O‘zXDP fraksiyasi uy-joy kommunal sohasida parlament nazoratini kuchaytiradi
O‘zXDP fraksiyasi uy-joy kommunal sohasida parlament nazoratini kuchaytiradi

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokartik partiyasi fraksiyasining kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Viyedokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishda fraksiya a’zolari, partiya Markaziy Kengashi va hududiy tashkilotlari mas’ullari, mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari a’zolari hamda yoshlar qatnashdi.

 

Majlisda qurilish, uy-joy, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida belgilangan ustuvor vazifalarni bajarishda faol ishtirok etish masalasi ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, joriy yilning 29 yanvar kuni Prezidentimiz uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va 2024 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Unda davlat rahbari qurilish sohasiga zamonaviy standartlarni joriy qilib, qurilish normalarini yangilash, ichimlik suvi tannarxi va tarmoqdagi yo‘qotishlarni kamaytirish, mahalliy aviareyslarni ko‘paytirish, Toshkent shahrida tirbandlikni kamaytirish va jamoat transportini yaxshilashdagi kamchiliklarni birma-bir sanab, mutasaddilarning bu boradagi ishlari qoniqarsiz ekanini ta’kidladi.

Yig‘ilishda transport tizimini raqamlashtirish, yo‘l qurilishi va ekspluatatsiyasiga xususiy sektorni jalb qilish, temir yo‘lda yuk tashish avtomobilga nisbatan 3 barobar ko‘p vaqt talab qilayotgani, havo ifloslanishini oldini olish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va hisob-kitoblar qilinmayotgani bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar faoliyatidagi qoloqliklar ko‘rsatib o‘tildi.

 

Prezident ilgari surgan g‘oyalar, belgilab bergan qat’iy vazifalar, ayniqsa, ijtimoiy sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha belgilangan choralar Xalq demokratik partiyasining elektorati manfaatlariga, dasturiy maqsadlariga har tomonlama mos kelishi qayd etildi.

Shuning uchun dolzarb vazifalarni amalga oshirishda O‘zbekiston XDP fraksiyasi, mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarining bevosita va faol ishtirokini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Deputatlik, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi yondashuvini yanada kuchaytirish lozimligi haqida yakdil fikr bildirildi. Ijtimoiy sohadagi muammo va kamchiliklarda deputatlar ham o‘zlarini mas’ul hisoblashlarini ma’lum qilishdi.

2024 yildagi ustuvor vazifalarning amaliy ijrosini ta’minlashda parlament ishtirokini kuchaytirish, deputatlik va jamoatchilik nazoratini qat’iy olib borish talab etiladi.

Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 4 ishchi guruh tuzilgani, xususan, uy-joy kommunal sohasi bo‘yicha ishchi guruhga O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari asosiy mas’ul etib belgilangani, elektorat manfaatlarini himoya qilishda bu muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Ishchi guruhning faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, ta’sirchan parlament va deputatlik nazoratini olib borish bo‘yicha taklif-mulohazalar bildirildi. Xususan, qonunlar ijrosini tanqidiy-tahliliy o‘rganish, tizimning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar tayyorlash uchun hududlarga chiqqan holda nazorat-tahlil tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirildi.

Aholining turmush farovonligi va ijtimoiy kayfiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan uy-joy kommunal sohasida mas’uliyat hamda natijadorlikka erishish muhim ekani ta’kidlanib, ish jarayonini har tomonlama puxta tashkil etishga kelishib olindi.

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish