Har kunning hisobi bor
Har kunning hisobi bor

 

Qayerda amaliy ish bo‘lsa, o‘sha joyda rivojlanish ham bo‘ladi. Xalq deputatlari Buxoro shahri Kengashi deputati, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Buxoro shahar kengashi raisi Robiya Kazimovaning bir kunlik ish faoliyatiga nazar tashlash asnosida bunga amin bo‘ldik. Shahar Kengashi binosiga kirib borganimizda, opa fuqarolar murojaatini tinglash bilan band edi.

– Buxoro shahri aholisi ko‘p hududlardan, – deydi biz bilan suhbatda Robiya Kazimova. – Aholining asosiy qismi ish bilan band. Oilalardagi ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy muhit, aholining turmush farovonligi, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlari murojaatlarda yaqqol ko‘rinib turadi. Ularni chuqur o‘rganib, imkon qadar hal etishga harakat qilyapmiz. Masalan, Ramilya Hisamiddinova bemor farzandi bilan qiynalib qolganini bildirib, yordam so‘rab, murojaat qildi. Turmush o‘rtog‘i ham ishsizlar ro‘yxatida turar ekan. Ularning turmushi ancha qiyin kechayotganini aniqladim. Farzandiga dori-darmon olishi uchun moddiy yordam berdik. Bunda mahalla boshqaruvi bizga ko‘makchi bo‘ldi...

Deputat opa bizni o‘z saylov okrugi hududidagi «Sitorai Mohi-xossa» mahalla fuqarolar yig‘iniga boshlab bordi. «Bugun sayyor qabulim. Fuqarolar kutib turishibdi. Marhamat, sizlar ham ishtirok etinglar», deya yo‘l boshladi.

Mahallaga kirib borganimizda, 50 nafardan ziyod aholi vakili opani kutib turganiga guvoh bo‘ldik. Kun yomg‘irli bo‘lsa-da, barchaning kayfiyati yaxshi.

Qabulga «Ayollar daftari»ga kirgan xotin-qizlar, faol otaxonu onaxonlar o‘z takliflari bilan kelishibdi.

— Mahallamizda sportga qiziquvchi iste’dodli yoshlar ko‘p, — deydi mahallada yashovchi Nazokat Inoyatova. — Ular uchun sport maydonchasi juda zarur.

— «Shifokor» ko‘chasidagi yo‘lni ta’mirlash kerak, — deydi mahalla faoli Muborak Hamroyeva. — Yaqinda kanalizatsiya qurish uchun yo‘lni kovlab abgor qilishgandi. Ammo ta’mirlash hech kimning xayoliga kelmayapti. yo‘l tuproq va o‘ydim-chuqurligicha qolib ketdi. Shu masalani hal qilishda yordamingiz kerak.

— Maxtumquli ko‘chasidagi 1-muyulishdan orqa ko‘chaga yo‘l ochish muammosi bizni qiynayapti, — dedi keksa otaxon Islom Muqimov. — O‘nga yaqin xonadon ahli bir darvozadan kirib-chiqyapti. Hovli yonidan yo‘l ochishga ruxsat berishsa, orqa ko‘chaga birovning hovlisi orqali o‘tayotgan odamlar noqulaylik va hijolatdan qutular edi. Aslini olsak, ko‘pgina janjalu mojarolar ham shuning orqasidan kelib chiqyapti. Yechim esa shu muyulishdan orqa ko‘chaga yangi yo‘l ochishga borib taqaladi.

— «Mohi-xossa» chorrahasiga svetofor o‘rnatish kerak, — dedi otaxonlardan biri Samad Nizomov. — Maktabimiz biroz uzoqda joylashgan. Shuning uchun mahallamiz bolalari katta va serqatnov yo‘lni kesib, xavfli chorrahadan o‘tib ketishadi. Ular o‘tadigan chorrahada na svetofor bor, na bir yo‘l harakati xavfsizligi xodimi. Ko‘pincha biz, kattalar ertalab ularni yo‘ldan o‘tkazib qo‘yamiz, ammo kelishda o‘zlari qaytishadi. Nevaralar maktabdan kelguncha ko‘nglimiz xavotirga to‘lib o‘tiramiz. Bir chora topib bering, opa. Yana bir muammo, hududimizda maktab va bog‘cha yo‘qligi ham bizni qiynaydi. Mahalla hududida joylashgan silga qarshi bolalar sanatoriysini boshqa joyga ko‘chirish imkoni bo‘lsaydi, maktab ham, bog‘cha ham shu binoda bo‘lar edi.

— Yana bir masala bor, — dedi mahalla faoli Hamida opa Qudratova. — Mahalladagi may va sharob do‘koni tikuvchilik atelyesi va pishiriqlar do‘koni bilan yonma-yon joylashgan. Do‘konga erkaklar ko‘p kirib-chiqqani bois sex ayollari ishga borishda noqulaylik his etishyapti. Shu do‘konni boshqa joyga ko‘chirish imkoni bo‘lganida edi...

Ikkinchi guruh nogironi Viloyat Jalilova esa tibbiy muolajaga muhtojligi, dori-darmon olishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.

Xullas, qabulga kelgan har bir fuqaro o‘zi va mahalladoshlari dardi-tashvishi, orzu-niyatini izhor etishga oshiqdi. Robiya opa murojaatlarni qog‘ozga tushirib, rejalarni belgilab oldi. Qaysi masala yuzasidan qaysi mutasaddi bilan muloqotda bo‘lish zarurligini o‘zi uchun qayd etib, aholi vakillari ko‘nglida umid chirog‘ini yoqdi.

Shundan so‘ng, deputat opa va hududdagi 26-umumta’lim maktabi jamoasi o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda ta’lim tizimi oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalar, ta’lim-tarbiya jarayonini samarali yo‘lga qo‘yish va yosh avlod ma’naviy kamolotiga erishish, o‘quvchilarning sog‘lom ovqatlanishi, o‘quv muassasasi yonida savdo do‘konlarini nazoratga olish va ularda sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatiga e’tibor qaratish xususida so‘z bordi. Opa shu yerning o‘zida mutasaddilar bilan bog‘lanib, qator masalalarga yechim topib berdi.

Keyingi manzil hududdagi 10-son oilaviy poliklinika bo‘ldi. Bu yerda opaning shaxsiy tashabbusi bilan bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi. «Sog‘lom ona – sog‘lom oila» loyihasi doirasida o‘tgan tibbiy ko‘rikka «Ayollar daftari» ro‘yxatidagi tibbiy muolajaga muhtoj xotin-qizlar jalb qilindi.

Tibbiy ko‘rikdan so‘ng Robiya Kazimova ishtirokida poliklinikada boshlang‘ich partiya tashkiloti tuzilib, 70 nafar tibbiyot xodimlari partiya safiga qabul qilindi.

Shu kuni hududdagi 62-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti ham opaning nazaridan chetda qolmadi. Bu yerda aholi murojaati va opaning sa’y-harakatlari bilan boshlangan ta’mirlash jarayoni ko‘zdan kechirildi. Muassasaning oshxona va oziq-ovqat mahsulotlari saqlanish holati o‘rganildi. Zarur tavsiyalar berildi.

Shundan so‘ng opaning Muxtor Ashrafiy, «Havzi Nav» mahalla fuqarolar yig‘inlari bo‘ylab xonadonma-xonadon o‘rganish va muloqotlari boshlandi. Aholi bilan diydorlashuv, hol so‘rash, muammolarni tinglash kun oxirigacha davom etdi.

Nuroniy onaxonlar – Nodira va Qodira buvilarning holidan xabar olindi, hududdagi 7-son oilaviy poliklinikada keksalar uchun lor mutaxassisi tekshiruvi tashkil etishga kelishib olindi, imkoniyati cheklangan o‘smir yigit Sanjar Salomovga nogironlik aravachasi yetkazib berildi.

Odam odam bilan. Opaning o‘zi ham bu ishlardan zavq-shavq olib, kuch-g‘ayratga to‘lganini his qildik. Xalqning duosini olishdan ulug‘roq saodat bormi, axir?!

— Hayot bir tekisda ketmas ekan, — deydi Buxoro shahri, Jomiy ko‘chasi, 40-xonadonda yashovchi onaxon Muyassar Aslonova. — Nevaram Muhammadjonning burnini zudlik bilan operatsiya qildirish zarur bo‘lib qoldi. Shifokorlar Toshkentga yo‘llanma berishdi. Moddiy jihatdan qiynalib turganimiz uchun poytaxtga olib borolmadik. Muammolar girdobida qolib yurgan kezlarimda deputatlarning sayyor qabuli o‘tkazildi. Robiya opa Kazimovadan yordam so‘radim. U kishining tavsiyasi bilan viloyat bolalar shifoxonasida nevaramni operatsiya qilishdi. Bepul tibbiy muolajalar o‘tkazildi. Deputat va shifokorlarimizga ming rahmat! Bugun nevaram o‘ynab-kulib yuribdi.

— Buxoro shahrida istiqomat qilaman, — deydi keksa onaxon Hikmatoy Boltayeva. — Partiya tavsiyasi asosida asab kasalliklari klinikasida davolandim. Umrlaridan baraka topishsin, menga o‘xshagan ko‘plab qariyalar kelib, shifokorga ko‘rinib, bepul davolanishyapti. Opaga gap yo‘q. Hammamiz xursandmiz!

— Ortimga tikilib tekis yo‘lni emas, mashaqqat va sabr pillapoyalarini ilg‘ayman, — deydi Robiya opa. — Mendan ko‘pincha «Opa, siz hamma ishga ulgurasiz, yoshlardan ham shijoatlisiz, sizda vaqtning o‘lchovi bormi, o‘zi», deb so‘rashadi. Menda vaqtning o‘lchovi yo‘q, ammo har bir kunimning hisobi bor.

 

Shahlo Baqoyeva,

O‘zbekiston XDP Buxoro viloyat kengashi xodimi.

«O‘zbekiston ovozi», 10.04.2023, №15

 

 

 

 

 

Teglar

Faxriy Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish