Bugungi kunda keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida mamlakatimiz taraqqiyotini mustahkamlash, aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan muhim maqsad va vazifalar belgilanmoqda.
Ayni chog‘da loyihadagi ustuvor yo‘nalishlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar yig‘ilishlarida ko‘rib chiqilib, bir qator takliflar ilgari surilmoqda.
Dastur loyihasida barcha sohalar qatori sog‘liqni saqlash sohasiga alohida e’tibor qaratilgani quvonarli hol. Xususan, aholi salomatligini saqlash, o‘rtacha umr davomiyligini uzaytirish, surunkali kasalliklarni barvaqt aniqlash, aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirishga qaratilgan vazifalar belgilab qo‘yilgani ayni muddao bo‘ldi.
Onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida bolalar orasida irsiy kasalliklarni oldini olish, selektiv skrininglar o‘tkazish, aniqlangan bolalarni davolash uchun aniq mablag‘ manbalari belgilab berilgani ham diqqatga sazovor.
Xalq demokratik partiyasi dasturida pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan oilalar, “Muruvvat”, “Saxovat” va “Mehribonlik” uylarida yashovchilar, aholining boshqa zaif qatlamlariga tibbiy xizmat ko‘rsatish, ularni dori-darmonlar va tibbiy vositalar bilan ta’minlash hamda ijtimoiy dorixonalarning tarmog‘ini yaratish va faoliyatini tashkil etish ustidan samarali parlament va deputatlik nazoratini amalga oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Loyihada nazarda tutilayotgan vazifalar partiyamiz maqsad va g‘oyalariga uyg‘un va hamohangdir. Ayniqsa, onkologik, onkogematologik kasalliklarni erta aniqlash uchun birlamchi tizimda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlarining “onkoogohlik” bo‘yicha malakalarini oshirishga e’tibor qaratilganligini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Shu bilan birga, hududlardagi aholi sonidan kelib chiqib, yangi oilaviy shifokorlik punktlari va poliklinikalarni tashkil etish, buyrak kasalliklarini erta aniqlash bo‘yicha skrining amaliyotini joriy etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni sifatli va zamonaviy protez-ortopediya buyumlari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan vazifalarni alohida e’tirof etamiz.
Umuman olganda, inson salomatligi — eng buyuk ne’mat. U shunchalik bebahoki, hech qanday mezonga tenglashtirib bo‘lmaydi. Dastur loyihasidan o‘rin olgan vazifalar inson salomatligini mustahkamlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini tubdan oshirishga xizmat qiladi.
Qizilgul QOSIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.