Ma’rifat yo‘q joyda ezgulik ham bo‘lmaydi
Ma’rifat yo‘q joyda ezgulik ham bo‘lmaydi

 

“Jannat bog‘idan bahramandlik istar ekansan, avvalo, munis onani rozi aylagin”

Prezidentimizning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida keltirilgan hazrat Navoiyning bu hikmatli jumlalari yurtimizda buyuk ona siymosi, mo‘tabar ayol zoti asrlar osha qadrlanib kelinayotganini ko‘rsatadi.

Bugungi kunga kelib ayol, ona qonuniy haq-huquqlarga, kasb-korga, bilim-salohiyatga, katta imkoniyat va sharoitlarga ega bo‘lgan zamonaviy ayol sifatida hurmat-ehtiromga chulg‘anmoqda. Jamiyatning barcha jabhalarida aql-zakovati bilan o‘zini namoyon eta olmoqda. Zero, butun xalqimiz, xotin-qizlarimiz uchun farovon hayot barpo etish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, orzu-maqsadlarga imkoniyat yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan.

Raqamlarga nazar tashlaylik. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 2017 yildagi 27 foizdan 35 foizga yetgani, keyingi 5 yilda O‘zbekistonda ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengayib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor xotin-qizlar soni 205 mingdan oshgani, o‘tgan yilning o‘zida esa 147 nafar xotin-qizlar fan doktori, 1 ming 238 nafari falsafa doktori ilmiy darajasiga erishgani, oliygohlarda ta’lim olayotgan 1 million 300 ming nafarga yaqin talabaning yarmidan ko‘pi ya’ni, 653 ming nafardan ziyodini, magistraturada o‘qiyotgan yoshlarimizning qariyb 60 foizini qizlar tashkil etayotgani har birimizda cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.

Albatta, bunday katta va muhim natijalar uzoqni ko‘zlagan choralar orqali amalga oshmoqda. Bu osonlik bilan bo‘lib qolayotgani ham yo‘q.

Ayollarning, xususan, qiz bolaning o‘qib, oliy ma’lumotli bo‘lishi, kasb-hunar egallashi oila baxti, farzandlar kamoli uchun, shu asosda butun jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladi, deya ta’kidladi davlatimiz rahbari o‘z nutqida.

Yurtimizda xotin-qizlarimizning ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamlariga ham alohida e’tibor qaratilayotganidan barchamiz xabardormiz. Hayotiy muammolar tizimli hal etilayotgani qanchadan-qancha ayollarning orzu-umidlari ro‘yobga chiqishiga xizmat qilmoqda.

Uy-joyli bo‘lish oila mustahkamligining eng muhim asosi, muqaddas qo‘rg‘onidir. Shu jihatdan xotin-qizlarga ajratilgan 6 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari hisobidan 25 mingdan ziyod oilalar o‘z uylariga ega bo‘lgani, bu borada 6 ming 200 nafar ayolga uy-joy sharoitini yaxshilash va kreditning boshlang‘ich badalini to‘lash uchun 200 milliard so‘m subsidiya ajratilgani oilalar, ayniqsa, unda kamol topayotgan farzandlarga qanchalik quvonch baxsh etganini tasavvur qilish qiyin emas.

O‘tgan yilning o‘zida “Ayollar daftari” bo‘yicha 1 trillion 234 milliard so‘m hisobidan qariyb 994 ming nafar xotin-qizning muammosi hal etilgan, ijtimoiy yordamga muhtoj 690 mingdan ziyod oilaga manzilli yordam ko‘rsatilgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning vakillari, yetim qolgan yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 2 mingdan ziyod talaba uchun 14 milliard 500 million so‘m kontrakt puli mahalliy budjetlar hisobidan qoplab berilgan.

Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili davlat dasturida belgilangan vazifalarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bu kabi ezgu ishlarning davomi sifatida xotin-qizlarning sog‘ligini mustahkamlash, ularning bandligini ta’minlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish masalalariga yanada kuchli e’tibor qaratilganini ko‘ramiz.

Prezidentimiz o‘z nutqida bugungi tahlikali zamonda jahon miqyosida kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik, hayotga yengil-yelpi, iste’molchilik kayfiyati bilan qarash kabi xatarlardan yoshlarimizni himoya qilish o‘ta dolzarb masalaga aylanayotganini ta’kidlab, yurtimizdagi barcha ayollarga murojaat qildi.

Darhaqiqat, oilada farzand tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, bog‘cha, maktab va oliygohlarga kirib borish, o‘qituvchi va murabbiylar bilan ko‘proq muloqot qilish, farzand va nabiralarimizning o‘qishi, davomati masalasi, axloq-odobi bilan qiziqish biz ayollar, onalar, buvijonlarning asosiy vazifamiz bo‘lmog‘i lozim.

Chindan ham bolalarimizni bilimli va aqlli, oqni qoradan ajrata oladigan, el-yurtimizga sodiq, mustahkam irodali insonlar etib tarbiyalash uchun barchamiz birgalikda harakat qilishimiz zarur. Tan olishimiz kerak, oramizda shon-shuhrat orttirish, hashamatli hayot qurish yoki oddiy kundalik tashvishlar bilan o‘ralashib, farzandi tarbiyasiga befarq bo‘layotgan, o‘qituvchisi, tarbiyachisi bilan muloqot qilib, o‘g‘li, qizi yoxud nabirasining xulq-atvori, o‘qishi, davomati xususida oyda-yilda bir marta bo‘lsayam so‘rab-surishtirmaydigan ayollar ham yo‘q emas.

Farzand tarbiyasi bolani oq yuvib, oq tarash, yaxshi yedirib- ichirish, yaxshi kiydirishgina emas, balki uning ong-tafakkuri, bilim-saviyasi, dunyoqarashini ham tarbiyalash demakdir. Jadid bobolarimizdan biri Abdullo Avloniy bola tarbiyasi avvalo onaning vazifasi ekani haqida bejizga xulosa qilmagan, albatta.

Bu tariximizda o‘z isbotini ham topgan. Zero, biz asrlar davomida faxrlanib kelayotgan, diyorimiz dovrug‘ini dunyoga tanitgan buyuk allomalarimiz, adib va shoirlarimizni dunyoga keltirib, butun borlig‘ini fido qilib tarbiyalagan Saroymulkxonim, Gavharshodbegim, Nodirabegim, Uvaysiy kabi oqila, dono onalarimizni bir eslaylik. Ayol zoti uchun juda og‘ir bo‘lgan davrlarda ular qilgan ishlarni, shunday katta sharoit va imkoniyatlar zamonida yashab biz qila olmaymizmi?..

Prezidentimiz o‘z nutqida ma’naviy tarbiya ishlarini endi mutlaqo yangicha usulda olib borishimiz kerakligini, “Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz”, degan g‘oya asosida bu jarayonni avvalo oiladan, mahalladan boshlashimiz lozimligini ta’kidladi. Bu purma’no fikr ustida chuqurlashadigan bo‘lsak, darhaqiqat, ezgulikni shior qilar ekanmiz, ma’rifatli bo‘lishimiz kerak, ma’rifat yo‘q joyda ezgulik ham bo‘lmaydi, degan xulosaga kelamiz. Demak, bugun oilaga ham, farzand tarbiyasiga ham ma’rifat bilan, aql-idrok bilan yondashish chog‘idir.

Bunday yondashuvni hayotga tatbiq etish xotin-qizlar tashkilotlari, mahalla faollari yoki targ‘ibotchilar, hayot ne’matlaridan bahramand bo‘lib umrguzaronlik qilayotgan, farzand ko‘rib onalik maqomiga, nabira ko‘rib momolik maqomiga musharraf bo‘lgan har bir ayolning qalb ishiga aylanmog‘i lozim.

 

Nazira MATYAQUBOVA,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP guruhi a’zosi,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

«O‘zbekiston ovozi», 13.03.2023, №10

 

 

 

 

 

Teglar

Faxriy Deputat Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish