatildi, jumladan 2 nafariga uy-joyini kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, 5 nafariga OTMga kontrakt to‘lovlari to‘lab berildi, 1 nafariga farzandini davolatish uchun, 16 nafariga o‘zlari davolanishi uchun mablag‘lar ajrtildi.

Jami 944 nafar xotin-qizlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1 mlrd 12 mln 920 ming so‘mlik bir martalik yordam mablag‘lari tarqatildi.

Xotin-qizlarning dunyoqarashini kengaytirish, bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida partiyamiz tomonidan ilgari surilayotgan «Sog‘lom oila-sog‘lom jamiyat», «Erta turmush-keltirar tashvish», «Qiz bola bo‘lg‘usi oila bekasi» mavzusidagi, shuningdek, xotin-qizlarni maishiy zo‘ravonliklardan asrash, ularning huquqiy ongini shakllantirishga qaratilgan «Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun» shiori ostida turli xil targ‘ibot tadbirlarida har ishda faollik ko‘rsatishga intilayotgan Barno Qo‘chqorovaning o‘rni katta bo‘lmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, Yangiariq tumanida 120 ming 890 nafar aholi istiqomat qilib, shundan 59 ming 888 nafar xotin-qizning turmush farovonligini oshirish borasida tumanda samarali ishlar amalga oshirilyapti. Kasb-hunarli bo‘lib, o‘z tadbirkorligi orqasidan foydali mehnat bilan shug‘ullanayotgan, oilasi daromadiga munosib hissa qo‘shayotgan ayollar soni ko‘paymoqda.

Hayot davom etar ekan, pastu balandliklar, qiyinchiligu-mashaqqatlar, quvonchu-tashvishlar bilan kechishi tabiiy hol. Ana shunday vaziyatlarda Barnoxon o‘zining deputatlik vakolatidan tashqari chin insoniylik nuqtai-nazaridan ham xotin-qizlarga madad bo‘lishga chorlanadi. Yangiariqlik oddiy ayollar ta’biri bilan aytganda, «Deputat opa» ularning har qanday talab, taklif va muammolarini e’tibordan aslo chetda qoldirmasligini yaxshi bilishadi.

Bu esa o‘z faoliyati bilan el mehriga sazovar bo‘la olgan partiyamiz faoli, shijoatli deputat Barnoxon Qo‘chqorovaga xalqning ishonchi va haqqoniy e’tirofidir.

 

Mehribon Ismoilova,

O‘zbekiston XDP Xorazm viloyat kengashi

«Xotin-qizlar va yoshlar bo‘limi» boshlig‘i.

 

 

 

 

Teglar

«Faol ayollar» qanoti Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish