Bolangiz telefonda nima bilan band?
Bolangiz telefonda nima bilan band?

 

Biz bugun globallashuv zamonida yashamoqdamiz. Internet rivojlanib, axborot almashinuvi rivojlanib bormoqda. Bunday sharoitda yoshlarni ma’naviy barkamol etib tarbiyalash, ularni turli zararli oqimlar va yot g‘oyalar ta’siridan asrash eng dolzarb masalalardan biri sanaladi.

Afsuski, aksariyat ota-onalar farzandi “virtual olam”da nimalar bilan band ekanidan mutlaqo bexabar. Gohida farzandim ancha ulg‘ayib qoldi, endi biror mashg‘ulot bilan band bo‘lsin, ishimizga xalaqit bermasin, deya bolasini global tarmoq bilan yolg‘iz qoldirib, o‘zlari ularni “rag‘batlantirmoqda”. Bunday holatlar bora-bora bolada ota-onaning gapiga quloq solmaslik, ulardan uzoqlashish, qaysarlik, dangasalik, yolg‘onchilik kabi illatlarni avj oldiradi.

Hozir deyarli barcha o‘smirlarning qo‘lida uyali telefon, planshet bor. Bu esa ularning erkinligini, o‘zboshimchalikka moyilligini oshiradi. Chunki telefonni doimiy nazorat qilish qiyin.

Har bir bola alohida individ, demak, unga alohida e’tibor va yondashuv zarur. Hozir aksariyat 13-16 yoshdagi o‘smirlar internetda faol. Ular uchun internet muhim axborot manbasi, faol muloqot vositasi, vaqtichog‘lik qilish imkonidir. Bu yoshni ekspertlar ayni “axborotga tashnalik davri” deb ataydi. Boisi, o‘smir o‘g‘il-qizlar barcha narsalar haqida, ayniqsa, taqiqlangan “bilim”lar to‘g‘risida ko‘proq bilishni istaydi. Uni o‘qituvchisidan so‘rolmasa, ota-onasiga og‘iz ham ocholmasa, yoshi kattalardan uyalsa, kim yordam beradi? Internet, albatta.

Vaholanki, keyingi paytlarda mutaxassislar jahon “o‘rgimchak to‘ri”da bolalar duch keladigan va ularning ruhiyatiga salbiy ta’sir etuvchi juda ko‘p tahdidlar borligini bot-bot ta’kidlamoqda. Ulardan eng xavflisi zo‘ravonlik, hayosizlik, yovuzlik, axloqsizlik, giyohvand moddalar, diskriminatsiya, neofashizm kabi g‘ayriinsoniy, tarbiyasizlikni targ‘ib qiluvchi sayt va materiallar bo‘lib, afsuski, ularga kirish ham oson.

Ulardagi axborotlar bola ongini zaharlashi aniq. Shuningdek, notanish kishilar bilan elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlar va turli shubhali forumlar vositasida muloqot qilish, xat-xabar yozishish ham xavfli sanaladi.

Bilasiz, o‘smirlik davrida bolalar juda ta’sirchan, jahldor, tez xafa bo‘lib qoladigan odat chiqaradi. Bunday paytda ular o‘z hissiyotini jilovlay olmaydi. Do‘stlari, yaqinlari bilan mavjud muammolari xususida suhbatlashib, taskin topishni istaydi. Shunday pallada ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlardagi “beminnat” muloqotlar qiziydi.

Tabiiyki, onlayn muloqot jonli muloqotdan farq qiladi. Bu borada o‘zgacha xulq-atvor me’yorlari va mezonlari mavjud. Forum va chatlardagi muloqotda anonimlik, ya’ni noma’lumlik holati foydalanuvchilarga real hayotda aytolmaydigan gaplarni virtual hayotda aytish imkonini beradi. Bola tarbiyasida, avvalo, ana shu muloqot va tanishuvlarni nazoratga olish lozim. Chunki bolalarning internetda aldov qurboniga aylanishiga aynan shu omillar sabab bo‘lmoqda.

Shu ma’noda, ota-onalar ijtimoiy tarmoqda “kutilmagan” tanishuvlardan ehtiyot bo‘lishi, beozor ko‘ringan kimsalar, aslida, “yovuz kuchlar” ekanini bolasiga albatta tushuntirishlari kerak.

Axborot xavfsizligi bo‘yicha ekspertlarning ta’kidlashicha, o‘smirlar va yoshlar haqidagi eng muhim ma’lumotlar aynan ular foydalanayotgan ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalardan olinadi. Ayniqsa, yosh foydalanuvchilar o‘zi to‘g‘risidagi shaxsiy ma’lumotlarni, ya’ni tug‘ilgan kuni, ismi, telefon raqami, yashash manzili, qaysi joylarda bo‘lishi, ijtimoiy ahvoli, nimani yaxshi ko‘rishi, kayfiyati, xarakteri haqida ijtimoiy tarmoqda yozishni xush ko‘radi. Lekin bugun bolalar va o‘smirlarning internet tarmog‘idan foydalanish vaqtini nazorat qiluvchi aniq me’yor ishlab chiqilmagan.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Xo‘sh, bugun ota-onalar bolalariga internetni cheklash kerakmi yoki undan samarali foydalanishni o‘rgatishlari zarurmi?

Aytish joizki, internetni voyaga yetmagan yoshlarga cheklash kerak, deganlar tarmoqning axloq va salomatlikka salbiy ta’sir etishiga e’tibor beradi. Ya’ni bola virtual muloqotlarga o‘rganib, real hayotdan uziladi. Tushkun holatda atrofdagilardan emas, virtual olamdagi noma’lum kimsalardan najot izlaydi. Bir guruh olimlar esa bolalarning internetni bilishini ma’qullaydi. Chunki undan to‘g‘ri va me’yorida foydalanilsa, xorijiy tillar, matematika, hisob-kitobni oson o‘zlashtirish mumkin.

Bundan xulosa shuki, hamma gap internetdan qanday maqsadda foydalanishda ekan. Bu maqsadni odatda ota-onalar belgilaydi. Ushbu jarayonda kattalar bolalarga badjahl qorovul va taqiqlovchi zolim emas, balki mehribon do‘st va bilimdon muallim kabi bo‘lishi lozim. Bunda ota-onaga nazorat dasturlari qo‘l keladi. Ya’ni kompyuter yoki mobil qurilmalarga yuklab olingan filtrlovchi dasturlar orqali bola tez-tez “mehmon” bo‘layotgan saytlarni, suhbatdoshlarni nazorat qilish mumkin. Bu dasturlar ota-onaga istalgan vaqtda bolasi telefonda nimalar qilayotganini kuzatish imkonini beradi.

Albatta, bu ota-onalar o‘z yumushlari bilan band bo‘lib bolaga faqat taqiq va ta’qib qilish orqali emas, balki farzandi bilan tez-tez ochiq va samimiy muloqot qilishi, dildan suhbatlashib turishi kerak. Toki, bola tarmoqdagi hayot tarzini oila a’zolaridan sir tutmasin, oilasidan topmagan mehrini virtual dunyodan izlamasin.

 

Dilbar MAMAJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish