Yangi tizim: kollej-texnikum va oliygohlarni ish beruvchilar bilan uzviy bog‘laydi
Yangi tizim: kollej-texnikum va oliygohlarni ish beruvchilar bilan uzviy bog‘laydi

 

Taraqqiyot tezlashgani sari jadal islohotlar bilan tengma-teng qadam tashlaydigan, zamonga mos ilg‘or fikrlaydigan kadrlarga ehtiyoj ham oshadi. Shuning uchun keyingi yillarda O‘zbekistonda ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, zamonaviy kadrlar tayyorlashga qaratilgan qator e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu yilning 5 fevral kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi. Xususan, Prezidentimiz professional va oliy ta’limdagi masalalar haqida ham gapirdi. Professional va oliy ta’limdagi ayrim yo‘nalishlar hozirgi mehnat bozoriga, texnologik yangilanishlarga mos emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Ish beruvchilarda katta ehtiyoj, talabalarda salohiyat va xohish bor. Lekin ularni bog‘laydigan uzviy tizim yo‘qligi aytildi.

To‘g‘ri, mamlakatimizda ta’lim sohasidagi islohotlar yaxlit, ta’limning barcha bosqichlarini qamrab olgan holda amalga oshirilmoqda. Oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, ta’lim-tarbiya, ilm-fanni yaxshi o‘zlashtirgan va intellektual salohiyatli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha barcha imkoniyatlar ishga solinyapti. Albatta, bunday e’tibor yaqin kelajakda o‘z samarasini beradi, bunga shubha yo‘q. Lekin barcha sohalarda jadal islohotlar olib borilayotgan ayni paytda ham zamon shiddatiga mos ilg‘or kadrlar bugun ham kerak. Bu esa ta’lim mazmuni fan va ishlab chiqarish talablariga mos kelishi zarurligini taqozo qiladi.

Shundan kelib chiqib endilikda professional va oliy ta’limda kasbiy ko‘nikmalarni belgilash va ularni baholash bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi. Talab yuqori bo‘lgan 100 ta kasb standartlari Germaniya, Shveysariya va Buyuk Britaniya tajribasi asosida yangilanadi. Bunda malaka talabi ish beruvchi ehtiyojiga moslashadi. Professional ta’lim ustozlariga yangi standartlar bo‘yicha o‘qitish talablari qo‘yiladi.

Yana bir ahamiyatga molik masala — bu yangi o‘quv yilidan boshlab, texnikumlarda o‘qitish “akademik” va “ishchi kasb” komponentlarining uzviyligini ta’minlaydigan yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yiladi. Bunda kollej-texnikumning 1-2 kursidagi ta’lim dasturlari, darsliklar, bilimni baholash mezonlari va muallimlarga talablar oliygohlar bilan bir xil bo‘ladi. Texnikumlarda ham “kredit tizimi” joriy qilinib, fanni o‘zlashtirish bo‘yicha to‘plangan “kreditlar” oliygohlarda tan olinadigan tizim bo‘ladi. Ya’ni, kollej-texnikumda ikki yil davomida yetarli “kredit” to‘plagan o‘quvchilar “2+2” yoki “2+3” dasturlari asosida oliygohlarning ikkinchi yoki uchinchi kurslarida ta’limni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Aytish kerakki, yoshlarimiz orasida o‘z tengdoshlariga ibrat bo‘layotgan, jamiyatdagi yangilanishlar jarayonida faol ishtirok etayotganlari juda ko‘p. Hayotda o‘z o‘rnini topishga qiynalayotgan, adashgan, ko‘makka muhtojlari ham yo‘q emas. Demak, islohotlarga qaramay, yoshlarning muammolarini tizimli hal etish borasida muayyan kamchiliklar ham bor.

Bir paytlar yoshlarni kasb-hunarga o‘qitishda mehnat bozori talablari deyarli hisobga olinmasdi. Oliygohni yoki kollej, texnikumni tamomlagan qanchadan-qancha yigit-qizlar ish topishda muammoga duch keldi. Chunki u yashaydigan hududda bitiruvchining egallagan kasbi, mutaxassisligi bo‘yicha kasbga ehtiyoj bo‘lmagan. Bakalavriat yo‘nalishidagi o‘nlab yo‘nalishlar mehnat bozori talablariga javob bermasligini davlatimiz rahbari alohida ta’kidlab o‘tdi.

Bundan keyin kasbga talab ish beruvchi ehtiyojiga moslashadi. Bu orqali minglab ish o‘rni yaratiladi, shunga yarasha ish beruvchining talablariga mos malakali kadrlar tayyorlanadi. Kollej-texnikumlar va oliygohlarni ish beruvchilar bilan uzviy bog‘laydigan tizim yaratiladi. Kollej-texnikumda o‘qib, faoliyatini ishlab chiqarishda davom ettirmoqchi bo‘lganlarni sohadagi mavqeini oshirish bo‘yicha ham yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Endi kollej-texnikumda “ishchi kasb” yo‘nalishida o‘qiganlar ikki yoki uch yil ishlab, tajriba orttirganidan keyin, imtihon topshirib, bakalavrga teng malaka darajasini olishi mumkin.

Demak, egallayotgan kasbini yaxshi o‘rgangan, o‘zlashtirgan, sir-sinoatlarini puxta egallagan yigit-qizlar oliy ta’lim darajasidagi malakaga ham ega bo‘ladi. Bu yoshlarimiz uchun sharoit va imkoniyatlar yanada kengayishini anglatadi.

Aslida yoshlar – mamlakat taraqqiyoti uchun katta iqtisodiy kuch va yaxshi imkoniyatdir. Lekin bu maqsadga erishish uchun avvalo, ularni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalalariga jiddiy e’tibor berish kerak.

Ishonchim komilki, bunday imkoniyat va imtiyozlar yoshlarning kasbiy ko‘nikmasini yanada mustahkamlash, bandligini ta’minlashga xizmat qiladi. Zotan, yigit-qizning hayotiga oid muammolarning ijobiy hal etilishi, ularning yaxshi ta’lim olishi, ishga joylashishi –kelajakda oilalarimiz, butun jamiyat farovonligi va mustahkamligiga qo‘yilgan poydevordir.

 

Muqaddas O‘razaliyeva,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi,

Fan, ta’lim, madaniyat va sport qo‘mitasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish