Suv limiti bo‘yicha me’yor yana muhokama keltirib chiqardi
Suv limiti bo‘yicha me’yor yana muhokama keltirib chiqardi

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Dastlab “Suv resurslarini boshqarish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Mazkur qonunga muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Loyihada mahalliy Kengashlar suv limitini tasdiqlash emas, belgilashini nazarda tutuvchi me’yor ko‘rsatilgani deputatlarda savollarni yuzaga keltirdi.

 

Sharofiddin Nazarov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi, XDP fraksiyasi a’zosi:

— Avvalgi o‘qishda ham o‘z e’tirozlarimizni bildirgan edik. Amalda fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda boshqalar uchun limitlar suv iste’molchilari uyushmalari tomonidan belgilanayotgan edi. Bunda bevosita har bitta subyekt bo‘yicha sarflanadigan me’yor aniqlanadi. Birgina tumanda turli toifadagi minglab iste’molchi mavjud. Har bitta iste’molchi bilan alohida shartnoma tuzilgan ravishda suv yetkazilar edi. Qonunda nazarda tutilgan tartib mexanizmi qanday amalga oshiriladi? Umumlashgan limit, degan tushunchaning ma’nosini ochiqlab bering. Chunki bu jumlaning o‘zi umumiy bo‘lib, qabul qilingandan so‘ng tushunmovchiliklarga sabab bo‘lishi yoki umuman ishlamaydigan normaga aylanib qolishi mumkin.

 

Rashanbek Begmatov,

Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi:

— Suv iste’molchilar uyushmasi fermerlar kesimida ishlagan bo‘lsa, endilikda bu borada maxsus xizmat faoliyat olib boradi. Ekin turidan, joy hajmi va boshqa jihatlardan kelib chiqib, limit aniqlanadi va qaysi dekadada qancha suv talab qilinishi kabi me’yorlar ishlab chiqiladi. Tumanlardan olingan ma’lumot viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasiga boradi. Shu tariqa umumlashtirilib, limit taqdim etiladi. Masalan, bir tumanda 100 kub suv so‘ralgan bo‘lsa va kutilayotgan suv 80 kub bo‘lsa, 20 foiz limit proporsional ravishda qayta ishlab chiqilib, Kengashga kiritiladi. Bunda o‘rganishlar natijalari va uning asosida ishlab chiqilgan limitni deputatlar tasdiqlash orqali belgilaydi.

 

Maqsuda Vorisova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

— Bilamizki, suv strategik resurs, uning to‘g‘ri taqsimlanishi juda muhim sanaladi. Mahalliy Kengash limitni tasdiqlab berishi mumkin xolos. Chunki bu yerda javobgarlik, mas’uliyat masalasi turibdi. Ba’zi bir fermer yoki dehqon xo‘jaligida e’tiroz bo‘lsa, deputatlarga bildira olmaydi. Sababi limit sessiya qarori bilan belgilangan bo‘ladi. Lekin davlatdan maosh olib ishlayotgan soha mutaxassislari bunga javob berishi kerak. Shuning uchun deputatlar belgilamaydi. Ya’ni, limitni belgilash mas’uliyati davlat idoralarida qolib, tasdiqlash, ko‘rib chiqish deputatlar zimmasiga qo‘yilishi lozim. Zero, tasdiqlash va belgilash ikki xil yuridik tushuncha. Bu ishni qishloq xo‘jaligining egasi, mutaxassisi belgilashi to‘g‘ri bo‘ladi. Mazkur moddani yaxshilab o‘ylab ko‘rish zarur.

Fraksiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga bojxona brokeri va xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini yetkazib berish faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqishdi.

Unga asosan bojxona brokeri va xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini yetkazib berish bo‘yicha faoliyatni boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi belgilanmoqda. Shuningdek, bojxona nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini yanada soddalashtirish jarayonida xavflarni boshqarish tizimi asosida halol tadbirkorlik subyektlari ro‘yxatini shakllantirish ko‘zda tutilmoqda.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasidagi me’yorlar ayrim nohalol tashkilotlarning yashirin iqtisodiy faoliyatini cheklashga xizmat qilishini ta’kidladilar. Qonunni yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berilgach, loyiha konseptual jihatdan ma’qullandi.

Yig‘ilishda, shuningdek, “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Unda bank va elektron hukumat tizimida kiberxavfsizlikni ta’minlashga, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan me’yorlar o‘rin olmoqda. Deputatlar ma’lumotlar, o‘tkazmalar almashinuvi xavfsizligini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi bo‘yicha o‘z-fikr mulohazalarini bildirdilar. Qonun fuqarolar, jamiyat manfaatlarini himoya qilishda muhimligi hisobga olinib, birinchi o‘qishda ma’qullandi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish