Jizzax yangi imkoniyatlarga to‘la diyor
Jizzax yangi imkoniyatlarga to‘la diyor

 

 

Muhtaram Prezidentimiz 8-9 aprel kunlari Jizzax viloyatida bo‘ldi. Tashrif davomida sanoatning yuqori texnologik tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan loyihalar, mahallalarda aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Yangi korxonalar qurilishiga start berish, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari belgilab berildi. Bugun butun jizzaxliklar shu haqida faxr bilan gapiryapti. Bu galgi tashrif sermahsulligi bilan, viloyat ahlini quvontirgani ta’kidlanmoqda. Tashrif davomida ro‘y bergan voqealar, bildirilgan fikrlar viloyat ahlining kayfiyatini yanada ko‘tarib, katta maqsadlar sari ruhlantirgani sir emas. Shuni ta’kidlashim kerakki, tashrif davomida, uchrashuvlarda aytilgan har bir fikr, berilgan topshiriq va tavsiyalar zamirida inson manfaati, inson qadri ustuvorligi, turmush sharoitini yaxshilash, farovonlikni yanada oshirish maqsadlari mujassam bo‘ldi. Odamlardan istaklari, ishni rivojlantirish uchun zarur masala va takliflar haqida so‘raldi.

Davlatimiz rahbari Sharof Rashidov tumanida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivini borib ko‘rdi, u yerdagi tashkil etilayotgan ishlar bilan tanishdi. Viloyatda ilgari hech bunday keng ko‘lamli qurilishlar bo‘lmagan edi. So‘nggi yillarda o‘nlab zavodlar ishga tushirildi, yangi sanoat tarmoqlari paydo bo‘ldi. Shunga yarasha ijtimoiy infratuzilma ham barpo etilmoqda. Oldin Sharof Rashidov tumanining bu hududi adir yonbag‘ri, undan deyarli foydalanilmas edi. Hozir 140 gektarli ulkan maydonda jadal qurilish ketmoqda. Loyiha uch bosqichli bo‘lib, 3 ming 936 xonadonli 105 ta ko‘p qavatli uy barpo etilishi rejalashtirilgan. Uylar 9, 12 va 16 qavatli bo‘lib, bu ham Jizzax sharoitida yangilikdir. Davlatimiz rahbari bu yil rejalashtirilganiga qo‘shimcha uylar qurib, imtiyozli ipoteka kreditlari orqali aholiga xarid imkoniyatini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shunga mutanosib ravishda infratuzilma tarmoqlari, maktab, bolalar bog‘chasi kabi ijtimoiy muassasalar qurilishini jadallashtirish, savdo va xizmatlarni, jumladan, yo‘l bo‘yida umumiy ovqatlanish shaxobchalarini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

Tashrif davomida Prezidentimiz Sharof Rashidov tumanidagi Tuyoqli mahallasida bo‘lib, aholi turmush sharoiti va daromadlari bilan qiziqdi.

Mahallalardagi imkoniyatlarni ishga solib, aholi bandligini ta’minlash bugun davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bunda eng qulay va hammabop imkoniyatlardan biri tomorqadan foydalanishdir. Bunday omilkorlikni Tuyoqli mahallasida ham ko‘rish mumkin. 678 ta xonadonning deyarli hammasida tomorqa bor. Ularning jami maydoni 36 gektar. Mevali daraxtlar, tok va sabzavotlar yaxshi hosil beradi. 314 ta xonadondagi issiqxonalarda poliz ekinlari va gul ko‘chatlari yetishtirilmoqda.

Davlatimiz rahbari shu yerlik Abdumo‘min Karimov xonadonini kirib ko‘rdi. Uyning tomorqasi 12 sotix, shundan 7 sotixida issiqxona barpo etilgan. Bundan tashqari, chorva, tovuq, asalari boqiladi. Xonadon egasi ro‘zg‘orbop ekinlar yetishtirib, yiliga 200 million so‘mdan ziyod daromad olayotganini so‘zlab berdi.

O‘rtacha mahalladagi shu oddiy xonadon misolida ko‘rayapmizki, oilaning o‘zida harakat bo‘lsa, yaxshi daromad topsa bo‘ladi. Aholi ixtiyorida tomorqalar, undan foydalanaman degan insonlar ham ko‘p. Faqat ularga yordam berish kerak. Masalan, mahalliy korxonalarni jalb etib, issiqxona qurilmalari, voish, asalari uyasi, ko‘chat, urug‘lik va ozuqalarni yaxlit to‘plam qilib, arzon narxda yetkazib berish zarur - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Biz uchun eng quvonarli jihati shundaki, O‘zbekiston Prezidenti Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida sanoat va energetika loyihalarining boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etganidir.

Ma’lumki, sanoat rivoji barqaror energetikaga bog‘liq. Shu bois bu ikki soha mutanosib rivojlantirilmoqda. Birgina 2023 yilda mamlakatimizda 4 ming 600 ta sanoat korxonalari ishga tushirildi. Sanoat 6 foizga o‘sib, 656 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi.

Umumiy quvvati 2,4 gigavatt bo‘lgan 7 ta yirik issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalari tarmoqqa ulandi. Bundan tashqari, 14 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar hisobiga 12 gigavattli 31 ta elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Bu yil Navoiy, Buxoro, Namangan, Toshkent va Qashqadaryoda 2,6 gigavatt quvvatlar tarmoqqa ulanadi. Umuman olganda, muqobil energetikani rivojlantirish hisobiga joriy yilda “yashil” energiyaning generatsiyadagi ulushi 30 foizga yetadi.

Eng muhimi, berilgan ko‘rsatma va takliflar yaqin kelajakda yirik korxonalar faoliyati samaradorligi yanada oshishi, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilishi, ishchilar daromadlari sezilarli o‘sishiga xizmat qilishini anglatadi. Azmi qat’iy, shijoatli Jizzaxliklar tavsiya va takliflarni dasturilamal qilib, tashabbuskorlikni qo‘lga olgan holda ulug‘vor maqsadlar yo‘lida yanada dadillanib, kuch-quvvat olishdi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Viloyatimiz keyingi yillarda ancha taraqqiy topdi, o‘sdi, yuksaldi. Muhimi viloyatimiz, yil sayin emas, oy sayin, kun sayin, soat sayin o‘zgarayotganidan ko‘nglimda zavq, quvonch, iftixor tuyg‘ularining chek-chegarasi yo‘q. Tashrif davomida, o‘tkazilgan uchrashuvlarda bildirilgan fikrlar, Jizzaxni yanada rivojlantirish yo‘lidagi, tashabbuslar, odamlarimiz farovonligi va daromadini oshirishga qaratilayotgan ulkan rejalar, albatta quvontirishi tabiiy-da. Bu galgi tashrifning yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, u shunday muborak oylarda tashkil etilganligi bo‘ldi.

 

O‘rol O‘razboyev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish