Siyosiy vazifalar, o‘tmagan loyiha
Siyosiy vazifalar, o‘tmagan loyiha

 

Har bir hafta Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari uchun tig‘iz va muhim majlislar bilan boshlanadi. Yangi yetti kunning dushanbasida fraksiyalar o‘z elektorati, saylovchilari manfaatlarini ifoda etishga harakat qiladi. Tabiiyki, ko‘p hollarda qonun tashabbuskorlari e’tirozlarni xursandchilik bilan qabul qilmaydi. Bu hafta ham qizg‘in bahslar bilan boshlandi.

 

29 ta qonun loyihasi ishlab chiqiladi

Qonun loyihalarining muhokamasi avvalida esa, o‘tgan haftadagi muhim voqeliklar va ularda parlament vakillarining ishtiroki tahlil qilindi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi hamda uni tasdiqlash to‘g‘risidagi Prezident Farmoni loyihasi keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilgani yuzasidan tahliliy mulohazalarini bildirdi.

Ta’kidlandiki, fuqarolar loyihalarning muhokamasida faol ishtirok etib, mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan fikrlari va takliflarini bildirdilar. Jamoatchilik muhokamasi davlat dasturi loyihasining fuqarolar fikri asosida boyitilishiga va uning yanada xalqchil bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar hamda komissiyalarda loyihalar atroflicha muhokama qilindi. Deputatlar tomonidan saylov okruglarida ham keng jamoatchilik ishtirokida muhokamalar tashkil etildi.

Dastur loyihasida xalqimiz farovonligini ta’minlash, yoshlarni hamda biznes vakillarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hayotiy tashabbuslar, manzilli maqsadlar belgilangani deputatlar korpusi tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda. O‘z navbatida deputatlar ham dastur loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan qator takliflarini bildirgani qayd etildi.

Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi takliflari o‘rta ta’lim maktablarida inklyuziv ta’limni rivojlantirish, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolar huquq va manfaatlari himoyasining qonuniy asoslarini takomillashtirish bilan bog‘liqdir.

O‘tgan hafta yakunlari tahlil qilinar ekan, Qonunchilik palatasi deputatlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri – saylov okrugidagi ishlarni samarali tashkil etish, o‘z saylovchilari bilan doim aloqada bo‘lishini ta’minlash hisoblanishi ta’kidlandi.

Saylovchilar ko‘targan tizimli masalalarni, turli soha va tarmoqlardagi muammolarni hal etish yuzasidan muayyan ishlar olib borilmoqda. Avvalo, mazkur masalalarni yechishning qonuniy asoslarini mustahkamlash, bu borada qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalangan holda, amaldagi qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritishga qaratilgan jami 29 ta qonun loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgani bildirildi.

O‘zbekiston XDP fraksiyasi tomonidan 5 ta qonun loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda. Davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘lar mutanosibligini ta’minlash bo‘yicha amaldagi qonunchilikka o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ana shular jumlasidandir.

 

O‘zXDP murojaatlar tizimli hal etilishi tarafdori

Majlisda Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman)ning 2023 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

Qayd etilishicha, 2023 yilda Ombudsmanga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar 18622 tani tashkil etdi. 2022 yilga nisbatan o‘sish kuzatilgan. Murojaatlarning eng ko‘pi, ya’ni 3600 tasi ijtimoiy masalalar bilan bog‘liq.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari,
partiya Markaziy Kengashi raisi:

— Fraksiyamiz Ombudsman hisobotini tahlil qilib, o‘rganib chiqdi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda, ayniqsa, huquq va imkoniyatlar tengligini ta’minlashda Ombudsman institutining samarali faoliyatini muhim, deb hisoblaydi.

Hisobot davrida Ombudsman instituti tomonidan fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish, ularning buzilgan huquqlarini tiklash, inson huquqlarini kafolatlovchi qonunchilik bazasini mustahkamlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilgan.

Xalq demokratik partiyasining fraksiyasi murojaatlarni hal etish, qiynoqlarga qarshi kurashish, fuqarolarning huquqlarini qat’iy himoya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni kuchaytirish bo‘yicha kelgusida ayrim masalalarga alohida e’tibor qaratishi zarur, deb hisoblaydi.

Birinchidan, vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda murojaatlarni batafsil o‘rganish, masalani uzil-kesil hal etishdagi faollikni oshirish lozim. Buning uchun Ombudsman faoliyati bilan bog‘liq qonun hujjatlarini takomillashtirishga e’tibor qaratish talab etiladi.

Ikkinchidan, Ombudsmanga 2023 yilda murojaatlarning eng ko‘p qismi – 30 foizi fuqarolarning ijtimoiy huquq va erkinliklari bilan bog‘liq bo‘lganligi murojaatlarni asosan mahalliy darajada ko‘rib chiqib, ijrosini ta’minlash Ombudsman faoliyatining asosiy yo‘nalishi bo‘lishi muhimligini ko‘rsatmoqda. Hisobotdagi raqamlardan ko‘rinib turibdiki, hududiy vakillar tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga, ularning mansabdor shaxslariga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan ariza va da’vo arizalari bo‘yicha taqdimnomalar hamda tavsiyaviy xususiyatga ega xulosalar kiritishga siyosiy iroda yetishmayapti. Mazkur sohada mahalliy Kengashlardagi deputatlik korpusi bilan hamkorlikni kuchaytirish juda muhim, deb hisoblaymiz.

Uchinchidan, Ombudsmanning jazoni ijro etish muassasalarida o‘rnatilgan “Ombudsman quti”lariga kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilish, ularni qonunchilikda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqish tavsiya etiladi.

Majlisda Ombudsman hisoboti qo‘llab-quvvatlandi.

 

Qonun loyihasi rad etildi

Qonunchilik palatasining majlisi bir maromda o‘tmasligi ma’lum. Bir shaxsning qarashlari boshqa bir fikrga qarama-qarshi bo‘lsa-da, aksariyat hollarda qonun loyihalarini ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullash holati kuzatiladi. Biroq bu galgi majlisda deputatlarning aksariyati jarimalar bilan bog‘liq masala ko‘tarilgan qonun loyihasiga qarshi chiqdi, ovoz bermadi yoki betaraf bo‘ldi.

Gap shundaki, majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Unga binoan jismoniy va yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan transport vositalaridan foydalanib, sodir etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilgani maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlangan taqdirda, transport vositalarini fuqarolik-huquqiy tartibda foydalanish huquqini olgan hamda ushbu transport vositalaridan foydalanayotgan shaxslar yoki mulk egalari ma’muriy javobgarlikka tortilishini belgilash nazarda tutilmoqda.

Mazkur me’yor davomli va qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mas’ul qo‘mita tomonidan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilish taklif etildi. Ammo deputatlar tomonidan ushbu normaga doir turli fikrlar bildirilib, noaniqlik, turli talqinlar, korrupsiya holatlari kelib chiqishi mumkinligi qayd etildi. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ovozga qo‘yildi va yetarli ovoz to‘plamagani tufayli rad etildi.

Fikrlarni kuzatar ekansiz, taklif etilayotgan me’yorlarni kimdir mantiqsiz, deb baholasa, yana birov uning qanchalar ahamiyatli ekanini misollar bilan isbotlashga harakat qildi. Partiyalar har xilligi ularning maqsad va g‘oyalari ham turlicha ekanini anglatadi. Shundan kelib chiqib, deputatlar qonun loyihalariga munosabat hamda takliflarini bildirishi tayin.

Fikrlar xilma-xilligi qonunlarga turli nuqtadan qarash va ularni shu asosida baholash imkonini yuzaga keltiradi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

O‘zbekiston XDP Axborot xizmati rahbari.

«O‘zbekiston ovozi», 14.02.2023, 6

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish