Qonun loyihasi uning konsepsiyasiga mos bo‘lishi zarur
Qonun loyihasi uning konsepsiyasiga mos bo‘lishi zarur

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.

Loyihaga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 212– moddasiga o‘zgartirish kiritish taklif etilmoqda. Ya’ni, amaldagi normaga kodeksning 61-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida (oz miqdorda talon-toroj qilish) nazarda tutilgan holatlarni yarashilganligi munosabati bilan ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish belgilanmoqda.

Shuningdek, Kodeksning 73-moddasiga firibgarlik jinoyatlari bo‘yicha yetkazilgan moddiy zararni qoplamagan shaxslarga nisbatan ozod qilish qo‘llanilmaydi, degan qo‘shimcha band kiritilmoqda. Ya’ni, moddiy zararni qoplamagan shaxsni shartli ravishda ozod qilish uni moddiy javobgarlikdan xalos qilmasligi yoki moddiy zararni qoplamagan shaxslar shartli ravishda ozod etilmasligi nazarda tutilmoqda.

Fraksiya a’zolari bu o‘zgartish va qo‘shimchalar firibgarning tuzog‘iga tushgan jabrlanuvchilarning huquqlari tiklanishi, bu turdagi qonunbuzilish holatlarining kamayishiga olib kelishini ta’kidladi. Masalaning muhimligini inobatga olgan holda, loyiha birinchi o‘qishda konseptual ma’uqllandi.

O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan o‘simlik va hayvonot turlarini muhofaza qilishni yanada kuchaytirishni nazarda tutuvchi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi ham bahs-munozaralarga boy o‘tdi.

Avvalo, mazkur loyiha bugungi vaziyatdan kelib chiqib baholansa, dolzarb va muhim ekani ta’kidlandi. Biroq loyiha va uning konsepsiyasi bir-biriga mos emasligini deputatlarning e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Xususan, deputat Sharofiddin Nazarov qonun ancha muhimligi, u qancha tez qabul qilinsa, shuncha yaxshiligini ta’kidladi. Fraksiya a’zosining qayd etishicha, tashabbuskorlar taqdim etgan yo‘l xaritasining 13-bandida kamyob, yo‘qolib ketishi xavfi ostida bo‘lgan yovvoyi hayvonlar va o‘simliklar dunyosi bo‘yicha aniq ta’qiqlovi hamda cheklovchi talablarni belgilash ilgari surilgan. Biroq loyihada bu masala ochib berilmagan. Deputat loyihada bu kabi xato va kamchiliklar birgina emasligini aytib, loyihaning konsepsiyasini birinchi o‘qishga qadar to‘g‘rilash kerak, degan fikr bildirdi.

Davomli muhokamalardan so‘ng qo‘mitaning xulosasi bilan loyiha birinchi o‘qishda ma’qullandi.

Fraksiya yig‘ilishida, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar Parlamenti II chaqirig‘ining 2023 yildagi faoliyati to‘g‘risida axboroti eshitildi. Unda o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

Deputatlar Yoshlar parlamentining faoliyatiga XDP fraksiyasi hamisha xayrixoh ekanini ta’kidladi. Ularga har tomonlama dastak bo‘lishga, yoshlar ilgari surayotgan tashabbuslar, bildirayotgan fikrlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini qayd etdi.

O‘z navbatida Yoshlar parlament a’zolari faoliyatini jonlantirish yuzasidan takliflar bildirildi. Jumladan, Yoshlar parlamenti a’zolarining qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan o‘tkaziladigan muhokamalarda, fraksiya yig‘ilishlarida muntazam ishtirokini ta’minlash, ya’ni ularni Qonunchilik palatasi faoliyatiga yanada kengroq jalb qilish masalasi ilgari surildi.

Shuningdek, Yoshlar parlamentining parlament quyi palatasidagi Yoshlar masalalari komissiyasiga takliflar berish imkoniyatidan samarali foydalanish kerakligi, bu borada kamchiliklar borligi qayd etildi.

Yoshlar parlamenti a’zolarining deputatlar bilan hamkorligini kuchaytirish, saylov okruglaridagi faoliyatda o‘zaro aloqadorlikni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi. Fraksiya a’zolari Yoshlar parlamenti a’zolariga amaliy yordam ko‘rsatishga har doim tayyor ekanliklarini ma’lum qilishdi.

Bilidirilgan fikr-mulohazalar, takliflar nazoratgi olinishi ta’kidlandi. Yoshlar parlamentining axboroti fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullandi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish