Tizimli hamkorlikni kuchaytirishga urg‘u berildi
Tizimli hamkorlikni kuchaytirishga urg‘u berildi

 

Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi majlislar zalida partiya Saylovoldi platformasining maqsad va ustuvorliklarini amalga oshirishda partiya tashkilotlari hamda deputatlik birlashmalarining 2024 yilga mo‘ljallangan “Amaliy harakat” dasturining asosiy yo‘nalishlari yuzasidan o‘quv-seminar tashkil etildi.

Unda 2024 yil 2 fevralda qabul qilingan «Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni mazmun-mohiyati va Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari oldida turgan vazifalar haqida O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i B.Yusupov ma’ruza qildi. Farmonga ko‘ra, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida 33 ta funksiya va vakolatlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkazilmoqda. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining davlat organlarining hisobot (axborot)larini eshitishga doir ayrim vakolat va funksiyalari 10 taga birlashtirilgan holda tizimlashtirilayotganligi haqida to‘xtalib o‘tildi. Masalan, hokimlar va ular o‘rinbosarlarining 7 turdagi (dasturlar ijrosi; kichik biznes, tadbirkorlik, aholi bandligi; kreditlar ajratish; hokim yordamchilari axborotlarini eshitish yakunlariga oid) hisobotlarini eshitish – hokimlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi bo‘yicha hisobotlarini eshitish doirasida ko‘rib chiqiladi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, mahalliy Kengashlar zimmasiga vazifa va funksiyalar faqatgina qonun hujjatlari bilan yuklanadi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mahalliy Kengashlar faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda vazifalarni mahalliy vakillik va ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida aniqbelgilash amaliyoti joriy etiladi.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari uchun yaratilgan ana shunday imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘z dasturiy maqsadlarini to‘laqonli amalga oshirishning eng samarali shakl va uslublari, mexnizmlaridan keng foydalanish lozimligiga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi tomonidan tasdiqlangan 2024 yilga mo‘ljallangan amaliy Harakat dasturi partiya Saylovoldi dasturidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur Harakat dasturi doirasida partiya elektorati manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator qonunchilik tashabbuslarini ilgari surish, hududlarda aholini o‘ylantirayotgan muhim masalalarga yechim topish hamda qabul qilingan maqsadli dasturlarning ijrosini ta’minlashda deputatlik va parlament nazoratini olib borish bo‘yicha mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari faoliyatini yanada kuchaytirishga erishish nazarda tutilmoqda.

Yig‘ilish ishtirokchilari partiya elektorati manfaatlarini ta’minlashda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi va mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlarining tizimli hamkorligini kuchaytirish, qabul qilinadigan qonunlar va parlament muhokamasiga olib chiqiladigan masalalarni avvalo joylarda mahalliy kengashlardagi deputatlar ishtirokida chuqur o‘rganishga, tahlil qilishga va shu orqali parlamentda partiya elektorati manfaatlarini ifoda etish masalasiga e’tibor qaratishdi.

Tadbir yakunida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat
← Roʻyxatga qaytish