Jahon banki kambag‘allik darajasini qanday hisoblaydi?
Jahon banki kambag‘allik darajasini qanday hisoblaydi?

 

Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, 736 million kishi o‘ta kambag‘allik sharoitida kun kechirmoqda. 

Quyida Jahon banki turli mamlakatlardagi kambag‘allik darajasini qanday o‘lchashi haqida ma'lumot beriladi.

 

Kambag‘allik chegarasi nima?

BMT kambag‘allik chegarasini asosiy tovar va xizmatlar (oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, turar-joy haqini to‘lash, suv bilan ta'minlash, elektr energiyasi, maktab ta'limi, tibbiy xizmat) uchun zarur bo‘lgan daromadlar sifatida belgilaydi. Kambag‘allik darajasi nisbiy tushuncha sanaladi va muayyan mamlakatdagi umumiy farovonlik darajasiga bog‘liq. Kambag‘allik mutlaq va nisbiy kabi turlarga bo‘linadi. Mutlaq kambag‘allikda kun kechiruvchi odamlar biologik tirik qolishni ta'minlaydigan minimal ehtiyojlarnigina qondirishlari mumkin.

Hukumat mahalliy organlari aholining kam ta'minlangan qatlamlarini aniqlash, ijtimoiy himoya sohasidagi vazifalarni aniqlash maqsadida kambag‘allik chegarasini belgilaydi. Bunda turli mezonlardan foydalaniladi, boy mamlakatlarda qashshoqlik chegarasi, kambag‘al mamlakatlarga qaraganda yuqoriroq.

 

Jahon banki metodikasi

1990 yilda Jahon banki ekspertlari kambag‘al davlatlarda qo‘llanadigan standartlardan foydalanib, dunyodagi kambag‘al aholi sonini o‘lchashni taklif qilishgandi. 15ta davlatdagi kambag‘allikning milliy darajasini o‘rganib, xarid qobiliyati asosida valuta kurslarini qo‘llagan holda (xarid qobiliyati; butun dunyodagi ana shu narxlar asosida hisoblanadi) qayta hisoblashdi. Tovar va xizmatlar to‘plami narxini barcha mamlakatlarda to‘g‘ri taqqoslash uchun ana shunday qilingan.

Natijada ekspertlar o‘rganilayotgan qashshoq mamlakatlarning oltitasida kambag‘allik darajasi kuniga bir kishi uchun 1 dollarga yaqin ko‘rsatkichni tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkich ilk xalqaro qashshoqlik chegarasi sifatida qabul qilinadi.

Dunyo mamlakatlaridagi hayot qiymatidagi tafovutlar ortib borgani sababli Jahon banki global kambag‘allik ko‘rsatkichini vaqti-vaqti bilan qayta ko‘rib chiqish zaruriyatiga duch keldi. 2005 yilda bank dunyoning eng qashshoq mamlakatlarida qabul qilingan  kambag‘allik darajasi asosida ana shu ko‘rsatkichni qayta hisobladi. Natijada global qashshoqlik chegarasi 1,25 dollargacha ko‘tarildi. 2015 yilda chegara qayta ko‘rib chiqildi va 1,9 dollargacha ortdi.

Bundan tashqari, Jahon bankida o‘rtadan past, o‘rta va yuqori– 3,2 dollar, 5,5 dollar va 21,7 dollar daromadlarga ega mamlakatlar uchun kambag‘allikning yuqori darajalari qabul qilingan. Bank mutaxassislari bu ko‘rsatkichlar pul mezonlariga asoslangani va ular ta'lim olish, sog‘liqni saqlash xizmatlari va suv hamda elektr energiyasi bilan ta'minlanganlik kabi jihatlarni hisobga olmasligini ta'kidlashadi.

 

Jahon banki ma'ruzalari

1990 yildan boshshab har yili Jahon bankining «Kambag‘allik va yalpi farovonlik» ma'ruzalari e'lon qilinadi. So‘nggi ma'ruza 2018 yilning oktabr oyida chiqarilgan. Undagi asosiy ko‘rsatkich qashshoqlikning xalqaro chegarasi bir kishi uchun kuniga 1,9 dollar miqdorida ekanidir. Biroq qashshoqlik bo‘yicha yangi ta'rif va o‘lchamlar kiritilmoqda. Jumladan, ijtimoiy kambag‘allik. Bu ko‘rsatkich mutlaq va nisbiy kambag‘allik konsepsiyasini birlashtiradi.

Bundan tashqari, kambag‘allik daromadlar darajasi bo‘yicha kommunal xizmatlar (suv, elektr energiyasi), sog‘liqni saqlash yoki ta'lim olish imkoniyatini aks ettirmagani uchun ko‘p o‘lchamli kambag‘allik ko‘rsatkichi kiritildi. Ana shu tushunchaga mos ravishda global darajadagi kambag‘allar ulushi monetar kambag‘allik bilan taqqoslaganda taxminan 50 foizga yuqoriroq.

Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, 736 million kishi (aholining 10 foizi) o‘ta qashshoqlik sharoitida (kuniga 1,9 dollardan kam kirimga ega), dunyo aholisining deyarli yarmi – 3,4 mlrd kishi – kuniga 5,5 dollardan kam tushumga ega. Qashshoqlik darajasi eng yuqori qit'a Afrika, sayyoradagi eng qashshoq mamlakatlar – Kongo demokratik respublikasi (o‘ta qashshoqlik darajasi – 77,1 foiz) va Madagaskar (77,6 foiz).

 

O‘zbekistonga tegishli ko‘rsatkichlar

O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Jahon banki va BMT Taraqqiyot dasturi bilan birgalikda dastur ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Uni amalga oshirish uchun 700 million dollar mablag‘ yo‘naltiriladi.

27 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondagi kambag‘allik darajasiga oid statistika keltirildi.

«Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 12-15 foiz yoki 4-5 million aholimiz kambag‘al. Bu ularning bir kunlik daromadi 10-13 ming so‘mdan oshmayapti, degani. Yoki bir oilada mashina ham, chorva ham bo‘lishi mumkin, lekin bir kishi og‘ir kasal bo‘lsa, oila daromadining kamida 70 foizi uni davolatishga ketadi. Xo‘sh bunday oilani o‘ziga to‘q deyish mumkinmi? Prezident sifatida meni odamlarimizning ovqatlanishi, davolanishi, bolalarini o‘qitishi, kiyintirishi kabi hayotiy ehtiyojlari nima bo‘layapti, degan savol har kuni qiynaydi», – degandi Shavkat Mirziyoyev. 

 

www.kun.uz 

← Roʻyxatga qaytish